
Google va o‘yin ishlab chiqaruvchi Epic Games Android platformasidagi ishlab chiqaruvchilar uchun komissiya masalasida kelishuvga erishdi. Ushbu qaror sud tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Google standart komissiyani tranzaksiya turiga qarab 20% yoki 9% gacha kamaytirishga tayyor. Biroq, yangilangan yig‘imlar kompaniyaning ichki to‘lov tizimidan foydalanish uchun qo‘shimcha 5% komissiyani o‘z ichiga olmaydi.
"Agar bu tasdiqlansa, sud jarayonlarimizga yakun yasaydi", — deydi Google Android prezidenti Samir Samat. Texnologiya giganti, shuningdek, Android tizimida ishlaydigan smartfonlarga uchinchi tomon do‘konlarini o‘rnatishni osonlashtiradi.
Ushbu tashabbuslar nafaqat AQShda, balki boshqa mamlakatlarda ham qo‘llaniladi. Shu bilan birga, Epic Games Google kompaniyasining o‘z to‘lov tizimidan foydalanishni talab qilishiga qarshi emas, biroq ilovalarda boshqa to‘lov usullari ham bo‘lishi va ular orqali arzonroq narxlar o‘rnatish imkoniyati yaratilishi lozimligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Epic Games 2020-yilda Google’ga qarshi da’vo arizasi bergan edi. O‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniya Google’ni Android platformasida raqobatga zid monopoliyada ayblagan va komissiya siyosatidan norozilik bildirgan.
Google va Epic Games kelishuvga erishdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar