date

Xitoyda yosh kuryer 30 soat qamalib qolgan ayolni qutqardi

Xitoyda yosh kuryer 30 soat qamalib qolgan ayolni qutqardi

Xitoyning Sichuan provinsiyasida sodir bo‘lgan noodatiy voqea butun jamoatchilik e’tiborini tortdi. Oziq-ovqat yetkazib beruvchi yosh kuryer o‘zining ziyrakligi va mas’uliyatliligi orqali bir ayolning hayotini saqlab qoldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 avgust kuni Leshan shahrida xizmat paytida yurgan Chjan ismli talaba yo‘lakda qonda yozilgan “110 625” raqamlari tushirilgan oq yostiqni ko‘rib qolgan. Shubhali holatdan xavotirga tushgan u darhol politsiyaga murojaat qilgan.

Yostiqdagi raqamlar aniq manzilga ishora qilgani ma’lum bo‘ldi. Xona raqami va qavatni anglatuvchi “625” belgisi orqali huquq-tartibot idoralari voqea joyiga yo‘naltirildi.

Dastlab zo‘ravonlik yoki odam o‘g‘irlanishidan shubhalangan politsiya eshikni buzib kirgach, ayolning 30 soatdan beri yotoqxonada qulflanib qolganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Chjou ismli ayol uyni tozalayotganda shamol eshikni yopib yuborgan va buzuq qulf tufayli u ichkarida qamalib qolgan. Telefoni esa mehmonxona zalida qolib ketgani sabab, yordam chaqirish imkoniyati bo‘lmagan.

Ayolning turli urinishlari — eshikni tepish, taqillatish, hatto derazadan qizil kostyum osish — samara bermagan. Oxir-oqibat u barmog‘ini tishlab, qoni bilan yostiqqa “110 625” yozgan va derazadan tashqarga otgan.

“Politsiya eshikni buzib kirganida xuddi oilamni ko‘rgandek his qildim”, – degan Chjou qutqarilgandan keyin.

U minnatdorchilik sifatida Chjanga 1 000 yuan taklif qilgan, ammo u rad etgan. “Men hali talabaman, bu shunchaki bir oddiy yaxshilik edi. Har kim politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lardi”, – dedi yosh kuryer.

Hodisadan keyin Chjan ishlaydigan Meituan kompaniyasi unga “Pioneyer Rider” faxriy unvonini berdi va 2 000 yuan mukofot bilan taqdirladi.

Shubhasiz, bu voqea jamiyatdagi mehr-oqibat va insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida tarixda qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda yosh kuryer 30 soat qamalib qolgan ayolni qutqardi