date

Oq uyda prezidentlar tarixiga bahsli va siyosiy yondashuv

Oq uyda prezidentlar tarixiga bahsli va siyosiy yondashuv

Oq uy devorlarida AQSH sobiq prezidentlari portretlari ostida yangi ma’lumot taxtalari paydo bo‘ldi. Ularda davlat rahbarlarining faoliyati keskin, siyosiy tusda va bahsli tarzda ifodalangan. Mazkur tashabbus amaldagi prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, AQSH jamiyatida ham, xalqaro maydonda ham katta muhokamalarni keltirib chiqardi.

“Prezidentlarning shon-sharaf xiyoboni” deb nomlangan ushbu ekspozitsiya Oq uyning G‘arbiy qanotini asosiy qarorgoh bilan bog‘laydigan devor bo‘ylab joylashtirilgan. Ilgari bu yerda prezidentlar portretlari an’anaviy tarzda, nisbatan neytral tarixiy ma’lumotlar bilan taqdim etilgan bo‘lsa, endilikda ayrim rahbarlar haqidagi lavhalar yangi, bahsli ta’riflar bilan to‘ldirildi.

Reuters nashrining yozishicha, lavhalarda keltirilgan ma’lumotlar ko‘p hollarda subyektiv baholarga asoslangan. Ayrim tanqidlar esa tarixiy manbalar yoki mustaqil tadqiqotlar bilan to‘liq tasdiqlanmagan. Bu holat tarixchilar va siyosiy tahlilchilar orasida jiddiy savollar uyg‘otmoqda.

Eng katta o‘zgarishlar Barak Obama va Jo Baydenga oid qismlarda kuzatildi. Jo Baydenga bag‘ishlangan lavhada u “Amerika tarixidagi eng yomon prezident” sifatida ta’riflanib, korrupsiya va “aqliy tanazzul”da ayblangan. E’tiborli jihati shundaki, alleyada Baydenning rasmiy portreti yo‘q — uning o‘rniga avtopero surati qo‘yilgan. Bu esa uning prezidentligi davrida farmonlarni imzolash uslubiga nisbatan ramziy tanqid sifatida qabul qilinmoqda.

Barak Obama esa “eng ziddiyatli siyosiy arboblardan biri” deb ta’riflangan. Lavhada uning ichki va tashqi siyosatdagi bir qator qarorlari tanqid ostiga olingan. Shu bilan birga, ekspozitsiyada Hillari Klintonning 2016 yilgi prezidentlik saylovidagi mag‘lubiyati, shuningdek, avvalgi prezidentlarning urushlar va iqtisodiy strategiyalarga oid bahsli qarorlari ham Tramp ma’muriyati qarashlari nuqtayi nazaridan yoritilgan.

Ko‘plab tarixchilar va OAV vakillari bunday yondashuvdan xavotir bildirmoqda. Ular ta’kidlashicha, Oq uy an’anaviy ravishda milliy birlik ramzi hisoblanadi va u yerda prezidentlar, siyosiy qarashlaridan qat’i nazar, davlat institutiga hurmat ruhida taqdim etib kelingan.

Oq uy rasmiylari esa yangi lavhalar “prezidentlar ma’muriyati faoliyatini haqqoniy aks ettiradi”, deya izoh bermoqda. Biroq Reuters qayd etganidek, ekspozitsiyada keltirilgan ayrim bayonotlar hujjatli dalillar bilan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmagan. Shu bois, mazkur ko‘rgazma AQSHda tarix va siyosatni qanday talqin qilish masalasida yangi bahslar ochib bermoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Oq uyda prezidentlar tarixiga bahsli va siyosiy yondashuv