
Toshkentdagi «Humo Arena» yana bir tarixiy kechaga guvoh bo‘ldi. «Lift Promotions» va «Matchroom Boxing» hamkorligida uyushtirilgan professional boks oqshomi o‘zining haqiqiy uyushqoqligi, yuqori saviyasi va ehtirosli muhiti bilan muxlislarni rom etdi. Ammo kechaning eng kutilgan, markaziy jangi — yarim o‘rta vazn toifasidagi WBA kamari uchun majburiy da’vogar bo‘lgan Shahram G‘iyosovning chiqishi edi.
O‘zbekiston xalqining sevimli bokschisi Shahram G‘iyosov bu gal Rossiya vakili Mark Urvanovga qarshi ringga qadam qo‘ydi. Ochig‘i, jang boshidanoq yuksak tempda o‘tdi va har ikki bokschining irodasi, texnik mahorati jiddiy sinovdan o‘tdi. Ammo G‘iyosovning harakatlari yana bir bor uning darajasini qanday ekanini esga soldi.
8 raundga mo‘ljallangan to‘qnashuv to‘rtinchi raunddayoq o‘z nihoyasiga yetdi. Shahram bir necha marotaba kuchli kombinatsiyalar bilan raqibini titratib tashladi va o‘sha hal qiluvchi lahzada texnik nokaut qayd etildi. Shu tariqa, Urvanov javob qaytarishga ulgurmay, bahs muddatidan avval tugadi.
Ushbu g‘alaba Shahram G‘iyosovning professional faoliyatidagi 18-o‘yini va 18-ishonchli g‘alabasi bo‘ldi. Rossiyalik raqib Mark Urvanov esa o‘z karerasida 5-bor ringni mag‘lub holda tark etdi.
G‘iyosovning bu g‘alabasi nafaqat uning WBA jahon kamari uchun asosiy da’vogarlik maqomini mustahkamladi, balki uning yangi darajalarga tayyor ekanini ham yana bir bor tasdiqladi. Uning ringdagi harakatlari, muddatidan oldingi g‘alabasi va muxlislarga ulashgan hissiyoti — kechaning eng yorqin onlaridan biri bo‘ldi.
Shahram endi katta janglar ostonasida. Muxlislar esa tayyor — u har gal ringga ko‘tarilganida, tarix yozilishiga shubha yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.