16-sentyabr sanasi xalqaro miqyosda Ozon qatlamini himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana BMT tomonidan 1994-yilda joriy etilgan bo‘lib, insoniyatning tabiat oldidagi katta mas’uliyatini eslatib turadi.
Ilmiy kashfiyotdan butunjahon harakatiga
Ozon qatlami – Yer atmosferasining yuqori qatlamlarida joylashgan ko‘zga ko‘rinmas, ammo juda ham muhim «himoya qalqoni» hisoblanadi. U insonlar va barcha tirik mavjudotlarni ultrabinafsha nurlarining zararli ta’siridan saqlaydi. Agar bu tabiiy qalqon bo‘lmaganida, teri saratoni va ko‘z kasalliklari keskin ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi hamda butun ekotizimlarning izdan chiqishi aniq edi.
1980-yillarda olimlar ozon qatlamining turli kimyoviy moddalar ta’sirida zaiflashib, yo‘qolib borayotganini isbotlab berdi. Bu holat insoniyat tarixida birinchi marta global ekologik hamkorlik va birdamlikka yo‘l ochdi.
1985-yilda 28 mamlakat Vena konvensiyasini imzolab, ozon qatlamini asrash yo‘lida kelishuvga erishdi. Oradan ikki yil o‘tib esa Monreal protokoli qabul qilindi. U insoniyat tarixidagi eng samarali va muvaffaqiyatli xalqaro kelishuv sifatida tilga olinadi. Protokolda sovutgich va konditsionerlarda, turli aerozollarda qo‘llanadigan xlorftoruglerodlar (CFC) hamda shunga o‘xshash moddalarni bosqichma-bosqich yo‘qotish majburiyati belgilangan edi.
Monreal protokoli – katta yutuq
Ushbu xalqaro shartnoma orqali yuzdan ortiq kimyoviy moddalar nazorat ostiga olindi. Ular ozon qatlamini yemiruvchi salohiyatiga qarab bosqichlar bilan taqiqlandi. Bugungi kunga kelib, ko‘pgina moddalar belgilangan muddatdan ham avval yo‘qotildi. Bu jarayon rivojlangan hamda rivojlanayotgan davlatlarda birdek muvaffaqiyat bilan amalga oshirildi.
Yangi bosqich – Kigali o‘zgartirishlari
2016-yilda Ruanda poytaxti Kigalida protokolga yangi o‘zgarish kiritildi. Bu safar gap ozon qatlamini to‘g‘ridan to‘g‘ri yemirmaydigan, ammo iqlim o‘zgarishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan gidroftoruglerodlar (HFC) haqida bordi. Ular ham bosqichma-bosqich qisqartirilishiga kelishib olindi.
Olimlar fikricha, belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilinsa, 2050-yillarga kelib ozon qatlami to‘liq tiklanishi mumkin. Bu esa insoniyatning birdamlik bilan tabiat yo‘lida harakat qilsa, ulkan natijalarga erishishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Biz nima qila olamiz?
Eski sovutgich va konditsionerlarni qoidalarga muvofiq yo‘qotish, tabiatga zararsiz mahsulotlardan foydalanish, ekologik odatlarni kundalik hayot tarziga aylantirish – har bir insonning zimmasidagi vazifa bo‘lishi shart.
Ozon qatlami ko‘zimizga ko‘rinmasa-da, hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatga ega. Uni muhofaza qilish – faqat olimlar yoki davlatlar emas, balki har bir insonning shaxsiy mas’uliyati hisoblanadi.
Insoniyatning bu yo‘ldagi tajribasi bizga bir narsani anglatadi: tabiatni asrashni kechiktirishga hech kimning haqqi yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!