date

70 yoshdan oshgan haydovchilarga yangi cheklovlar

70 yoshdan oshgan haydovchilarga yangi cheklovlar
  Buyuk Britaniyada haydovchilik qoidalari va yo‘l harakati xavfsizligi tizimiga jiddiy o‘zgarishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Yangi talablarga ko‘ra, 70 yoshdan oshgan haydovchilar uchun qator qo‘shimcha cheklovlar belgilanadi. Jumladan, ular har uch yilda bir marta ko‘rish qobiliyatini majburiy ravishda tekshirishdan o‘tishi shart qilinadi. Agar tekshiruv natijasi qoniqarsiz deb topilsa, bunday haydovchilarga yana avtomobil boshqarishga ruxsat etilmaydi. Bu haqda Telegraph nashri orqali ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligiga oid ushbu yangi strategiya nafaqat ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq cheklovlarni, balki bir qator boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda rulga o‘tirish me’yori ancha pasaytirilishi, xavfsizlik kamari taqmagan yo‘lovchi bo‘lgan haydovchilarga esa to‘g‘ridan to‘g‘ri jarima ballari qo‘llanishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu qonunchilik yangiliklari shu yil kuzida amalga tatbiq etilishi kutilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday choralar asosan ko‘rish qobiliyati susaygan haydovchilar sabab sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlarini kamaytirish maqsadida kiritilmoqda. Shu bilan birga, yangi tizim doirasida qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

— Spirtli ichimlik ichgan holda rulga o‘tirish me’yori Shotlandiyadagi darajagacha pasaytiriladi, ya’ni 35 mikrogrammdan 22 mikrogrammgacha qisqartiladi.
— Avtomobilda xavfsizlik kamari taqmagan yo‘lovchi bo‘lsa, haydovchiga jarima ballari beriladi.
— Demensiya kabi og‘ir kasalliklarni aniqlash uchun qo‘shimcha tibbiy ko‘riklar joriy etiladi.

Shuningdek, sug‘urtasiz mashina haydagan haydovchilar uchun yanada qattiqroq jazolar belgilanishi, shuningdek, kuzatuv kameralari tomonidan tanilmaydigan davlat raqamlari muammosi ham hal qilinishi ko‘rib chiqilmoqda.

Transport vazirligi ta’kidlashicha, bu rejalar mamlakat yo‘llarida sodir bo‘layotgan halokatlar va o‘limlar soni ortib borayotgani sharoitida ishlab chiqilgan. Yangi qoidalarning asosiy maqsadi — yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash, qonunbuzarliklarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish va harakat tartibini mustahkamlashdan iborat.

Mutaxassislarning fikricha, yaqin kelajakda bu cheklovlar nafaqat yirik shaharlarda, balki butun mamlakat bo‘ylab yo‘l harakati madaniyatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishi mumkin

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 70 yoshdan oshgan haydovchilarga yangi cheklovlar