
“Farzandlarim 14 yoshgacha qo‘liga gadjetlarni olmagan”
“MICROSOFT” rahbari, jahonning eng boy kishisi bo‘lgan Bill Geyts farzandlari 14 yoshga kirmagunlariga qadar ularga smartfondan foydalanishlariga ruxsat bermagan. Uning bu qoidasiga boshqa taniqli IT-kompaniya rahbarlari ham amal qilishadi va farzandlarini elektron gadjetlarning salbiy ta’siridan himoyalashga urinishadi. Bill Geyts:
“Biz ovqat mahali mobil telefondan foydalanmaymiz, 14 yoshga qadar barcha farzandlarimiz smartfonsiz ulg‘ayishgan. Ular barcha do‘stlarida qo‘l telefoni borligini aytib, ko‘p marotaba shikoyat qilishar edi”. Farzandlarining barchasi janob Geyts tomonidan o‘rnatilgan qoidaga ko‘ra tarbiyalanmoqda. “Hozir ham elektronika vositalaridan foydalanish mumkin hamda cheklangan vaqt bor. Bu ularga o‘z vaqtida uxlash va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga yordam beradi”, deydi Bill Geyts.
Samimiy suhbat telefon va planshetdan yaxshi-ku!
Ma’lumki, Apple asoschisi Stiv Jobsning oila a’zolari eng yuqori texnologik va zamonaviy gadjetlar bilan “o‘ralgan” bo‘lishi hamda qo‘llaridan o‘ta ingichka va superaqlli texnikani tushirmasliklari kerakdek tuyuladi. Biroq hammasi aksincha. Jobs hayotligida farzandlariga iPad qurilmalaridan foydalanishga ruxsat bermasligini tan olgan. U bolalariga jonli muloqotni o‘rgatishga uringan, shu bois kechqurunlari oila birgalikda ovqatlanish va uzoq suhbatlar bilan vaqt o‘tkazishga harakat qilgan. Uning oilasida kechki paytda hech kimga planshet hamda kompyuterdan foydalanishga ruxsat berilmagan.
O‘z bolasini asrab qolmoqchi… Nimadan? Zararli kontent va elektron ko‘ngilochar dasturdan!
3D Robotics kompaniyasi rahbari, dron ixtirochisi Kris Anderson ham yuqoridagi insonlardan o‘rnak olib, bolalarining gadjetlardan foydalanishlarini qattiq nazorat ostiga olgan. Krisning farzandlari smartfon va planshetlar ishlatilishini minimallashtirish imkonini beradigan qat’iy qoidalarga rioya qiladilar.
Ishlab chiqaruvchining aytishicha, bolalar tengdoshlarining hech biri bu kabi cheklovlarga chidashga majbur emasligidan shikoyat qilishadi. Biroq Andersonning ta’kidlashicha, u shunchaki bolalarning elektronikaga moyil bo‘lib qolishiga hamda ularning hayotida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Shuningdek, g‘amxo‘r otaning aytishicha, tarmoqda uning farzandlarini cheklanmagan miqdordagi so‘ralmagan beandishalik va anonimlar tomonidan tahqirlashlar kutmoqda. Andersonning fikricha, zararli kontent va elektron vositalardagi ko‘ngilochar dasturlarga tobelik farzandlar tarbiyasi va istiqboliga jiddiy zarar yetkazadi.
Dik Kostolo — “Twitter” sobiq bosh direktori ham o‘z farzandini nazoratga olgan
Dik bolalari tomonidan gadjetlarni ishlatish vaqtini cheklamaslikka qaror qilgan. Buning o‘rniga u geografik cheklovlarni o‘rnatgan. Kostolo oilasi farzandlari bunday elektronikadan faqat mehmonxonada foydalanishi mumkin. Ya’ni, ular yotar chog‘ida planshetni o‘zlari bilan olib ketishlari yoki ovqatlanish paytida telefonda “osilib” qolishlari mumkin emas.
Bor-yo‘g‘i yarim soat vaqt berilgan
Aleks Konstantinopol — biznes uchun eng yirik IT-hamkorlardan biri sanalgan Out Cast Agency direktori hisoblanadi. Aleks ham gadjetlarni ishlatish borasida anchagina qattiqqo‘l ona. Uning kichik o‘g‘liga haftaning ish kunlarida bunday gadjetlardan foydalanish taqiqlangan. Katta farzandlar zamonaviy elektronikadan kuniga 30 daqiqadan ortiq foydalana olmaydilar.
“…iPad o‘rniga kitob o‘qi!”
Evan Uilyams — “Twitter” va Blogger veb-servisini yaratish bilan shug‘ullangan. “Pyra Labs” kompaniyasining asoschisi Evan va uning rafiqasi Saraning ikki nafar o‘g‘li bor. Biroq bolalarning birontasida ham hanuzgacha iPad yo‘q. Buning o‘rniga Uilyamslarning uyida yuzlab kitoblar to‘plangan. Ishlab chiqaruvchining aytishicha: “Uyda minglab kitoblar bor. Istaganingizcha o‘qing, mutolaaga qarshiligim yo‘q. Kerakli ma’lumotni topish va bo‘sh vaqtda hordiq chiqarish uchun adabiyotlar yetarli!”.
Jeff Bezos, Amazon asoschisi, va uning sobiq rafiqasi, yozuvchi Makkenzi Bezos esa…
Bu juftlik bolalar va o‘zlarini har tomonlama rivojlantirishga intilishadi. Ular birgalikda yangi taomlar tayyorlashadi, fermada jo‘jalarning tuxumni ochib chiqish jarayonini kuzatishadi, singapurcha dastur bo‘yicha matematika bilan shug‘ullanishadi, ta’lim klublariga borishadi va qo‘shni bolalar bilan sport o‘yinlarini uyushtirishadi.
Mark Sukerberg, “Facebook” asoschisi va Prissilla Chan
Mark Sukerberg farzandlarini o‘z ota-onasining uslubiga ko‘ra tarbiya qiladi. U bolani jismoniy jazolash mumkin emas, axir, bolaga har doim nima yaxshi va nima yomonligini tushuntirishning iloji bor, deb hisoblaydi. U kichkintoylarni o‘zlarini munosib tutishga o‘rgatadi, chunki jamiyatda amal qilinishi kerak bo‘lgan muayyan cheklovlar mavjud.
Shuningdek, Mark va Prissilla bola har tomonlama rivojlanishi lozim, deb hisoblashadi. To‘garak, kurslar bu – yaxshi, biroq bola o‘ynashi ham muhim.
Manba: hudud24.uz
Farzandlar TarbiyasiGadjetlardan FoydalanishBill GeytsElektronika VositalariSamimiy SuhbatZararli Kontent O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar