00:30 / 05.11.2020
3 223

Britaniyada shifokorlar bemor qizning hayotini saqlab qolish uchun uning bor qonini «so‘rib oldi»

Britaniyada shifokorlar bemor qizning hayotini saqlab qolish uchun uning bor qonini «so‘rib oldi»
Foto: LABBible
Buyuk Britaniyada shifokorlar kamyob kasallikka chalingan talaba qizning hayotini saqlab qolish uchun operatsiya vaqtida uning tanasidagi bor qonni so‘rib oldi, deb xabar beradi LABBible.

23 yoshli Izzi Skott York universitetidagi teatr fakultetining uchinchi bosqich talabasi. 2018 yilning oktabrida u qattiq nafas qisishi, ko‘krak sohasidagi og‘riq va bosh aylanishidan aziyat cheka boshlagan. Uning lablari kislorod yetishmaganidan ko‘karib ketgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach qizning ahvoli og‘irlashib qolganidan u uydan chiqa olmay qolgan. Biroq terapevt unga aniq tashxis qo‘ya olmagan va har safar turli mutaxassislarga yuborgan.

2019 yilning dekabriga kelibgina qizga surunkali tromboembolik o‘pka gipertenziyasi — o‘pkada yara chandiqlari va qon quyqalari paydo bo‘ladigan kasallik — tashxisi qo‘yilgan. Butun Buyuk Britaniyada bu kabi kasallikdan 400 ga yaqin inson aziyat chekadi.

Talaba mamlakat bo‘ylab ushbu kasallikni davolashga qodir shifokorlarga ega Kembrijdagi yagona kasalxonaga olib borilgan. Skottning o‘pkasidagi barcha tromblarni olib tashlash uchun shifokorlar tavakkalchilikka asoslangan operatsiyani o‘tkazishga majbur bo‘lgan: qizning tanasidan barcha qonni so‘rib olish va uning tana haroratini ikki barobar tushirish. «Menga texnik jihatdan operatsiya vaqtida o‘likdek bo‘lishimni aytishdi. Shifokorlar meni qayta tiriltirish uchun o‘ldirishga majbur», — deydi qiz.

Foto: LABBible
Operatsiya 2020 yilning avgustiga belgilangan, biroq koronavirus pandemiyasi sabab qizning oilasi uni qo‘llab-quvvatlash uchun yetib kela olmagan. «Operatsiyaga uch kun qolganida mutlaqo yolg‘iz edim. Qayta uyg‘onmasam, nima bo‘lishi, qarindoshlarim bilan so‘nggi suhbatim FaceTime orqali amalga oshirilgani to‘g‘risida o‘y-fikrlar tinchlik bermasdi», — deya tan oladi Skott. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan, biroq miyada qon ketishi oqibatida bemor yana uch hafta shifoxonada qolishga majbur bo‘lgan.

Britaniyalik talaba shifokorlarning mehnati uchun ularga minnatdorchilik bildirgan: operatsiya uning hayotini sezilarli darajada yaxshi tarafga o‘zgartirgan. Kasallik avjiga chiqqanida u hatto zinadan ham ko‘tarila olmas edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyada shifokorlar bemor qizning hayotini saqlab qolish uchun uning bor qonini «so‘rib oldi»