07:00 / 22.09.2020
628

Samaradagi o‘zbekistonlik migrantlar lageri yuqoridan turib tasvirga olindi (video)

Samaradagi o‘zbekistonlik migrantlar lageri yuqoridan turib tasvirga olindi (video)
Rossiyalik blogerlardan biri 19 sentabr kuni Samara oblastidagi migrantlar lagerining yuqoridan olingan tasvirlarini e’lon qildi.
Kadrlardan daryo bo‘yida joylashgan va hech qanday aholi punktiga tutash bo‘lmagan lagerda bir necha o‘nlab palatkalar borligini, ularda odamlar yashayotganini ko‘rish mumkin.

Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston bilan chegaradagi ushbu oblastga to‘planishi may oyidan boshlangan edi.

O‘zbekiston hukumati ayni paytga kelib havo va temir yo‘l transporti orqali Rossiyaga charter reyslarni sezilarli ko‘paytirgan, ammo 21 sentabrdan boshlab Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklagan Rossiya O‘zbekiston tomonining shu haqdagi so‘rovini rad etmoqda. Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘tkazish punktlari ham yopiq qolmoqda.

Yuqoridagi video tarqalishi ortidan, 22 sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi.
Murojaatda aytilishicha, birgina 21 sentabrning o‘zida charter aviaqatnovlar, charter temir yo‘l reyslari va muntazam aviareyslar orqali xorijdan O‘zbekistonga 5432 kishi kirib kelgan.

Jumladan, dushanba kuni 2641 nafar fuqaroni O‘zbekistonga olib kelish uchun Moskvadan 6 ta, Sankt-Peterburgdan 3 ta, Rostov-Dondan 1 ta va Turkiyadan 2 ta charter reys amalga oshirilgan. 253 nafar o‘zbekistonlik Minsk, Bishkek va Seul shaharlaridan muntazam reyslar orqali vatanga qaytgan.

Bundan tashqari, 21 sentabrda «O‘zbekiston temir yo‘llari» poyezdlarida 2538 nafar vatandosh Novosibirsk, Rostov-Don va Samara shaharlaridan O‘zbekistonga yetib kelgan.

«Shuni qayd etamizki, koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqarolarning ommaviy to‘planishi virusni yuqtirish xavfini oshiradi. Ayniqsa, sog‘lig‘i xavf ostidagi toifalar (qariyalar, homilador ayollar, bemorlar, surunkali kasallikka chalinganlar) uchun bu holat yanada xatarlidir.

Rossiya hududida bo‘lgan vatandoshlarimizdan poyezd stansiyalarida to‘planmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor so‘raymiz
», – deyiladi Tashqi ishlar vazirligi murojaatida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)