22:33 / 19.07.2020
2 653

Ozarboyjon va Armaniston mojarosi: «Muzlatilgan muammo» nega eriy boshladi?

Ozarboyjon va Armaniston mojarosi: «Muzlatilgan muammo» nega eriy boshladi?
Foto: Reuters
Ozarboyjon-Armaniston chegarasida keskinlik kuchayib bormoqda. 12 iyul kuni peshin vaqti Armaniston Ozarboyjonning Tovuz tumaniga og‘ir qurollar bilan hujum qildi va Ozarboyjon qurolli kuchlarining javob qaytarishi bilan ortga chekinishga majbur bo‘ldi. To‘qnashuvlar oqibatida ikki tomon ham jiddiy yo‘qotishlarga uchragani, xususan, Ozarboyjonning 7 askari, Armanistonning esa o‘nlab askarlari halok bo‘lgani aytilmoqda. Ammo shunga qaramay, ikki tomon ham o‘z tajovuzkor pozitsiyasini davom ettirmoqda. Aytish mumkinki, mazkur vaziyat mintaqaviy urush ssenariylarining yana bir bor «kadrga ko‘chishi»ga olib keldi.

Voqeaga kim qanday munosabat bildirmoqda?
Armanistonning tajovuziga nisbatan Turkiya jiddiy reaksiya berdi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Armanistonning hujumlarini qoraladi va uni xalqaro huquqni hurmat qilishga, bosib olingan hududlarni tark etishga chaqirdi.

OAVda Turkiya Ozarboyjon armiyasiga yordam uchun turkiyalik harbiylar va Suriya shimolidagi Suriya ozodlik armiyasi guruhi jangarilaridan tarkib topgan bo‘linmalarni yuborishga tayyorligi haqida xabarlar tarqaldi.

Rossiya esa tomonlarni sulh shartlariga rioya qilishga undadi va agar kerak bo‘lsa, tomonlar o‘rtasida vositachilik qilishi mumkinligini ma’lum qildi. AQSH, Angliya va G‘arbning boshqa davlatlari tomonlarni mo‘’tadil bo‘lishga chaqirdi.

Pokiston Armanistonning hujumlarini keskin qoraladi va Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ukraina va Moldova ikki tomonni murosaga chaqirish barobarida Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hurmat qilishni hamda BMT Xavfsizlik Kengashining Armaniston tomonidan hujum harakatlari to‘xtatilishini nazarda tutuvchi 822, 853, 874 va 884-sonli rezolyutsiyalarga amal qilishni so‘radi. Masalani xalqaro huquqning asosiy prinsiplariga va ayniqsa, hududiy yaxlitlik tamoyiliga muvofiq holda hal etish lozimligi bildirildi. Hatto Ukrainaning Yerevandagi elchisi Armaniston Tashqi ishlar vazirligiga tashrif buyurib, yuzaga kelgan holat jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ifoda etdi.

Eron ham yo‘qotishlardan afsusda ekanligini bildirdi va tomonlarni sulhga chaqirdi. Ozarboyjon va Eron tashqi ishlar vazirlarining telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatida Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash bildirildi.

BMT, Yevropa Ittifoqi (YEI), Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), NATO, shuningdek, Armaniston a’zo bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) sulh buzilishi va qizg‘in mojarolarning boshlanishidan bezovta bo‘lganliklarini ma’lum qildilar. Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) hujumlarida Armanistonni ayblab, Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatladi.

Ziddiyatning tarixiy ildizlari

Ozarboyjon-Armaniston urushi

1905 yilda Bokuda ko‘cha urushlari bo‘lib o‘tdi, shahar ozarlar va armanlardan iborat ikki guruhga bo‘lindi. Ammo vaqt o‘tishi bilan armanlar Bokuni tashlab chiqishdi va hozirgi Armaniston chegaralariga chekinishdi.

Ozarboyjon-Armaniston urushi 1917 yilda Oktabr inqilobidan keyin boshlangan. Aksariyat hujumlar tizimli armiya bilan amalga oshirilmagan. Keyinchalik Ozarboyjon demokratik Respublikasi tuzilgan.

Qorabog‘ urushi
Mazkur urush 1988 yil fevraldan - 1994 yil mayga qadar davom etgan. Urush Ozarboyjon Sovet Tog‘li Qorabog‘ Avtonom Respublikasini Arman Sovet Sotsialistik Respublikasiga bog‘lamoqchi bo‘lgan armanlar va buni qabul qilmagan Ozarboyjon turklari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan.

1994 yil 12 mayida yakunlangan Qorabog‘ urushi arafasida Tog‘li Qorabog‘ mintaqasidagi va uning atrofidagi ba’zi aholi punktlari arman kuchlari tomonidan bosib olingan. Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (hozirgi Arsax Respublikasi) garchi o‘z mustaqilligini e’lon qilgan bo‘lsa-da, BMTga a’zo biror-bir davlat uni tan olmaydi. Faqat Janubiy Osetiya urushi natijasida bir tomonlama mustaqilligini e’lon qilgan Abxaziya hamda Janubiy Osetiyagina Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olishgan, keyinchalik ularning safiga Moldovadagi Dnestryan ham qo‘shildi.

Ta’kidlash joizki, Tog‘li Qorabog‘dagi yetti tuman va uning atrofidagi joylar ikki davlat o‘trasidagi kelishmovchiliklarning bosh sababidir. Yillar davomida OSSЕ (Organization for Security and Co-operation) orqali olib borilgan muzokaralardan hech qanday natija bo‘lmadi. Shu bois, ikkala mamlakat hukumatlari yechim uchun yetarliga kuch sarflamaslikda va bu masaladan hokimiyatda qolish vositasi sifatida foydalanishda ayblab kelinadi.

2008 yilda BMT Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tasdiqlovchi qaror qabul qildi va arman kuchlaridan bosib olingan yerlarni zudlik bilan tark etishlarini talab qildi. 100ta davlat qatnashmagan ovoz berish jarayonida 39 ovozga qarshi 7 ovoz (AQSH, Angola, Armaniston, Fransiya, Hindiston, Rossiya va Vanuatu) bilan qaror qabul qilingan. Ammo Armaniston ushbu qarorga bo‘ysunmayapti va Tog‘li Qorabog‘da va uning atrofidagi yerlarda harbiy kuchlarni ushlab turishda davom etmoqda.

2012 yildagi Ozarboyjon-Armaniston chegarasidagi to‘qnashuvlar
O‘shanda arman askarlari Yuqori Qorabog‘da navbatchilik qilayotgan ozarbayjonlik askarlarga tazyiq o‘tkazgandilar. Ikkinchi tomon esa ushbu holatni chegarani buzish, deb baholadi va bunga javoban o‘t ochdi. Vaqt o‘tishi bilan ziddiyatlar kuchayib bordi. Qo‘shimcha kuchlar yetib kelgach, to‘qnashuv olovi yanada alangalanib ketdi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan bayonotda arman askarlari Go‘ygo‘l, Gedebey, Goranboy, Agdam, Fuzuli, Kazak, Tovuz va Jebrail hududlarida sulhni buzganliklari aytildi.

2014 yildagi Ozarbayjon-Armaniston chegarasidagi to‘qnashuvlar
2014 yil 31 iyuldan 2014 yil 2 avgustgacha arman askarlari Ozarboyjon chegarasiga daxl qilib, o‘rtadagi sulhni buzishgan. Ozarboyjon askarlari esa javob qaytargan.

2016 yildagi Ozarboyjon-Armaniston to‘qnashuvi
Ozarboyjon va Armaniston qurolli kuchlari bilan Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasi o‘rtasida 2 aprel kuni to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, to‘rt kun davom etgan. Bu Qorabog‘ urushi tugagan 1994 yildan keyin qayd etilgan eng shiddatli to‘qnashuvdir. 5 aprel kuni sulh bo‘yicha qaror qabul qilingach, to‘qnashuvlar yakunlangan.

O‘shanda 1 apreldan 2 aprelga o‘tar kechasi Ozarboyjon-Armaniston chegarasida kuchli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, Ozarboyjon armiyasi Goranboy va Naftalan shaharlariga xavf tug‘dirishi iddao qilingan Talis qishlog‘i atrofidagi tepalik va Seysulani arman kuchlaridan tozalagan. Fuzuliy tumanidagi Horadiz shahri yaqinidagi Lele tepaligi ham Ozarboyjon armiyasi nazorati ostiga o‘tgan. Olingan hududlarda mudofaa chizig‘i qurilgani va pozitsiyalar mustahkamlangani e’lon qilindi. Armaniston esa Ozarboyjonning ayrim hududlarni bosib olgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.

Ozarboyjonning da’vosiga ko‘ra, Armaniston kuchlari tinch aholi punktlariga hujum qilgan va natijada bir ozarboyjonlik vafot etgan. Ozarboyjon armiyasining javobi bilan 3 arman askari halok bo‘lgan. Tanglik va mojarolar kuchaygan. Ozarboyjon armiyasi «tinch aholining xavfsizligini ta’minlash uchun» Agdere, Terter, Agdam, Xojavend va Fuzuliy tumanlarida operatsiyalar boshlagan.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi to‘qnashuvlarda Arman armiyasiga tegishli 6 tank va 15 qurol yo‘q qilinganini, halok bo‘lgan yoki yaralangan arman askarlari soni 100dan oshganini bildirdi. Bundan tashqari, Arman kuchlari tomonidan bitta Mi-24 vertolyoti urib tushirilgan va bitta tank portlovchi mina tufayli yaroqsiz holga kelgan.

3 aprel kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi bir tomonlama sulh e’lon qildi. Arman tomoni Ozarboyjon kuchlari hujumlarini davom ettirganini bildirdi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi agar armanlar o‘t ochishni davom ettirsalar, ular ham javob qaytarishini ma’lum qildi. Armaniston harbiy amaldorlari Talis qishlog‘i va uning atroflari qaytarib olinganini ta’kidlashdi, Ozarboyjon esa bu da’voni rad etdi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston tinchlikni xohlamasligini ta’kidlab, ushbu davlatni provokatsiyada aybladi va u «biz katta g‘alabaga erishdik», deb e’lon qildi.

4 aprel kuni to‘qnashuvlar ertalabdan kuchaydi. Ozarboyjon kuchlari Grad tipidagi raketalar bilan hujum qildi. Bundan tashqari, arman kuchlariga tegishli qo‘mondonlik markazi portlatildi va ko‘plab harbiylar, xususan, ikki yuqori martabali ofitser halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Shu kuni ozarboyjonliklarning uchuvchisiz samolyoti arman ko‘ngillilarini olib ketayotgan avtobusni o‘qqa tutishi natijasida besh arman halok bo‘ldi.

Armaniston prezidenti Serj Sarkisyan agar ziddiyatlar kuchayib borsa, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini tan olishini ta’kidladi. Bundan tashqari, Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Arsrun Ovanisyan tun bo‘yi davom etgan mojaro paytida ba’zi hududlarni egallab olganliklarini aytdi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi arman kuchlari tinch aholiga qarshi hujumlarni davom ettirsa, Qorabog‘ armanlari tomonidan poytaxt deb e’lon qilgan Xankendi shahriga (Stepanakert) hujum qilinishi mumkinligi haqida bayonot berdi.

5 aprelga o‘tar kechasi Matagis atrofida shiddatli to‘qnashuvlar yuz berdi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi to‘qnashuvlarda Armaniston kuchlariga tegishli besh tank va o‘q-dorilar bilan to‘ldirilgan beshta transport vositasi to‘liq tarkibi bilan yo‘q qilinganini va 70ga yaqin arman askari halok bo‘lganini ma’lum qildi. To‘qnashuvlar, asosan, Agdere mintaqasidagi Matagis mintaqasida ro‘y bergani aytiladi.

5 aprel kuni Vena shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi, tomonlar o‘zaro kelishib oldilar. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi ikkala tomon ham harbiy harakatlarini to‘xtatganini ma’lum qildi. Tog‘li Qorabog‘ harbiy amaldorlari ham harbiy harakatlarini to‘xtatish haqida buyruq olganliklarini aytishdi.

«Muzlatilgan muammo» yana eriy boshladimi?

Ozarboyjon-Armoniston chegarasidagi mojarolarning sabablari haqida turli qarashlar mavjud. Aslida, ushbu mojaro tarixini, uning paydo bo‘lishi, sulh jarayoni va keyingi «tinchlik jarayoni» bilan yaqindan tanish bo‘lganlar uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyat kutilmagan hodisa emas.

Ma’lumki, urushning birinchi bosqichida ko‘proq tayyorgarlikka ega bo‘lgan (ASALA terror tashkilotining tajribali xodimlari, shuningdek, harbiy, iqtisodiy va diplomatik jihatdan kuchli tashqi dastakka ega) Armaniston Ozarboyjon hududining qariyb 20 foizini egallab olgan. Shundan keyin BMT Xavfsizlik Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlar bosqinchilikni qoralagan va ishg‘olni iloji boricha tezroq, so‘zsiz bekor qilishni talab etuvchi qarorlar qabul qilgandi. Ammo Armaniston ushbu qarorlarni va 1994 yil may oyida imzolangan sulh bitimini bajarmadi. U Ozarboyjonni keng bosqin va yangi hujumlar ehtimoli bilan bosim ostida ushlab turishga va Ozarboyjonning o‘z hududini saqlab qolishga bo‘lgan urinishlarini Rossiyaning harbiy ko‘magi bilan yo‘qqa chiqarishga ishonib keladi.

Aytish joizki, o‘tgan yillar mobaynida mintaqadagi barcha manfaatlar va masala yuzasidan ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kuchlarning deyarli bari mavjud og‘ir vaziyatdan foydalanib qolishga va ishg‘ol muammosi bo‘yicha tomonlar bilan muzokaralar olib borishga harakat qilishdi. Shu sababli, Ozarbayjon yerlarini Armaniston tomonidan egallab olinishi muammosi (qisqacha aytganda, Qorabog‘ muammosi) sobiq sovet geografiyasidagi ko‘plab masalalar singari «muzlatilgan muammo» sifatida tavsiflanib keldi.

Ammo ayniqsa, Rossiyaning 2008 yil avgust oyida Gruziyaga qilgan aralashuvidan so‘ng «muzlatilgan muammolar», aslida, muzlatilmagani va aksincha, bu holat katta xavf tug‘dirishi mumkinligi oydin bo‘lib qoldi. Shu bois, muammoni hal qilishga bo‘lgan urinishlar kuchaydi. Shu ma’noda, 2008 yil 2 noyabrda Moskva yaqinidagi Mein-Dorf qal’asida Rossiya vositachiligi bilan imzolangan bitim sulhning kafolati bo‘lishi kutilayotgandi. Chunki tomonlar ilk marta Rossiya tomonidan imzolangan hujjat bilan muammoni hal qilishda tinch usullarga rioya qilishlarini bildirishgandi. Ammo qizig‘i shundaki, so‘nggi yillarda katta yo‘qotishlarga olib bitimni buzish holatlari tomonlar o‘rtasida muzokaralar paytida yoki bu muzokaralardan so‘ng takrorlanishda davom etdi.

Masalan, 2010 yilning iyunida, 2014 yilning avgustida, 2014 yilning noyabri va 2015 yilning dekabrida va boshqa ba’zi sanalarda yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, sulh shartlari buzilish holatlari kuzatildi, natijada urush ssenariylari kun tartibiga chiqdi. Ammo bu keskinliklardan bir necha kun o‘tgach, tomonlar yana avvalgi tartibga qaytishdi.

1994 yildagi sulh bitimidan so‘ng ro‘y bergan mojarolar paytida Armanistonning provokatsiyalariga qarshi javob bergan Ozarboyjon o‘z hududining bir qismini Armaniston istilosidan qutqardi va shu orqali 30 yillik urushda bu ilk bor psixologik ustunlikka erishdi. Bu esa o‘z navbatida Armanistonni va uning tarafdorlarini jiddiy tashvishga soldi. Shuning uchun ham adovat olovi hech so‘nmadi.

Armaniston Ozarboyjonni provokatsiya qilishga intilyaptimi?

Tovuzdagi bir necha qishloqlarda aholi turar joylari zarbaga uchragani aytildi / AZƏRBAYCAN XİN
Ozarboyjon nuqtayi nazaridan olib qaraganda, uning hududi (oldingi Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati va uning atrofidagi 7 tuman) Armanistonning bosqini ostida qolishi xalqaro huquqqa zid, qolaversa, ikki mamlakatning hozirgi harbiy, diplomatik, iqtisodiy va boshqa imkoniyatlariga mos emas. Boshqacha qilib aytganda, Ozarboyjon o‘zi lozim topgan paytda BMT Konvensiyasining 51-moddasiga asoslanib, mudofaaviy vakolati doirasida o‘z hududini arman bosqinidan ozod qilish huquqi va imkoniyatiga ega.

Armaniston bu tendensiyani o‘zi uchun juda xavfli deb biladi va Ozarboyjonning kuchayib borayotgan imkoniyatlarini Rossiya yordamida cheklash uchun (Gruziya va Ukraina misolida ko‘rilgani kabi) Ozarboyjonni provokatsiya qilishga intilmoqda. Bu gal unning ikki mamlakat chegarasida emas, boshqa mintaqadan hujum uyushtirgani ham bu doiradagi asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Mojarolar piligini qanday omil pasaytirib turibdi?
Aytish joizki, garchi Qorabog‘ muammosi murakkab xarakterga ega ekani va mazkur muammoning yuzaga kelishida yagona aybdor Rossiya emasligi ta’kidlansa-da, mavjud holatning yetilishi va masalani hal qilish jarayonidagi beqarorlikda ushbu davlatning Armanistonga berayotgan maxsus yordami ham katta rol o‘ynayapti.

Rossiya uchun Qorabog‘ muammosi Kavkazda o‘z ta’sir samaradorligini ta’minlash uchun zarur. Shuning uchun ham Rossiya masalaning to‘liq yechim topishini istamaydi. Yaqin vaqtlargacha jiddiy bir mojaroning boshlanishi va tomonlardan birining sezilarli ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligi zaif ehtimol sifatida ko‘rilardi. Qolaversa, Ozarboyjonning ushbu bosqichda Rossiya ham ishtirok etadigan urushga kirishni xohlamasligi, ayni paytda Rossiyaning Ozarboyjon ortidan o‘z boshiga yangi muammolar orttirib olishni istamasligi mojarolar piligini pasaytirib turibdi.

Muammo tezda hal qilinishi lozim
Ozarboyjon yerlarini Armaniston tomonidan bosib olinishi bilan bog‘liq muammo eskidan mintaqada manfaati mavjud bo‘lgan kuchlar uchun bir imkoniyat sanalgan bo‘lsa-da, endilikda u xavf manbasiga aylanmoqda. Shu bois Janubiy Kavkazdagi muammolarning yechim topmasligidan foydalanishga harakat qilayotgan kuchlar uchun «na urush, na tinchlik» holati endi avvalgiday sog‘lom emas.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida boshlanishi mumkin bo‘lgan keng miqyosli urush Suriya va Liviyadagi vaziyatdan farqli o‘laroq, mintaqadagi yirik kuchlar (Rossiya, Turkiya va Eron)ning imkoniyatlarini yemirishi va natijada bu davlatlar boshqa mintaqalardagi asosiy manfaatlarini qo‘ldan chiqarib yuborishlari mumkin. Ushbu ssenariy esa mintaqadan tashqaridagi boshqa muhim kuchlar uchun ayni muddao bo‘ladi. Shuning uchun ham mintaqadagi kuchlar buni hisobga olishi va Qorabog‘ muammosini tezda hal qilishlari kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarboyjon va Armaniston mojarosi: «Muzlatilgan muammo» nega eriy boshladi?