date
views 4 278

Million dona palto, million tonna kartoshka va Hitler ishlatgan telefon — SSSR Germaniyadan qanday tovon undirgan?

Million dona palto, million tonna kartoshka va Hitler ishlatgan telefon — SSSR Germaniyadan qanday tovon undirgan?
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng SSSR mag‘lub tomon Germaniyadan bugungi qiymat bilan hisoblaganda 400 milliard AQSH dollari miqdorida tovon undirgan.

Dunyodagi har bir urushning oxirida g‘oliblar mag‘lublarni talagan, tovon undirgan. Bu urushning yozilmagan qonuni. XX asrga kelib g‘oliblar mag‘lublardan tovon undirish haqida xalqaro normalar qabul qilindi va bu qoida ilk bor birinchi jahon urushidan keyin qo‘llandi. O‘shandan beri mag‘lublardan qonuniy asosda tovon undirish bugungacha davom etib kelyapti.

XX asrda ikkita jahon urushi bo‘lib o‘tdi. Bu urushlarning har ikkisida ham Germaniya yengilgan va g‘oliblarga katta miqdorda tovon to‘lagan. Rossiya imperiyasi, keyinchalik uning o‘rniga tuzilgan SSSR bu urushlarning har ikkisida ham qatnashgan, ammo faqat ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba uchun tovon olgan.

Birinchi jahon urushi tugashi arafasida, 1917 yilda Rossiyada Oktabr to‘ntarishi amalga oshiriladi. Hokimiyatni egallagan bolshiviklar Germaniya bilan sulh tuzib, urushdan chiqadi. Urushni oxirigacha olib borgan Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH 1919 yilda imzolangan Versal tinchlik bitimiga ko‘ra, Germaniyadan tovonni o‘zlari olishga kelishadi va Rossiya bu urushni oxirigacha olib bormagani uchun tovondan quruq qoladi. Ikkinchi jahon urushida esa urush tugaganidan so‘ng uning asosiy «jabrdiyda»si va g‘olibi sifatida eng katta tovonni SSSR oladi.

Urushda yengilgan Germaniya o‘z zimmasiga yuklatilgan tovonni pul yoki oltin ko‘rinishida to‘lay olmasligi aniq edi. Shu bois SSSR tovonning asosiy qismi sifatida Germaniyadan ko‘plab korxonalarni ko‘chirib ketadi.

Nemislar urushda yengilar ekan SSSR va ittifoqchilari Germaniyadan tovon undirish masalasini ilk bor hali urush tugamasidan, 1945 yil fevralida o‘tkazilgan Yalta konferensiyasida muhokama qiladi.

Yalta konferensiyasi
Yaltadagi konferensiyada Stalin Germaniyaga umumiy miqdorda 20 milliard dollar tovon to‘lash majburiyatini qo‘yishni va urushning asosiy jabrlanuvchisi sifatida SSSR jami tovon miqdorining yarmini olishi lozimligini aytadi. O‘shanda tomonlar bu masalada bir fikrga kela olmay tarqalishadi.

Urushdan keyin o‘tkazilgan Potsdam konferensiyasida ittifoqchilar Stalinning talablariga ko‘nishadi. SSSRga Germaniya sharqidagi barcha korxonalarni ko‘chirib ketish, Germaniyaning Sharqiy Yevropa davlatlaridagi aktivlarini olish hisobidan tovonni undirish imkoniyati taqdim etiladi. Bunga qo‘shimcha tarzda Germaniya g‘arbidagi ayrim korxonalar ham SSSRga beriladi. Aslida SSSR qo‘lga kiritilgan hududlardan turli korxonalarni ko‘chirib kelishni 1945 yilning bahoridayoq boshlagan edi. Masalan, Beyten karbid zavodi va Ammendorf kimyo korxonasi o‘sha paytda Stalingraddagi kimyoviy korxonaga ko‘chirib keltiriladi.

Potsdam konferensiyasi
«Nemislar tovoni, sovet iqtisodiyoti: raqamlar, faktlar, odamlar» kitobi muallifi, rossiyalik Mixail Semiryaga keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda Germaniyadan SSSRga jami 2 885ta turli korxonalar ko‘chirib kelingan.

Potsdam konferensiyasidagi kelishuvga ko‘ra, SSSR nafaqat Germaniya hududidagi korxonalarni, balki Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlardagi nemislarniki deyilgan korxonalarni ham ko‘chirib keladi.

Jumladan:
- Polshadan 1 137ta;
- Avstriyadan 206ta;
- Vengriyadan 11ta;
- Chexoslovakiyadan 54ta;
- nemislarga tegishli deyilgan korxonalar SSSRga ko‘chirib kelinadi.

Mixail Semiryaga 1990-yillarda arxivga kirishga ruxsat berilgan paytlarda SSSRga Germaniya va unga qo‘shni bo‘lgan Sharqiy Yevropa davlatlaridan ko‘chirib keltirilgan korxonalar va boshqa ashyolar haqida ma’lumot oladi.

Semiryaga va uning hammaslagi Boris Kishevskiy bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda Germaniya sharqidan 400 ming vagon to‘la turli uskuna va jihozlar SSSRga olib kelingan.

Jumladan:
- 72 ming vagon qurilish materiallari;
- 2 885ta turli korxonalar;
- 96ta elektrostansiyalar;
- 340 ming turli stanoklar;
- 200 mingta elektromotorlar;
- 1 335 000 bosh yirik shoxli hayvonlar;
- 2,3 million tonna g‘alla;
- 1 million tonna kartoshka;
- 0,5 million tonna yog‘-moy va shakar;
- 20 million litr spirt;
- 16 tonna tovuq go‘shti olib kelingan.

Tovon sifatida undirilgan mulklar qatorida ko‘plab harbiy kemalar va kriuz laynerlari, shuningdek, Gumboldt universitetining astronomik observatoriyasi to‘liq ko‘chirib olib kelinadi. Krasnodar kompressor zavodi ham to‘liq Germaniyadan olib kelingan uskunalar bilan jihozlanadi.

Kemerovodagi «Azot» korxonasi 1947 yilda nemislarning «Shvarskop» firmasida tayyorlangan va tovon sifatida olingan kompressorlarni bugungi kungacha ishlatib kelmoqda.

Kemerovodagi «Azot» zavodi
Urush paytida Hitler administratsiyasi ishlatgan telefon stansiyasi Moskva markaziy telefon stansiyasida o‘rnatiladi va 222 raqamidan boshlanadigan raqamlar KPSS Markaziy Qo‘mitasi tomonidan 1980-yillargacha ishlatiladi. Rossiyalik tarixchi Gavril Popovning yozishicha, urushdan keyin SSSR xavfsizlik xizmati ishlatgan yashirincha ovoz eshitish moslamalari ham nemislardan musodara qilingan edi.

Urushdan so‘ng SSSR nemis harbiylariga tegishli harbiy texnika va qurilmalarning barcha yaroqlilarini Germaniyadan olib keladi. Raketa qurilmalarini yasash, reaktiv aviatsiya, havo hujumidan mudofaa tizimi uskunalari shular jumlasidan.

Raketa-kosmik sohasi faxriysi B.Chetrokning eslashicha, o‘shanda Germaniyadan nafaqat yaroqli harbiy uskunalar, balki ularning chizmalari, loyihalari va ko‘plab nemis mutaxassislari raketa qurilmalarini qurishda ishlatish uchun majburiy tarzda SSSRga olib kelingan.

«Kalashnikov» avtomati 1945 yildan keyin majburiy tarzda SSSRga olib kelib ishlatilgan nemis konstruktori V.Shmaysserning ixtirosi ekanligi haqida gap-so‘zlar ham yo‘q emas.

Yuqorida «Kalashnikov» va pastda Hyugo Shmaysserning StG44 avtomati
SSSR harbiylari va NKVD xodimlari Sharqiy Germaniyadagi bosib olingan hududlardan nafaqat turli korxonalarni ko‘chirib keladi, balki aholi vakillarini ham talaydi va aholi xonadonlaridan turli kiyim-kechaklar, ro‘zg‘or buyumlarini tortib olib SSSRga jo‘natadi.

Jumladan:
- 60 ming royal;
- 460 ming radiopriyomnik;
- 190 ming gilam;
- 940 ming turli mebel buyumlari;
- 265 ming turli soatlar;
- 1,2 million dona ayollar va erkaklar paltosi;
- 1 million dona bosh kiyim tortib olinadi va SSSRga jo‘natiladi.

Ittifoqchilar bilan kelishuvga ko‘ra, urushdan so‘ng Germaniya g‘arbida joylashgan «Opel AG» zavodi ko‘chirib kelindi va Moskvaga o‘rnatilib bu yerda «Moskvich-400» rusumli mashina ishlab chiqarila boshlanadi.

Moskvich-400
Germaniya tomonining ma’lum qilishicha, bugun MDH davlatlarida Germaniyadan olib chiqib ketilgan 200 mingdan oshiq muzey eksponatlari va 2 million nusxadan oshiq kitob bor.

Ikkinchi jahon urushida SSSR o‘zining 20 million aholisidan ayriladi va tabiiyki bunday vaqtda mamlakatni tiklash uchun ishchilar kerak bo‘ladi. SSSR yo‘qotilgan ishchilarning o‘rnini to‘ldirish uchun o‘shanda Germaniyadan nafaqat harbiy asirlar, balki oddiy ishchilarni ham olib kelib ishlatadi.

Masalan, urush davrida butunlay vayron bo‘lgan Stalingrad (hozirgi Volgograd)ni asosan nemis harbiy asirlari va ishchilari tiklagan edi. Stalin Germaniyadan 10 milliard dollar miqdorda tovon undirish payida bo‘lsa ham, amalda undirilgan tovon miqdori ancha ortib ketadi.

SSSR Germaniyaning «o‘ziga tegishli» qismidan olib chiqib kelgan jami narsalarning umumiy qiymati 15,8 milliard dollar yoki 14 041 tonna oltin ekvivalentiga teng bo‘lgan. Ma’lumot uchun, bu summa dollarning bugungi qiymatida 400 milliard dollarga teng bo‘ladi.

Taqqoslash uchun: Bugun AQSHda 2018 yil ma’lumotlariga ko‘ra 8133,5 tonna oltin zaxirasi bor.
Germaniyani talash 1954 yilga kelib, GDR bilan kelishuvga erishilganidan keyingina to‘xtatiladi.

P.S. Germaniyadan undirilgan tovon miqdori 15,8 milliard dollarga teng deb ko‘rsatilgani bilan, SSSRda aksariyat hisobotlar maqsadga qarab kamaytirilib yoki ko‘paytirib ko‘rsatilganini inobatga olsak, Germaniyadan undirilgan tovon miqdori rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilganidan ancha ko‘p bo‘lishi ham mumkin.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Million dona palto, million tonna kartoshka va Hitler ishlatgan telefon — SSSR Germaniyadan qanday tovon undirgan?