16:12 / 30.01.2020
4 387

Koronavirus: yuqtirmaslikning iloji bormi, «ispanka» takrorlanadimi, vaksina qanday ishlaydi?

Koronavirus: yuqtirmaslikning iloji bormi, «ispanka» takrorlanadimi, vaksina qanday ishlaydi?
29 yanvar holatiga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirusdan vafot etganlar soni 170 nafarga yetdi. Yuqtirishlar soni 8 mingga yaqinlashmoqda. Virus XXI asrda 1918 yilgi «ispanka» kabi millionlab odamlarni o‘ldirishi mumkinmi? Uning avvalgisidan qanday farqi bor? Kimlar xavf ostida va odam o‘zini qanday himoyalashi kerak?

Bi-bi-si rus xizmati muxbiri Alina Isachenkoning savollariga London Imperial kolleji tibbiyot fakulteti professori Robin Shattok javob berdi.

Bi-bi-si: Bu virus 2003 yilda 813 kishining o‘limiga olib kelgan o‘tkir respirator sindromli koronavirus, yoki SARS'dan qanday farq qiladi?
Robin Shattok: SARS virusi bilan bog‘liq holatda avvaliga odamlarda kasallik alomatlari kuzatilgan, so‘ng ular yuqumli bo‘lishgan. Hozirgi koronavirus bilan, bu qo‘shimcha tadqiqotlarni talab qilsa ham, zararlanganda bir necha kun davomida hech qanday alomatlar kuzatilmaydi. Biroq, ular allaqachon boshqalarga yuqtirishni boshlagan bo‘lishadi.

Agar bu haqiqatan ham shunday bo‘lsa, unda virusning tarqalishini nazorat qilish ancha qiyin bo‘ladi, chunki hech qanday alomatlarga ega bo‘lmagan yuqtiruvchi kishilarda infeksiyani, masalan haroratni o‘lchash orqali aniqlash juda qiyin. Ular juda sog‘lom ko‘rinadi, shifokorga murojaat qilish uchun o‘zlarida zarurat his qilishmaydi, boshqalar bilan erkin muloqot qilishadi, lekin shu bilan birga ular infeksiyaning tez tarqalishiga hissa qo‘shishi mumkin.

Bi-bi-si: Kimlar xavf ostida?

Xitoydan boshqa davlatlarda ham epidemiya xavfi yuzaga kelgan
R.Sh.: Keksalar, shuningdek nafas olish tizimi kasalliklaridan aziyat chekuvchilar kasallikning og‘ir formasiga chalinish xavfi ostida. Sog‘lom odamlar uchun bu virus katta muammolar tug‘dirmaydi.

Bi-bi-si: Bu degani, agar 30 yoshli va sog‘lom turmush tarziga rioya qiluvchi odam virusni yuqtirsa ham o‘lmaydi, shundaymi?
R.Sh.: Biz hech narsaga kafolat berolmaymiz, albatta. Ammo yoshlarning aksariyatida grippning og‘ir formasidan unchalik katta farq qilmaydigan o‘rtacha shakldagi alomatlar kuzatilayotganga o‘xshaydi.

Bi-bi-si: Kasallik tarqalayotgan hududdagi insonlar o‘zini ushbu virusdan qanday himoya qilish kerak?
R.Sh.: Virusdan himoya qilishning eng yaxshi usuli — odatiy gigiyena vositalari. Sizga qarab aksirmasliklari yoki yo‘talmasliklarini ta’minlashga harakat qiling. Agar o‘zingiz betob bo‘lsangiz, ishlatilgan bir martalik ro‘molchalarni ehtiyotkorlik bilan yo‘q qiling. Qo‘lingizni tez-tez yuvib turing — chunki virus nafaqat havo tomchilari orqali yuqadi, balki kimdir aksirganda yoki yo‘talganda virus tarqatgan joylarga yoki odamning o‘ziga tegib ketishingiz mumkin. Shunday qilib, takror aytaman, qo‘lingizni muntazam yuvib turish orqali infeksiyadan ma’lum darajada himoyalanasiz.

Bi-bi-si: Tibbiy niqoblar yordam beradimi?
R.Sh.: Niqob ba’zi himoya xususiyatlariga ega, ammo u alohida yordam bermaydi, chunki maishiy-tibbiy niqoblar virusni to‘xtatib qololmaydi. Bundan tashqari, qo‘ldagi viruslar odamlar yuzlariga tekkanda, niqobni kiyganda yoki yechganda nazoratsiz qoladi, shuning uchun niqoblarning samaradorligi haqida gapirishning hojati yo‘q.

Bi-bi-si: Davlatlar virus tarqalishining oldini olish uchun nima qilishi mumkin?

Ko‘p davlatlarda tibbiy niqobga ajiotaj kuzatilmoqda, ammo shifokorlar bu vosita yetarli darajada himoyalamasligini aytmoqda
R.Sh.: Odamlarning global harakati hisobga olinsa, bitta davlat uchun o‘zini viruslardan himoya qilish juda qiyin. Agar epidemiya boshlansa, dunyoning turli burchaklarida yangi zararlanish holatlari qayd etiladi.

Xitoyning butun bir shaharlarni karantinga olishi va harakatni cheklashi virus tarqalishi tezligini ushlab turishi kerak. Agar ushbu choralar samara bersa, bu uning tarqalishini sekinlashtiradi, ammo baribir global epidemiyaning guvohi bo‘lamiz.

Ma’lumki, virusning asl tashuvchisi ko‘rshapalaklar bo‘lib, kemiruvchilar yoki boshqa ba’zi turdagi hayvonlar oraliq turdagi tashuvchi vazifasini bajargan bo‘lishi mumkin. Uxandagi hayvon bozori virus hayvonlardan odamga yuqqan hududga aylandi.

Fikrimcha, kelajakda hayvondan odamga yuquvchi viruslarning oldini olish juda qiyin bo‘ladi, chunki bu narsa davriy kuzatilib turadi, sayyoramizda hayvonot olami yaqinida yashovchi odamlar soni ko‘payib borar ekan, aholi zichligi ham bu ehtimolni oshiradi.

Bi-bi-si: XX asrning eng xavfli qirg‘inbarot viruslaridan biri ispan grippi deb ataladi. O‘sha vaqtlarda epidemiya o‘n millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. XXI asrda ham shu kabi ajal viruslari paydo bo‘lishi mumkinmi?
R.Sh.: Koronovirusning yangi turini bugungi bosqichda «ispanka» kabi halokatli bo‘la oladi deb o‘ylamaymiz, chunki u sababli asosan juda ko‘p yoshlar hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda bu holat kuzatilmayapti.

Umumiy olib qaraganda, «ispanka»ga o‘xshash holat takrorlanishi mumkinmi? Ha, global hamjamiyat sifatida biz har doim pandemiya xavfi ostida yashaymiz. Shu sababli, voqealarning bu kabi rivojiga tayyorgarlik ko‘rib borish juda muhimdir.

Ammo bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimi ancha rivojlangan, toza kislorod va antibiotiklardan foydalanish imkoniyati mavjud, voqealar rivojiga eng yaxshi darajada hozirlik ko‘rdik. Ertami-kechmi inflyuensaning (nafas yo‘llarining og‘ir yallig‘lanishi) yangi pandemiyasi yuzaga kelishiga shubha yo‘q.

Eng yaxshi himoya - qo‘llarni hamisha yuvish / GETTY IMAGES
Bi-bi-si: Internetda ushbu virus sun’iy ravishda yaratilgan bo‘lishi ehtimoli muhokama qilinmoqda. Buning iloji bormi?
R.Sh.: Yo‘q, aslo! Chunki boshlang‘ich virusni ko‘rshapalaklardan topa oldik. Ya’ni, u avvaldan mavjud bo‘lgan va keyin odamga o‘tgan. Bu haqda «detektiv jumboq o‘z yechimini topdi» deyish mumkin. Ushbu virus laboratoriyada sun’iy ravishda yaratilmagan, biz shunchaki turlararo o‘tish ishi bilan shug‘ullanmoqdamiz.

Bi-bi-si: Virusga qarshi vaksina qanday ishlaydi?
R.Sh.: Virusni tasavvur qiladigan bo‘lsak, u virus zarrasida — virionda genetik ma’lumotlarni tashiydi. Virus yuzasida oqsil tutqichlar joylashgan bo‘lib, ular yordamida virus tananing hujayralariga yopishadi va infeksiyani keltirib chiqaradi.

Vaksinani ishlab chiqishda biz ushbu RNK zanjirini olamiz va uning qaysi qismi oqsil-changakni kodlash uchun javobgarligini aniqlaymiz. Keyin zanjirning ushbu alohida qismi olinadi va vaksinatsiya qilinadi, bunda virus faqatgina ushbu kalit oqsil bilan ifodalanadi. Inson antitelalar ishlab chiqaruvchi immun mexanizmi virusning ayni shu qismiga ta’sir bildirishi kerak.

Shunday qilib, agar antitelasi bor odamga virus yuqsa, u to‘sib qo‘yiladi va maqsadli hujayralarga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, odamga yuqmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus: yuqtirmaslikning iloji bormi, «ispanka» takrorlanadimi, vaksina qanday ishlaydi?