
Estoniya va Rossiya o‘rtasidagi chegara hududida navbatdagi keskinlik yuzaga keldi. 17 dekabr kuni ertalab Rossiya Federatsiyasining uch nafar chegara qo‘riqchisi Estoniya sarhadlarini noqonuniy ravishda buzib o‘tgan. Mazkur voqea Estoniya ichki ishlar vaziri Igor Taro tomonidan rasman tasdiqlandi.
20 daqiqalik "mehmonlik": Vasknarvada nima bo‘ldi?
ERR agentligi xabariga ko‘ra, hodisa mamlakat sharqidagi Narva daryosi bo‘yida joylashgan Vasknarva portida sodir bo‘lgan. Rossiya chegarachilari qayiq orqali Estoniya qirg‘og‘iga yetib kelishgan va kemadan tushib, mamlakat ichkarisida taxminan 20 daqiqa davomida sayr qilishgan.
Estoniya politsiyasi va chegara qo‘riqlash kengashi (PPA) voqea videotasvirga olinganini ma’lum qildi. Videoda rossiyalik harbiylarning chegara chizig‘ini ochiqchasiga kesib o‘tgani va keyinroq yana qayiqqa o‘tirib, o‘z hududlariga qaytib ketgani aks etgan.
Igor Taroning ta’kidlashicha, qoidabuzarlar o‘z vaqtida qo‘lga olinmagan. "Biz ularni Rossiya hududining ichkarisigacha ta’qib qilish huquqiga ega emasmiz", — deya izoh berdi vazir.
Diplomatik keskinlik: Tallin tushuntirish talab qilmoqda
Rossiya harbiylarining Estoniya hududiga kirishdan ko‘zlagan maqsadi hozircha noma’lum. Mazkur voqea yuzasidan 18 dekabr kuni ikki mamlakat vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilishi belgilangan. Estoniya tomoni Moskvadan bo‘lib o‘tgan hodisa bo‘yicha rasmiy va asosli tushuntirish kutmoqda.
Bundan tashqari, Estoniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasining muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirishi kutilmoqda.
"Boltiq mudofaa chizig‘i" va Putinning munosabati
Bu hodisa Boltiqbo‘yi davlatlari o‘z xavfsizligini kuchaytirayotgan bir paytda yuz berdi. Dekabr oyi o‘rtalarida Estoniya Rossiya bilan chegaradosh janubi-sharqiy hududlarda ilk temir-beton bunkerlarni o‘rnatishni boshlagan edi. Ushbu obyektlar "Boltiqbo‘yi mudofaa chizig‘i" loyihasining bir qismi hisoblanadi.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor Moskvaning NATO mamlakatlari bilan urushish niyati yo‘qligini, bundan hech qanday geosiyosiy yoki iqtisodiy manfaat ko‘rmasligini aytgan. Ammo u shu oy boshida bergan bayonotida, agar to‘qnashuv sodir bo‘lsa, Rossiya bunga to‘liq tayyor ekanini ham qo‘shimcha qilgan edi.
Hozircha chegaradagi bu voqea tasodifiy adashishmi yoki ataylab uyushtirilgan provokatsiya — buni yaqin soatlardagi diplomatik muzokaralar ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.