
Xitoyning harbiy qudrati bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar xalqaro maydonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Reuters agentligi Pentagon ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Pekin Xitoy va Mongoliya chegarasiga yaqin hududlarda yuzdan ortiq qit’alararo ballistik raketalarni joylashtirgan.
Vashington tahlillariga ko‘ra, bu jarayon faqat hozirgi holat bilan cheklanib qolmaydi. AQSH tomonining baholashicha, 2030 yilga borib Xitoy ixtiyoridagi yadroviy jangovar kallaklar soni mingtaga yaqinlashishi mumkin. Bu esa global strategik muvozanatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Amerika razvedkasi ma’lumotlarida ta’kidlanishicha, Pekin 2027 yil oxiriga qadar armiyasini Tayvanga nisbatan ehtimoliy harbiy ssenariylarga tayyorlashni rejalashtirgan. Biroq ekspertlar fikricha, Xitoyning asosiy ustuvor yo‘nalishi to‘g‘ridan to‘g‘ri quruqlikdagi bosqin emas, balki uzoq masofadan turib zarba berish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin 1500–2000 dengiz mili masofada joylashgan nishonlarga yuqori aniqlikda zarba berish ssenariylarini ko‘rib chiqmoqda. Bunday imkoniyatlar Xitoyga mintaqada strategik ustunlik berish bilan birga, AQSHning Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi ta’sirini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Reuters tahlilchilarining qayd etishicha, keng ko‘lamli harbiy imkoniyatlarning shakllanishi mintaqaviy barqarorlikni izdan chiqarish xavfini oshiradi. Bu holat nafaqat Osiyo–Tinch okeani hududi, balki butun dunyo xavfsizlik tizimi uchun yangi chaqiriq sifatida baholanmoqda.
Qisqasi, Xitoyning yadroviy va harbiy salohiyatining shiddat bilan o‘sishi global siyosatda kuchlar muvozanatini qayta ko‘rib chiqishni talab qiluvchi omilga aylanib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.