
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy himoya tizimida yangi davrni boshlaydigan qarorni ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, daromad topish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar endilikda kambag‘allar reestriga kiritilmaydi, chunki bunday fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash to‘liq davlat zimmasiga olinadi.
Yig‘ilishda “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasi Yangi yildan boshlab amalga kirishi aytilib, nogironligi bor 40 ming insonni ish bilan ta’minlash asosiy vazifa ekani qayd etildi. Bu maqsadda Bandlik jamg‘armasidan 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Kambag‘allik xavfi bor oilalarga mavjud imtiyoz va yordamlar saqlanadi: 6 oy moddiy yordam, bolalar nafaqasi, bog‘cha va to‘garak xarajatlarini qoplash, shuningdek, 110 turdagi ijtimoiy xizmatdan 12 oy davomida keng foydalanish imkoni beriladi.
Shu bilan birga, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu vazifalarning bajarilishi va joylardagi ijrosini nazorat qilish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga yuklatildi. Prezidentning bu topshirig‘i kelasi yilda ham aholini himoya qilish siyosati yanada kuchayishini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.