date

iPhone 18 Pro old dizayni Dynamic Island’dan voz kechadi

iPhone 18 Pro old dizayni Dynamic Island’dan voz kechadi

The Information nashri taqdim etgan yangi hisobotga ko‘ra, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellari old paneli so‘nggi yillardagi eng katta dizayn o‘zgarishini qabul qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu 2022 yilda Dynamic Island bilan chiqqan iPhone 14 Pro‘dan keyingi ilk jiddiy vizual yangilanish bo‘ladi.

Manbalarning yozishicha, Apple Face ID tizimi va unga bog‘liq sensorlarni to‘liq displey ostiga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Old tomonda esa faqat selfi kamera uchun kichik kesik qoladi. Qizig‘i, bu kamera markazda emas, balki ekranning yuqori chap burchagiga ko‘chirilishi kutilmoqda.

Shu o‘zgarishlar natijasida 2026 yilgi iPhone 18 Pro modellari ekranning yuqori qismida tabletka shaklidagi Dynamic Island’dan butunlay voz kechadi. Biroq umumiy dizayn konsepsiyasi keskin o‘zgarmaydi: korpus shakli va tashqi ko‘rinish jihatdan iPhone 17 Pro‘ga yaqin bo‘lib qolishi aytilmoqda.

Hisobotda kamera bo‘yicha avval tarqalgan ma’lumotlar ham tasdiqlangan. Ya’ni, yangi flagman iPhone’lar o‘zgaruvchan diafragmaga ega kamera bilan jihozlanadi. Bu texnologiya professional fotoapparatlardagidek, matritsaga tushadigan yorug‘lik miqdorini aniq boshqarish imkonini beradi va surat sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, iPhone 18 Pro va 18 Pro Max 2026 yil sentyabr oyida iPhone Fold hamda iPhone Air 2 bilan birga taqdim etiladi. Asosiy iPhone 18 modeli esa boshqacha ssenariy bo‘yicha — 2027 yil boshida iPhone 18e bilan bir vaqtda chiqishi mumkin.

Shuningdek, yaqindagi yirik sizib chiqishlar Apple’ning 30 dan ortiq yangi qurilmalari haqida ma’lumot berdi. Ular orasida AirTag 2, yangi iPad modellari va “aqlli uy” uchun maxsus markaz ham bor bo‘lib, ayrimlari yaqin oylardayoq taqdim etilishi mumkin.

Qisqasi, Apple navbatdagi iPhone’larda nafaqat texnik, balki vizual jihatdan ham yangi davrni boshlashga tayyorlanayotgandek.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » iPhone 18 Pro old dizayni Dynamic Island’dan voz kechadi