13:00 / 28.06.2020
2 157

Menejerlar qancha maosh oladi? Rossiyaning eng «qo‘li ochiq» kompaniyalari

Menejerlar qancha maosh oladi? Rossiyaning eng «qo‘li ochiq» kompaniyalari
Forbes Rossiyadagi menejerlarga eng ko‘p maosh to‘laydigan kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiyadagi eng saxiy 25 kompaniya top-menejerlariga to‘laydigan mablag‘ning umumiy miqdori yiliga 60 milliard rublni (salkam 1 milliard dollar) tashkil etadi.

«Prezidentning maoshi ham uncha katta emas», degan edi Putin 2020 yil boshida o‘ziga «Oyiga 10 800 rublga (150 dollar atrofida) kun kechirib bo‘ladimi?» deb berilgan savolga javob bera turib.

«Kommersant’» nashrining yozishicha, mamlakatdagi birinchi shaxsning ish haqi haqiqatan yirik kompaniyalar rahbarlari va top-menejerlar oladigan ish haqi oldida juda kamtarona ko‘rinishda.

Shu sababli, so‘nggi paytlarda top-menejerlar maoshini qisqartirish haqida qonun qabul qilish lozimligi haqida turli takliflar bildirilyapti. Masalan, Rossiya kompaniyalarini boshqarayotgan top-menejerlarning ish haqini qonuniy ravishda Rossiya bosh vaziri olayotgan ish haqining uch barobari miqdoricha qisqartirish taklif etilmoqda. O‘shanda top-menejerlarning yillik daromadi 30 million rubllik miqdordan oshib ketmaydi. Shuningdek, ayrim top-menejerlarning o‘zi ham ish haqiga chegara qo‘yilishiga roziligini bildirgan.

2019 yil davomida direktorlar kengashi va boshqaruv kengashi a’zolariga 4,4 milliard rubl miqdorida haq to‘lagan VTB banki top-menejerlarning ish haqi cheklanadigan qaror qabul qilinishiga ishonmaydi. Forbes nashri qo‘lga kiritgan izohlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi tufayli yomonlashayotgan iqtisodiy sharoitlar sabab ish haqi to‘lovlarining hozirgi holati maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida VTB banki direktorlar kengashi 2019 yil uchun to‘lanadigan dividendlar miqdorini belgilaganidan so‘ng bir qarorga kelinadi.

2019 yil may oyida SSJ 100 samolyotining halokati tufayli «Aeroflot» top-menejerlari o‘tgan yil davomida o‘z ish haqiga qo‘shib to‘lanishi lozim bo‘lgan bonuslarni olishmagan. Aviakompaniyaning o‘tgan yilgi hisobotida asosiy boshqaruv xodimlariga 2,1 milliard rubl miqdorida ish haqi va mukofotlar to‘langani qayd etilgan. Bunda nafaqat kompaniya rahbarlari, balki yerdagi va havodagi xodimlari ham nazarda tutilgan.

Yuqoridagi mablag‘ning qanchasi hanuz uni oluvchilarga yetib bormagani hisobotlarda yashirilmayapti. Biroq 2019 yil 25 iyunda aviakompaniya hissadorlari yig‘ilishida «Aeroflot» bosh direktori Vitaliy Savelev yuqori darajadagi top-menejerlar falokat yuz berganda o‘z ish haqiga qo‘shib to‘lanadigan bonuslarni yo‘qotishi mumkinligi haqida gapirgan. Ya’ni, u o‘tgan yil may oyida ro‘y bergan aviahalokat tufayli menejerlarga ikkinchi chorakdan yil oxirigacha bonuslar berilmasligini aytgan.

Shunday bo‘lsa ham, Forbes Rossiyaning eng saxiy kompaniyalari ro‘yxatini tuzishda VTB hamda «Aeroflot» kompaniyalarini ro‘yxatga qo‘shgan. Chunki ular Rossiyada boshqaruvchilariga eng katta haq to‘laydigan kompaniyalar hisoblanadi.

Forbes tahlilchilari o‘tgan yildagi kabi Moskva birjasida kapitalizatsiyalash yuqori bo‘lgan 100ta eng yirik kompaniyalarning hisobotlarini ko‘rib chiqqan va ulardan 25tasini tanlab, asosiy boshqaruv xodimlariga maksimal darajada qancha to‘lovlar to‘layotganini tahlil qilgan. Tahlilda ish haqi va mukofot pullari kabi faqat qisqa muddatli ish haqi turlari hisoblab chiqilgan va sug‘urta, pensiya badallari qo‘shilmagan.

Ro‘yxat tuzilgach jurnal xodimlari ularni top-25 kompaniyalarga jo‘natib, kompaniyalardan rahbarlarga, menejerlarga to‘lanayotgan ish haqi va mukofot pullari haqidagi ma’lumotlarni berishni so‘ragan.

Shuningdek, bu yil nashr xodimlari «Gazprom» tarkibiga kiruvchi barcha kompaniyalar, shu jumladan uning sho‘’ba korxonalaridan biri bo‘lgan «Gazprom neft» kabi kompaniyalarni alohida kompaniyalar deb hisoblagan holda alohida hisobot so‘ragan.

Ketma-ket ikkinchi yil o‘z boshqaruvchilariga va top-menejerlariga yuqori ish haqi va mukofotlar to‘lashda birinchi o‘rinni «Norilskiy nikel» tog‘-kon metallurgiya kompaniyasi egallagan. Bu kompaniya yil davomida menejerlariga ish haqi va mukofotlar uchun 6,3 milliard rubl sarflagan. Bu 100 million dollar degani. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni ish haqi va mukofotlar uchun deyarli bir xil mablag‘ sarflagan «Novatek» korporatsiyasi va VTB banki band qilgan. Ular yil davomida o‘z boshqaruvchilariga ish haqi va mukofot tarzida 4,4 milliard rubl to‘lagan.

Jami 25 kompaniya o‘z boshqaruvchilari va top-menejerlari uchun ish haqi va mukofotlar uchun 2020 yilda 60,4 milliard rubl ajratgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 54,5 milliard rublni tashkil etgan. Bu yilgi ro‘yxat ishtirokchilaridan o‘tgan yilga nisbatan yettita kompaniya o‘z to‘lovlarini kamaytirgan. Masalan, boshqalariga qaraganda «Gazprom» (1,4 milliard rubldan 1,96 milliard rublgacha) va «Rosneft» (278 million rubldan 3,79 milliard rublgacha) o‘z xarajatlarini salmoqli ravishda qisqartirishdi. Forbes ro‘yxatida keltirilgan 25 kompaniyaning o‘ntasi davlat tomonidan nazorat qilinadi.

Ro‘yxatdagi eng kamtar kapitalizatsiyaga ega bo‘lgan kompaniya Arkadiy Rotenbergning hozir jiddiy sanksiyalarga uchragan «Mostotrest» kompaniyasi hisoblanadi. 2019 yil oxirida 32 milliard rubllik kapitalizatsiya ko‘rsatkichlari bilan kompaniya boshqaruv to‘lovlariga 2,2 milliard rubl mablag‘ ajratgan.

Forbes ro‘yxatida yetakchilik qilgan kompaniyalar beshligi:

«Norilskiy nikel»
Direktorlar kengashi raisi:
Penni Garet.
Prezident: Vladimir Potanin.
2019 yilda kompaniya boshqaruvchilari va top-menejerlariga to‘langan ish haqi va mukofot pullari miqdori 6,3 milliard rublni tashkil etgan.
2019 yilda kapitalazitsiya qiymati: 3 trillion rubl.
«Norilskiy Nikel»da boshqaruv a’zolarining ish haqi strategik maqsadlarga erishishga bog‘liq va belgilangan ish haqi (yarmiga yaqin) va bonuslardan iborat. Bonus qismi kompaniyaning ish faoliyatiga bog‘liq. «Norilskiy Nikel» direktorlar kengashi va boshqaruv a’zolariga qarz va kredit bermaydi. O‘tgan yili direktorlar kengashining ish haqi 249 million rublni tashkil etdi.

«Novatek»
Direktorlar kengashi raisi:
Aleksandr Natalenko
Boshqaruv raisi: Leonid Mixelson.
2019 yilda kompaniya boshqaruvchilariga to‘langan ish haqi va mukofot pullari miqdori: 4,4 milliard rubl.
2019 yildagi kapitalizatsiya qiymati: 3,8 trillion rubl.
«Novatek» oxirgi bir yilda ish haqi va mukofotlar uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini 1 milliard rublga oshirdi. Kompaniya direktorlar kengashi a’zolarining yillik ish haqi yiliga 15 million, mukofot puli esa yiliga 4,5 million rublni tashkil etadi. Boshqaruv raisi va dirkektorlar kengashi raisining ish haqi 30 million, mukofot pullari esa 3 million rublni tashkil etadi.

VTB
Kompaniya kuzatuv kengashining raisi:
Anton Siluanov.
Kompaniya prezidenti – boshqaruv raisi: Andrey Kostin.
2019 yilda kompaniya boshqaruvchilari va top-menejerlariga to‘langan ish haqi va mukofot pullari miqdori 4,4 milliard rublni tashkil etgan.
2019 yilgi kompaniyaning kapitalizatsiya qiymati: 591 milliard rubl.
Joriy yilda VTBda yuzaga kelgan jiddiy yo‘qotishlar sabab kompaniya menejerlariga 2019 yilda berilishi lozim bo‘lgan mukofot pullarini bermaslikni rejalashtiryapti. Bu masala haqidagi yakuniy qaror bank direktorlar kengashining sentabr oyida o‘tkaziladigan yig‘ilishida chiqariladi.

«Sistema» aksiyadorlik moliya korporatsiyasi
Direktorlar kengashi raisi: Vladimir Yevtushenkov.
Prezident – boshqaruv raisi: Vladimir Chiraxov.
2019 yilda kompaniya boshqaruvchilariga to‘langan ish haqi va mukofotlar miqdori 4,38 milliard rubl.
2019 yildagi kapitalizatsiya qiymati: 147 milliard rubl.
«Sistema» korporatsiyasi 2019 yilda o‘z boshqaruvchilariga to‘lanadigan ish haqi va mukofot pullarini 2018 yildagiga qaraganda 2,2 milliard rublga oshirdi. Bunga 2019 yilda kompaniyaning moliyaviy holati a’lo darajada bo‘lgani bilan izoh berildi. Ushbu kompaniya 2019 yilda 53,4 milliard sof foyda ko‘rdi.

«Sberbank»
Kuzatuv kengashi raisi:
Sergey Ignatev.
Boshqaruv raisi: German Gref.
2019 yilda kompaniya menejerlariga to‘lagan ish haqi va mukofotlar uchun 4,36 milliard rubl sarflagan.
2019 yildagi kapitalizatsiya qiymati: 5,5 trillion rubl.
2019 yilda «Sberbank»dagi menejerlarga to‘lanadigan haq deyarli 800 million rublga oshdi. «Sberbank» boshqaruvi a’zolarining ish haqi qisman bankning natijalari va ushbu natijaga erishish uchun har bir boshqaruv a’zosining shaxsiy hissasiga bog‘liq. 2015 yildan beri bank asosiy menejerlarini uzoq muddatli rag‘batlantirish dasturi ishlab kelmoqda. Dasturga ko‘ra, menejerlar bank aksiyalari qiymati oshishiga qarab naqd pul to‘lash yo‘li bilan rag‘batlantiriladi. «Sberbank» kuzatuv kengashining a’zosi yil davomida yig‘ilishlarning kamida yarmida qatnashgan bo‘lsa, u albatta mukofot pullarini oladi.

Forbes ro‘yxatida shuningdek, Rosneft, TMK, Transneft, Mostotrest, Aeroflot, Magnit, M.Video-Eldorado, Gazprom neft, Gazprom, Gruppa PIK, CHTPZ, Lukoyl, MTS, Polyus, Rusneft, Gruppa LSR, Inter RAO, Rusgidro, Rosseti, Tatneft kompaniyalari o‘rin olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Menejerlar qancha maosh oladi? Rossiyaning eng «qo‘li ochiq» kompaniyalari