
Madridning "Real" jamoasida to‘p surayotgan braziliyalik hujumchi Vinisius Juniorning klubdagi istiqboli hanuzgacha noaniqligicha qolmoqda. Nufuzli xorijiy manbalarga ko‘ra, 25 yoshli futbolchi «Qirollik klubi» bilan yangi shartnoma imzolash masalasida jiddiy ikkilanishni boshlagan.
Bu holatga asosiy sabab sifatida Vinisiusning muxlislar munosabatini his qilib qolgani aytilmoqda. Xususan, "Sevilya"ga qarshi o‘tgan bahsda «Santyago Bernabeu»da yig‘ilgan ishqibozlar uni almashtirish paytida hushtakbozlik bilan kuzatib qolishgan. Bu esa futbolchining ruhiyatiga jiddiy ta’sir qilgani ta’kidlanmoqda.
Shundan so‘ng Vinisius ijtimoiy tarmoqlarda ham sovuqqon harakat qildi: u «Real» libosidagi suratlarini o‘chirib, faqat uch nuqta bilan cheklandi. Bu esa ko‘plab muxlislar tomonidan klub bilan munosabatlardagi sovuqlik alomati sifatida qabul qilindi.
TEAMtalk nashri ma’lumotlariga qaraganda, futbolchining manfaatlarini himoya qilayotgan agentlar allaqachon unga yangi jamoa variantlarini o‘rganishga kirishgan. Xususan, Angliya Premer-ligasining yetakchi klublari — "Manchester Siti", "Liverpul" va "Chelsi" Vinisius xizmatlariga qiziqish bildirgani aytilmoqda.
O‘z navbatida, «Real» rahbariyati ham vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Manbalarga ko‘ra, agar joriy mavsum yakuniga qadar Vinisius bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, madridliklar uni yozgi transfer oynasida sotib yuborish variantini ham ko‘rib chiqishga tayyor.
Shu tariqa, bir vaqtlar «Real»ning asosiy yulduzlaridan biri sanalgan Vinisius Junior uchun yaqin oylar hal qiluvchi davrga aylanishi mumkin. Muxlislar esa uning klubda qolishi yoki Angliyaga yo‘l olishini katta qiziqish bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.