
Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasida sodir bo‘lgan fojiali voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Xususan, 10 yoshli Tojikiston fuqarosining o‘limi bilan bog‘liq holat sabab Rossiyaning Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Semyon Grigorevga norozilik notasi yo‘llandi.
Tojikiston TIV rasmiy bayonotiga ko‘ra, ushbu mudhish hodisa 2025 yil 16 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatining Odintsovo shahar okrugiga qarashli Gorki-2 qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Uspenskaya umumta’lim maktabining 4-sinfida tahsil olgan, voyaga yetmagan Tojikiston fuqarosi Qobiljon Aliyev etnik nafrat asosida qilingan hujum qurboniga aylangan. Afsuski, hujum oqibatida bola voqea joyidayoq hayotdan ko‘z yumgan.
Mazkur holat Tojikiston tomonidan keskin qoralandi. Voqeadan so‘ng Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy nota topshirildi. Ushbu nota orqali Rossiya tomonidan jinoyatni zudlik bilan, xolis va har tomonlama o‘rganish, shuningdek, aybdor shaxslarni amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish qat’iy talab qilingan.
Shu bilan birga, Tojikiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayonlarini doimiy nazoratga olgani ma’lum qilindi. Elchixona tomonidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ham rasmiy murojaat yo‘llangan.
Tojikiston TIV marhum bolaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, xorijda bo‘lib turgan Tojikiston fuqarolarining huquqlari, xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash davlat siyosatida ustuvor vazifa ekanini yana bir bor ta’kidladi. Vazirlik Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari ushbu fojiali voqeani to‘liq, shaffof va adolatli tarzda o‘rganishiga umid bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.