18:54 / 05.04.2020
2 110

Ozarbayjonda uydan chiqish uchun SMS yuborish tartibi joriy etildi

Ozarbayjonda uydan chiqish uchun SMS yuborish tartibi joriy etildi
Foto: Newsday.az
5 apreldan boshlab Ozarbayjonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash doirasida chegaralar yopilib, aholining mamlakat ichida harakatlanishi cheklanmoqda, deb xabar beradi «TASS».
Ta’kidlanishicha, 5 apreldan 20 aprelga qadar Ozarbayjon chegaralari yer va havo transportlari uchun yopiladi. Faqatgina yuk tashuvlarga istisno qilinadi.

Shuningdek, mamlakat ichida ham aviaqatnovlar to‘xtatiladi. Keyingi ikki hafta davomida fuqarolar faqat uch holatda uydan tashqariga chiqishlari mumkin:
- tibbiy yordam olish;
- oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari xarid qilish yoki bank va pochtaga borish;
- yaqin qarindoshining dafn marosimida ishtirok etish.

Uydan chiqishga ruxsat olish uchun mamlakat aholisi tegishli raqamga SMS xabar jo‘natishi lozim. Shaxsiy transportdan foydalanilganida, avtomobil raqamiga ham ko‘rsatiladi. Fuqaroning so‘roviga bir soat ichida javob qaytariladi va u darhol uydan chiqishi mumkin. Oziq-ovqat, dorixona, bank yoki pochtaga borish uchun kuniga bir marta ikki soatga ruxsat beriladi. Shifokor ko‘rigiga borish uchun ham ikki soat ajratilgan.

Ruxsatnoma uchun yuborilgan so‘rov haqida ma’lumot elektron hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Ozarbayjon hukumatining ogohlantirishicha, karantin qoidalarini buzganlar javobgarlikka, xususan, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonda koronavirus sabab 24 mart kuni maxsus karantin rejimi joriy etilgan. 65 yoshdan oshgan keksalarga uyda chiqish taqiqlangan, dam olish maskanlari, restoran va kafelar, oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan boshqa barcha savdo ob’ektlari, barcha turdagi ta’lim muassasalari yopilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 521 kishida koronavirus aniqlangan, 32 kishi sog‘ayib ketgan, besh kishi vafot etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarbayjonda uydan chiqish uchun SMS yuborish tartibi joriy etildi