date
views 1 743

Koronavirus pandemiyasi Yevropa geosiyosatiga qanday tahdidlarni keltirmoqda?

Koronavirus pandemiyasi Yevropa geosiyosatiga qanday tahdidlarni keltirmoqda?
Foto: Getty Images
Xalqaro munosabatlarda Yevropa kengashi saytida keltirilishicha, Yevropa Ittifoqi virus bilan bog‘liq inqirozdan so‘ng ham avvalgi geosiyosiy muammolar qarshisida qolaveradi. Lekin bu safar Yevropa hamjamiyati mavjud muammolarni hal qilish uchun birdamlik va ishonchga ko‘proq muhtojlik sezishi aniq.

Koronavirus dunyoning oxiri ham emsaligini nazarda tutish muhim ekan, virus bilan bog‘liq inqiroz Yevropa kengashi raisi Ursula fon der Lyayen va Xalqaro munosabatlar va xavfsizlik raisi Jozef Borelning dastlabki rejalarini ham xavotir ostiga qo‘ymoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari inqirozdan saboq olgan holda o‘z vatandoshlarini izolyatsiyada qolishga chaqiryapti va milliy hukumatlarini karantin sharoitiga moslashtiryapti. Yevropa Ittifoqi manzarasi o‘zgarishi aniq bo‘lsa-da, geosiyosat virus qurboniga aylanmasligi ham bor gap.

Inqiroz davrida Yevropa sog‘liqni saqlash tizimini va iqtisodiyotini qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘ndalang turgan ekan, Yevropa Ittifoqi uchun geosiyosat har qachongidan ham ko‘proq tabiiy zaruratga aylanadi. Chunki koronavirus allaqachon Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati uchun xavflarni yuzaga keltirdi. Bu xavflar, avvalo, nimalarda ko‘rinmoqda?

Birinchidan, Italiya va boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida birdamlik borasida yuzaga kelgan darz. Virus Yevropa ko‘chalarida kezib yurgan bir vaziyatda niqoblarning, sun’iy nafas oldiruvchi apparatlarning yetishmasligi kabi muammolar bilan yakkama-yakka qolib ketganligi-yu, janubiy Yevropadagi ittifoqdoshlarning sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar Yevropa Ittifoqi har qachongidan birdam degan g‘oya ro‘yo ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

Shuningdek, virus bilan bog‘liq inqiroz birdam Yevropaning mustaqil xavfsizlik va mudofaa tizimlarini yaratishga bo‘lgan urinishini ham soya ostiga olmoqda. Virusga qarshi kurashishda tarqoq harakat qilayotgan Yevropa hamjamiyati a’zolarining bunday bir vaziyatda tashqi xavflarga birdam bo‘lib harakat qilish g‘oyasi quloqqa g‘alati eshitilarkan.

Yevropa Ittifoqi markaziy bankining virus inqirozi paytida a’zo mamlakatlarga 750 milliard yevroga yaqin mablag‘ni ajratishi borasidagi bayonoti ham Rossiya va Xitoyning Italiyaga ko‘rsatayotgan yordamlari oldida hech qanday samara bermayotgandek. Rossiya va Xitoyning Italiyaga ko‘rsatayotgan amaliy yordami va 750 milliard yevrolik yordam qiyoslanganda keyingisi faqat asablarni junbushga keltirmoqda.

Xolisona qaralganda, Yevropa Ittifoqi virusga qarshi kurashda boshqalarga solishtirganda yaxshiroq uddalayapti. AQSH hukumati virus bilan bog‘liq inqirozdan avval o‘zini qanday manfaatparast sifatida tutib kelgan bo‘lsa, o‘z odatiga ko‘ra ish yuritmoqda. Tashqaridan qaraganda rus propagandasi va Xitoyning agressiv qudratini namoyish qilayotgani yaxshi taassurot uyg‘otmaydi.

Foto: Getty Images
Rubl qadrining 25 punktgacha pastlab ketgani manzarasida dunyo bozorlarida neft narxining 30 dollardan arzon sotilayotgani ortidan saudiyaliklarning rus nefti xaridorlarini o‘zlari tomon og‘dirib olayotgani va Xitoy hukumatining virus inqirozining ilk davrlarida virusga qarshi muvaffaqiyatsiz harakati va virus nazoratga olingach, ko‘plab niqoblarni ishlab chiqarishga o‘tgani kabi holatlar bir necha serbiyalik hamda italyanlarni ularga mahliyo qilishi turgan gap, ammo boshqa yevropaliklar ulardan masofa saqlab harakat qilishlari ham rost.

COVID-19 sharoitida ba’zi sharqiy Yevropa mamlakatlari, Bolqon mamlakatlari va Yaqin Sharq Yevropa Ittifoqi manfaatlariga ziyon keltiradigan usulda harakat qilmoqda. Ukraina Donbas masalasida Kiyev va Moskva o‘rtasida shaffof bitimga kelishuv borasida shubha qilmoqda, Moldova va Gruziya kuzda bo‘lib o‘tadigan noshaffof saylovlarga tayyorlanmoqda, Livan hukumati defoltni boshidan kechirmoqda, Rossiya va Turkiya kelishuvlariga qaramasdan Idlibda turk askarlari halok bo‘lmoqda.

Yevropa Ittifoqi virus bilan bog‘liq krizisdan so‘ng pandemiyadan avvalgi muammolarga duch keladi, faqat bu safar Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlari sog‘liqni saqlash tizimini oyoqqa turg‘izib, o‘z iqtisodiyotini qutqarishga yordam beradigan zaxiralarni asrab, Yevropa geosiyosatini oldinga surishga yordam beradigan mablag‘ va birdamlikka ko‘proq ahamiyat berib harakat qilishlari lozim. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi koronavirusdan so‘ng o‘z qo‘shnilarining iqtisodiyotini barqarorlashtirish uchun zaxira fondi tashkil qilishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, Yevropa Ittifoqi xalqaro hamjamiyat sifatida sanksiyalar qo‘llash siyosatini kuchaytirishi talab etiladi, ya’ni faqat AQSH kompaniyalari ustidan shikoyat qilishni kamaytirib, Yevropa Ittifoqida biznes yuritayotgan va Yevropa Ittifoqi qonunlarini buzayotgan kompaniyalarga ham o‘z sanksiyalarini joriy qilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. So‘ng barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Fransiya ilgariga surayotgan Senegal shimoli, Mavritaniya janubi, Mali, Burkina Faso shimoli, Jazoir, Niger, Nigeriya shimoli, Kamerun, Markaziy Afrika Respublikasi, Chad, Janubiy Sudan, Eritreya, Efiopiya shimolidagi murakkab vaziyatni hal qilishda birlashishi kerak bo‘ladi.

Agar mazkur vazifalar o‘zaro tushunish va milliy manfaatlardan voz kechib harakat qilinsagina, Yevropa Ittifoqi kelajagi uchun yorug‘ kunlarni keltirishi mumkin, aksincha bo‘lsa, biz bilgan Yevropa Ittifoqi sekin-asta parchalanishi, g‘oya nima bo‘lganda ham g‘oyaligicha qolishi mumkinligi haqidagi aksiomaga aylanishi mumkin.

Jahongir Ergashev tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus pandemiyasi Yevropa geosiyosatiga qanday tahdidlarni keltirmoqda?