date
views 2 825

Ahli kitoblar musulmonlardan zulm ko‘rganmi?

Ahli kitoblar musulmonlardan zulm ko‘rganmi?
Islomiy fathlarni «arab istilosi» deyish noto‘g‘ri ekanini dushmanlarning o‘zlari ham bilishadi, ammo Islomga qarshi nimadir o‘ylab chiqarish kerak bo‘lgan. Natijada shu ibora o‘ylab topilgan. Chunki fotih mujohidlar ichida arab emaslar ham ko‘p edi. Shu bilan birga, ularning harakati hech qachon istilo bo‘lmagan. Musulmonlar qayerga borsalar, dinga da’vat qilish uchun, adolat o‘rnatish uchun borganlar. O‘sha yerlarning aholisi bilan aka-uka bo‘lib yashab qolganlar (dushmanlar «katta soliq» deb nomlagan «jizya» to‘g‘risida keyinroq gaplashamiz).

Musulmonlar hech bir yurtning molu mulkini talab, olib ketmagan. Kishilarni Islomga kirishga majbur ham etmagan. Ularning muomalasi mustamlakachilarning noma’qul muomalasiga mutlaqo o‘xshagan emas. Buni insofli ajnabiy tarixchilar va olimlar ham takror-takror qayd etganlar. Mashhur olim Tomas Orlandning «Islomga da’vat» kitobida bu haqiqatni tasdiqlaydigan ko‘pgina hujjatli dalillar keltiriladi.

Shunindek, «himoyachi»larning gaplariga ham o‘ziga yarasha e’tirozlar chiqadi. Masalan, «Agar Islomda jihod faqat mudofaa uchun joriy qilingan bo‘lsa, nima sababdan sahobalar Arabiston yarim orolidan chiqib, boshqa yurtlarga bordilar, u yerlarda shahid bo‘ldilar?» degan savol berilsa, ular javob berishga qiynalib qolishadi.

Yaxshisi, bu masalani sahobalarning o‘zlaridan so‘rash kerak. Tarixda shunday bo‘lgan ham. Sahobai kiromlar Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu boshchiliklarida o‘sha davrdagi ikkita katta imperiyaning biri – Fors davlati chegarasiga kelib tushdilar. Bundan xabar topgan Fors davlati Rustam ismli lashkarboshi rahbarligida tayyorgarligini ko‘rib qo‘ygan edi. Rustam musulmonlar tomon o‘z elchilarini yubordi. Fors elchilari musulmonlarning boshlig‘ini topolmay, ancha vaqt ovora bo‘lishdi. Chunki Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning alohida ajratilgan joyi ham, kiyimi ham yo‘q edi. U kishi lashkarlari bilan aralashib yurar edilar.

Elchilar u kishini odamlar orasidan topdilar. O‘zlarini tanishtirgan elchilar Fors davlati rahbarlarining musulmonlar vakili bilan gaplashmoqchi ekanini bildirishdi. Sa’d ibn Abu Vaqqos orqalariga shunday qaragan edilar, yerda yonboshlab yotgan, yupun kiyingan Robi’ ismli sahobaga ko‘zlari tushdi. Unga: “Sen bular bilan borgin, boshliqlari bizning vakilimiz bilan gaplashmoqchi ekan”, dedilar. Robi’ roziyallohu anhu bir chapdast harakat bilan nayzasiga tayanib, ot ustiga sakrab mindi va elchilarga qarab: “Ketdik”, dedi.

Elchilar lol bo‘lib turib qoldilar. Bir juldur kiyingan «vakil»ga, bir yerda o‘tirgan «amir»ga qarashdi. O‘zaro bir nimalarni gaplashdilar-da, nihoyat, kattalari Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga: “Bundan ko‘ra tuzukroq odam yo‘qmi?” dedi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: “Ichimizda tuzugimiz shu, vakil yuborishni sizlar so‘radingiz, biz emas”, dedilar.

Noiloj qolgan elchilar o‘sha vakilni olib, yo‘lga tushdilar. Qarorgohga yaqinlashishlari bilan, elchilar otdan tushib, ta’zim qilib yura boshladilar. Musulmonlarning vakili Robi’ roziyallohu anhu esa ularning bu kulgili hollarini tomosha qilib, otdan tushmay, kulib, ichkariga kirdi. Ammo qorovullar birdan yopirilib, uni otning ustidan tortib olishdi va ulug‘larining oldiga ot minib borib bo‘lmasligini anglatishdi. Ammo u kishi boshini mag‘rur tutib, nayzasini yerga qadab-qadab keta boshladi.

U har safar nayzasini yerga urganida, yerga to‘shalgan bir yo‘lbars terisini teshar edi. Robi’ roziyallohu anhu to‘g‘ri borib, taxtda o‘tirgan boshliqning yonidan joy oldi. Ammo xizmatkorlar darhol u kishini pastga o‘tirishga majbur etishdi. Shunda Robi’ roziyallohu anhu: “Bizga sizlar haqingizda, adolatli podshohlaringiz haqida xabarlar borar edi. Hammasi behuda ekan. Agar o‘zingizga o‘xshash bir odamga shunchalar ta’zim qiladigan bo‘lsangiz, bizga hech ham teng kela olmaysizlar”, dedi.

Forslarning kattasi tarjimonga: “Undan so‘ra-chi, nima uchun kelishdi ekan?” dedi. Robi’ roziyallohu anhu bu savolning javobiga asrlar bo‘yi qoida bo‘lib qolgan jumlani aytdi. U: “Alloh taolo bizni bandalarni bandalarga ibodat qilishdan Allohga ibodat qilishga, dinlarning jabridan Islomning adliga, bu dunyo torligidan u dunyo kengligiga chiqarish uchun yubordi”, dedi.

Ha musulmon fotihlar boshqa yurtlarga o‘z foydalarini ko‘zlab emas, balki Allohning amrini bajarish uchun borganlar. Ular dunyodagi insonlar qullikning turli ko‘rinishlaridan ozod bo‘lishlari uchun kurashganlar. Yer yuzida faqat Allohning hukmi barqaror bo‘lishini istaganlar. Ular yer yuzidagi biron kimsaga jabr va zulmni ravo ko‘rmaganlar. Har kim xohlagan dinini tanlab, Islom adolatidan foydalansin, deb harakat qilganlar.

Ular qaysi yurt tuprog‘iga qadam qo‘ysalar, oldin yerlik aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borganlar. Chunki ularning vazifasi kishilarga Allohning dini – Islomni yetkazish bo‘lgan. Ular haq dinga targ‘ib qila turib, odamlarga «Musulmon bo‘l – salomat bo‘lasan yoki diningda qolmoqchi bo‘lsang, jizya ber. Unga ham, bunga ham ko‘nmasang, oramizda urush bo‘ladi», – deyishgan.

Musulmon fotihlar: «Biz tajovuzkor urush qilmaymiz, birovni dinimizga kirishga majbur ham etmaymiz. Biz faqat boshqalarni Islomga da’vat qilamiz, kim xohlasa, mo‘min bo‘lsin, xohlamasa, kofirligicha qolsin – o‘zining ishi. Faqat bizning yo‘limizni to‘smasin, boshqalarni da’vat qilishimizga xalaqit bermasin. Islomga kirmoqchi bo‘lganlarning ham yo‘lini to‘smasin. Bizning fikrimizcha, inson faqat musulmon bo‘lgandagina, yolg‘iz Allohga ibodat qilgan bo‘ladi. Bu haqiqatni odamlarga yetkazish bizga topshirilgan.

Topshiriqni ado etishimizga to‘siq bo‘lma! Kim betaraf bo‘lsa, marhamat, chetda tinch-omon turaversin. Lekin kim bizga qarshi chiqsa, da’vatga yo‘l bermasa, boshqalarning Islomni o‘rganishiga to‘siq bo‘lsa, u bilan urushishdan boshqa iloj qolmaydi», – deydilar. Musulmonlarga urush qilganlarga qarshi urush qilinadi, xolos. Islomiy qoida bo‘yicha, urush paytida qari kishilar, yosh bolalar, ayollar va ibodatxonalarga tegish mumkin emas.

Shuningdek, qurol ko‘tarib chiqmaganlar ham tinch qoladilar. Agar Alloh nusrat berib, musulmonlar g‘olib kelsalar, dushmanni qurolsizlantirib, ularning Islom soyasida tinch-omon yashashlari joriy qilinadi. Urushmasdan, dastlabki da’vatdayoq o‘z dinida qolib, jizya berishni ixtiyor etganlar ham musulmonlar bilan birga tinch-omon yashayveradilar.

Jizya odamlarni qiynash uchun joriy qilingan soliq emas. U har bir boshga majburiy ham emas, balki qodir kishilardan ma’lum miqdorda olinadigan to‘lovdir. Birinchidan, jizya Allohning diniga da’vat qilishning yo‘lini to‘smaslik, qarshi turmaslik alomati sifatida beriladi.

Ikkinchidan, jizya bergan shaxsni musulmonlar ichki va tashqi dushmanlardan himoya qiladilar. Uning o‘zi, molu mulki va oila a’zolarining himoyasini o‘z zimmalariga oladilar. Jizya to‘lagan kishi harbiy xizmatdan va boshqa safarbarliklardan ozod qilinadi.

Uchinchidan, jizya to‘lagan kishi musulmonlar taqdim etadigan ommaviy-ijtimoiy ta’minotlardan foyda oladi. Ular qurgan ko‘prik, yo‘l, bozor va boshqa narsalardan foydalanadi. Qariganda, keksalik nafaqasi oladi.

To‘rtinchidan, musulmonlar jizya olgandan so‘ng yuqorida zikr etilgan ishlarni bajara olmasalar, jizyani qaytarib, egasiga topshiradilar.

Umuman, jizya masalasiga tuzukroq nazar solinsa, uni har kim o‘zi uchun berishi ayon bo‘ladi. Xuddi shu ma’noda musulmonlar ham Baytul molga zakot, ushur va boshqa yo‘llar bilan o‘z hissalarini qo‘shadilar. Islomdagi jizyaning adolatini yanada yaxshi tushunish uchun uni tanqid qilib, adolatsiz deganlardan birining muomalasiga nazar solaylik.

Kommunistlar o‘z foydalarini ko‘zlab, kishilarni aldash uchun ba’zi diniy tashkilotlar tuzgan edilar. Bu tashkilotlarda faqat ular ixtiyor qilgan kishilar ishlashiga qaramasdan, o‘sha tashkilotlarga ham, ularda ishlovchilarga ham misli ko‘rilmagan og‘ir soliqlar solinar edi. Ba’zi bir maishiy xizmatlar uchun diniy tashkilot va xodimlar tomonidan to‘lanadigan haq ham boshqalar to‘laydigan to‘lovlardan ortiq edi. Buning ustiga, ular diniy ishda ishlagan vatandoshlarga har qanday nafaqa berishdan, jumladan, qarilik nafaqasi berishdan mutlaqo bosh tortar edilar. Xulosa qilib aytilganda, Xudoga ishongan odam kommunistlarga haq to‘lab, ishonishi kerak edi. Shu hollariga ularning boshqalarni tanqid qilishlariga hayronsan.

Demak, ahli kitoblar Islomni qabul qilsalar, musulmonlar bilan birodar bo‘lib yashayveradilar. Islomni qabul qilmay, jizya bersalar, ularning himoyasi, tinchlik-omonligi va diniy erkinligi musulmonlar zimmasida bo‘ladi. Musulmonlar o‘zlari erishgan baxt-saodatga boshqalar ham erishishini istaydilar. Ana shu istak yo‘lidagi to‘siqlarga, kufr, zulm va tug‘yonlarga qarshi kurashadilar.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ahli kitoblar musulmonlardan zulm ko‘rganmi?