date

Toshkent aeroportida yangilangan zal ochildi

Toshkent aeroportida yangilangan zal ochildi
Toshkent xalqaro aeroportida bir nechta ob’ektlarning rekonstruksiyasi yakunlandi. Jumladan, keluvchilar zali, terrasa va uchib ketish terminalidagi VIP-zal yangilandi.

Binoning fasadi oldinga surilib, 2,2 ming kvadrat metr maydon qo‘shildi. Endi kutuvchilar zali umumiy maydoni qariyb 5 ming kvadrat metrni tashkil etadi, o‘rindiqlar soni esa 200 taga yetkazildi.

Tez orada bu yerda qahvaxonalar, barlar, muzqaymoq do‘konlari, savdo shoxobchalari va gul do‘koni ochiladi. Aeroportda yangi kelish yo‘lagi qurildi.

Eski yo‘lak endilikda faqat turistik avtobuslar va rasmiy taksilar uchun mo‘ljallangan. Hozirda ikki nafar operator faoliyat yuritmoqda, yaqin orada yana to‘rtta operator ish boshlaydi.

Ikkinchi yo‘lakda kutuvchilar avtomobillari va taksi agregatorlari to‘xtashi mumkin, biroq 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Vaqtga rioya qilinishini Ichki ishlar vazirligi tizimiga ulangan kameralar kuzatib boradi va qoidabuzarlarga avtomatik jarima yoziladi.

Keluvchilar zonasidagi avtoturargoh ham kengaytirildi — endi u 347 ta avtomobilni sig‘dira oladi. Bu rekonstruksiya jarayonining oraliq bosqichi hisoblanadi.

Kelajakda keluvchilar va uchuvchilar zallari birlashtirilib, 16 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega yagona terminalga aylantiriladi. Aeroportning o‘tkazuvchanlik quvvati soatiga 2,4 ming yo‘lovchiga yetkaziladi.

Uchib ketish terminalining ikkinchi qavatida 2,2 ming kvadrat metr maydonga ega terrasa ochildi. U soyabonlar, skameykalar va mikroiqlim tizimi bilan jihozlangan.

Yaqin orada bu yerda bir nechta kafe ishga tushadi. Shuningdek, VIP uchib ketish zalini yangilash ham yakunlandi.

Avvalgi 1,1 ming kvadrat metr maydonga yana 300 kvadrat metr qo‘shilib, zal kengaytirildi va dam olish joylari soni oshirildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Toshkent aeroportida yangilangan zal ochildi