17:30 / 28.03.2020
5 655

Germaniyalik olimlar koronavirus tarqalishining ssenariysini bashorat qilishdi

Germaniyalik olimlar koronavirus tarqalishining ssenariysini bashorat qilishdi
Foto: REUTERS/Wolfgang Rattay
Nemis olimlari xulosasiga ko‘ra, koronavirusni aniqlash uchun ommaviy tarzda test qilinsa va kasallar karantinga olinsa, mamlakat aholisining 1 millioni xastalanishi, 12 mingga yaqini vafot etishi mumkin. Bu choralar amalga oshirilmasa, vafot etganlar soni 1 milliondan oshadi.

Der Spiegel jurnali, Süddeutsche Zeitung gazetasi, shuningdek, NDR va WDR telekanallari xabariga ko‘ra, Germaniya Ichki ishlar vazirligi «Qanday qilib COVID-19 tarqalishining oldini olish mumkin?» degan nomdagi maxfiy hujjatni tayyorlagan. Unda mutaxassislar Janubiy Koreya tajribasidan foydalanib, aholini ommaviy testdan o‘tkazib, kasallanganlarni izolyatsiyaga olishni tavsiya qilishgan.

Tadqiqotchilar o‘ziga xos tajriba yo‘li bilan voqealar rivojini modellashtirishdi. Bunda 6 apreldan boshlab, kuniga 50 mingta, 13 apreldan boshlab 100 mingta, aprel oyi oxirida esa 200 mingta kishini test qilish ko‘zda tutilgan. «Vaziyatga aniqlik kiritish uchun test qilamiz» tamoyiliga asoslangan eskicha usuldan voz kechib, «Vaziyatni bashorat etish uchun test qilamiz» tamoyilidan foydalanish tavsiya qilingan.

Olimlar fikriga ko‘ra, agar shu choralar qo‘llanilsa, Germaniyada 1 million odam koronavirusni yuqtirib oladi. Vafot etganlar soni 12 mingni tashkil qiladi. Bunday keskin choralar 2 oy davomida qo‘llanilishi shart. So‘ngra hushyorlikni saqlab turish lozim, chunki aholini hammasi ham virusga qarshi immunitetga ega bo‘lmaydi.

Agar davlat yetarli chora-tadbirlarni qo‘llamasa, 70 foiz aholi koronavirusni yuqtirib oladi. Shifoxonalardagi juda katta navbatlar tufayli, kasallarning 80 foiziga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishning iloji bo‘lmaydi. Vafot etganlar soni esa 1 milliondan oshadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyalik olimlar koronavirus tarqalishining ssenariysini bashorat qilishdi