11:25 / 10.07.2018
4 647

Musulmon bo‘lgan nemis huquqshunosi: «Islom go‘zal axloq demakdir»

Musulmon bo‘lgan nemis huquqshunosi: «Islom go‘zal axloq demakdir»
Germaniyalik huquqshunos Abdullohning aytganlari:
«Men Berlinda tavallud topdim. Ota-onam o‘zlari kabi ziyoli va ma’rifatli inson bo‘lib voyaga yetishimni ko‘zlab, yoshlikdanoq qobiliyat va iste’dodimni aniqlash maqsadida bolalar ruhshunosiga olib borishardi. Ruhshunos ko‘rsatmalari asosida tennis, futbol kabi sport sohalarini hamda pianino chalishni o‘zlashtirdim. 15 yoshimdayoq ingliz, fransuz va ispan tillarida bemalol suhbatlasha olardim. Maktabda ham a’lo baholarga o‘qiganim uchun matematika ixtisosligi bo‘yicha zukko o‘quvchilargina qabul qilinadigan gimnaziyaga kirishga muvaffaq bo‘ldim.

Gimnaziyaga kelgunimga qadar meni do‘stlarim bilan futbol o‘ynash, diskotekalarga borish, ichkilik ichish kabilar qiziqtirardi. O‘qish boshlangach esa yangi sinfdoshlar bilan tanishdim. Ular orasida men qo‘l berib salomlasholmagan va gaplasholmagan yagona sinfdoshim Muslima edi.

Bu vazmin, odobli va jiddiy qiz nafaqat menda, balki butun sinfdosh yigitlarda o‘ziga nisbatan ehtirom uyg‘otgan edi. Unda men boshqalarda ko‘rmagan sokinlik va xotirjamlik bor ediki, buning sababi nima ekanini bilish hissi menga hech tinchlik bermasdi. Ammo negadir gapirish u yoqda tursin, u o‘tiradigan tomonga qarashga ham jur’atim yetmasdi.

Muslimaning boshqa qizlarga o‘xshab ochiq-sochiq kiyinmasligi, o‘zini tutishi, eng a’lochi o‘quvchi bo‘laturib sinfdoshlar bilan ko‘ngilochar kechalaru sayohatlarga bormasligi meni hayron qoldirardi. Chunki menga biriktirilgan ruhshunos doimo o‘zimga ishonishni ta’lim berar, qiziqqan narsamni o‘rganish yo‘lida qat’iyatsizlik va uyatchanlikdan voz kechishim kerakligini uqtirardi. Mazkur ko‘rsatmaga ko‘ra bir kuni darsdan keyin Muslimadan: «Nega aqlli va xushro‘y qiz bo‘la turib bunday kiyinasan? Nega biz bilan gaplashmaysan?» – deb so‘radim. Tabiiyki, u men bilan uzoq gaplashishni istamadi. Men esa javobni kutib turaverdim. Nihoyat u: «Hammasining asosi, dinim islomda», dedi va chiqib ketdi.

Shu paytgacha islom dini haqida eshitmagandim. O‘sha kuniyoq kutubxonaga borib, bu dinga oid kitob qidirdim. Lekin «islom», «iymon», «musulmon», «masjid» kabi atamalar mazmunini topdim, xolos. Ertasiga islom dini mohiyati haqida Muslimaning o‘zidan so‘radim. U qiziqishim jiddiy bo‘lsa, shahar markazidagi masjidga borib, imom bilan suhbatlashishim mumkinligini aytdi. Men darsdan chiqiboq, manzilga oshiqdim. Masjidga kirganimda erkaklar saf-saf bo‘lib ibodat qilayotganlarini ko‘rdim. Ibodatdan so‘ng, imomning kimligini aniqlab, maqsadimni bildirdim. Imom menga tartib bilan islom haqidagi kitoblarni bera boshladi, tushunmagan qismlarimni erinmay izohlab berdi. Bora-bora shu choqqa qadar diskoteka, bar va ko‘ngilochar klublarda o‘tqazgan vaqtlarim o‘zimga bema’nilik tuyula boshladi. Olti oylik izlanishlardan so‘ng musulmon bo‘lishga qaror qilganimni imomga bildirdim va juma kuni masjidda iymon keltirib, ilk namozim – juma namozini jamoat bilan o‘qidim! Qani endi, o‘sha ondagi qalbimdan kechgan hislarimni, ko‘zimdan duvillab oqqan ko‘zyoshlarim sababini so‘z bilan ifodalab berolsam edi...

Namozdan so‘ng imom boshliq yuztacha kishi qutlab, bag‘riga bosarkan, shu paytgacha oilam, do‘stlarim davrasida ham hech qachon his qilmagan samimiy birodarlik, dindoshlik tuyg‘usidan dilim nurafshon tortdi. Islom menda rahm-shafqat, birodarlik, rostgo‘ylik, vatanni sevish va ota-onaga iltifotli bo‘lish kabi fazilatlarni kundan-kun kashf qilib borardi...

Universitetga kirdim. Olti yillik tahsildan keyin huquqshunoslik sohasida ishlayapman.

To‘rt yil avval turmush qurdim. Jufti halolim esa – musulmon bo‘lganimni eshitib, sevinchdan ko‘zlari porlab ketgan, odobi bilan meni islomga yo‘llagan o‘sha Muslima...»
Habiba HAMDAM, Germaniya.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Musulmon bo‘lgan nemis huquqshunosi: «Islom go‘zal axloq demakdir»