22:35 / 05.03.2018
12 630

Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 3-qism)

Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 3-qism)
ERTUG‘RUL VA “KRЕSTONOSЕS”LAR
Ertug‘rul tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u o‘z davrining har jihatdan mukammal shaxsi hisoblanganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. U 1150 yillarda avji alp sifatida kuchga to‘lgan, kurashib, savashib to‘ymaydigan yoshga yetgan. Qolaversa, nafaqat Sulaymonshoh yetakchiligidagi “Kayi” qabilasida, balki minglab kilometrlar radiusdagi hududlarda ham Ertug‘rulga yetadigan jangchi yo‘q edi. U qo‘l jangi, qilichbozlik, nayzabozlik, kamondan otish kabi jang san’atlarini mukammal egallagan, bilagidagi kuch ham o‘sha san’atni qoyilmaqom ko‘rinishda namoyish etish uchun yetarli edi.

Ertug‘rulning armiyasi dastlab to‘rt-besh kishidangina iborat bo‘lgan. Buni keyinchalik Konyadagi saljuqiylar sultoni Oloviddin Kayqubod ham hazil aralash ta’kidlab o‘tgandi.

— Ertug‘rul, — degandi sulton barcha vazir-u ulamolar qarshisida. — To‘rt-besh askardan iborat armiyasi bilan sultonlarning butun boshli qo‘shini zabt eta olmagan Qorajaxisar qal’asi, Xonli bozorni egallab, mana, bizga ham qo‘lga kiritilgan oltinlardan ulush keltiribdi!..

Haqiqatan, Ertug‘rul “krestonoses”lar bilan Aleppo yaqinidalik paytidayoq ilk bor to‘qnash kelgandi. Bunga qadar Ertug‘rul jasur, yengilmas, kuchli va mohir alp sifatida dunyoning deyarli yarmiga tanilib ulgurgan. Hatto, keyinchalik Chingizxon avlodlari ham Ertug‘rulni yengish, sindirish, u egalik qilib turgan hududlarni o‘zlashtirish niyatida butun boshli armiya yo‘llashdan tiyilmagan. Bu haqda keyingi qismlarda alohida to‘xtalib o‘tsak bo‘ladi. Gap hozir “krestonoses”lar, o‘sha davr nasroniylari haqida ketarkan, ular musulmonlar joylashgan davlatlarga kirib kelib, butun boshli qal’alar, shaharlarni bosib olishgan, nasroniylar dunyoga yetakchilik qilishini istashgan.

Aleppo yaqinidagi mustahkam qal’ada ham “krestonoses”larning butun boshli qo‘shini jangga shay turar, har kuni alohida otryadlar chiqib ketib qaysidir hududlarni bosib olish, aholini qaqshatish, borini talash bilan shug‘ullanardi. Nasroniylar ritsarlari o‘z maqsadi yo‘lida mahluqdan battar edi. Rahm-shafqat neligini bilishmasdi. Tan olish kerak, “krestonoses”larning ritsarlari jang san’atini mukammal egallashda Ertug‘rul kabilardan sira qolishmasdi. Shu sababli ritsarlar asosan qo‘shinlarga komandir etib tayinlanardi.

Ertug‘rul Aleppo yaqinida dastlab Titus ismli nasroniylar ritsariga ro‘baro‘ bo‘ldi. Titus ozg‘indan kelgan, turk tilini yaxshi o‘zlashtirgan, chayir, uddaburon, qaytmas, sovuqqon, shafqatsiz va o‘ta yoqimsiz xarakterga ega edi.

Ilk to‘qnashuvda Ertug‘rulning o‘ziga nisbatan har jihatdan kuchliligini Titus tan oldi. Shuning uchun unga qarshi ko‘pchilik bo‘lib jang qilish kerak degan to‘xtamga keldi. Shu niyatda ko‘p bor urinib ko‘rdi. Baribir foydasi bo‘lmadi. Har gal Titusning askarlarigina o‘lim topdi. Ertug‘rulni sindira olmadi, qabilasini egallab ola bilmadi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Ertug‘rulning armiyasi asosan to‘rt-besh kishidan iborat edi. Ularning biri Bomsi. Barvasta, bir o‘tirishda bitta qo‘yni paqqos tushirib, kekira-kekira ketaveradigan, o‘ta kuchli emotsiyaga ega yigit. U ikki qo‘lida ikkita qilich tutgan holda jang qilishni xush ko‘rardi. Bu Bomsining jang usuli edi.

Turgut. U ham Bomsi kabi barvasta, jiddiy qiyofali, fe’li juda tor, ammo jasur yigit. Turgut asosan qo‘liga vazni 20 kilocha keladigan bolta tutgan holda dushmanga qarshi kurashardi. Boltani otsa, ellik metr naridagi dushman askarini bexato qulata olardi. Uchinchi alp — Somsa. U past bo‘yli, ammo juda abjir va chayir, qilichbozlikda unga teng keladigani topilmasdi. Do‘g‘an. Bu yigit ham hali sheriklari kabi uylanmagan, ayni kuchga to‘lgan, mohir, uddaburon, kuchli jangchi edi. Uning o‘ziga xos fazilati shunda ediki, Do‘g‘an dushmanga kalla solishni yoqtirardi. Bir marta kalla solsa, tamom, dushman til tortmay o‘lardi.

Xuddi shu besh kishilik armiya bilan Ertug‘rul nasroniy bosqinchilariga qarshi uzoq vaqt kurash olib bordi. Baxtga qarshi ularni to‘liq zabt etishning imkoni topila qolmadi. Shunda u ayyorona usulni qo‘llashga ahd qildi. Ya’ni, nasroniylar joylashib olgan mustahkam qal’aning yashirin yo‘lini topdi. Bu yo‘l orqali nasroniylarga qurol, ot, yemish tashilardi. Yo‘l faqat o‘zlarigagina ma’lum edi. Agar shu yo‘l orqali ichkariga kirib borilsa, nasroniylar otryadlari arosatda qolishi va kutilmagan hujumlar tufayli o‘lim topishi aniq edi. Ertug‘rul so‘nggi jangga qabiladagi bor qo‘shinini jalb etdi va nihoyat ayyorona usul o‘z samarasini berdi. Qal’a egallandi.

“Krestonoses”lar otryadlari o‘lim topdi. Faqat ularning dala komandiri, Ertug‘rulning birinchi raqamli dushmani Titus qochib ketdi. Ertug‘rul baribir ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Bir kunmas bir kun Titus albatta qo‘lga tushishiga ishondi. Chunki Titus shunchaki qo‘rqqanidan qochmagan, balki Eron taraflarga o‘tib yangi qo‘shin to‘plash niyatida yo‘lga chiqqanini, bir kun albatta ortga qaytib Ertug‘rul armiyasiga hujum yo‘llash niyati borligini bilardi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 3-qism)