07:00 / 18.11.2020
3 667

Ozon tuynugi rekord darajada kattalashmoqda: ekologiya muammosining sabab va yechimlari

Ozon tuynugi rekord darajada kattalashmoqda: ekologiya muammosining sabab va yechimlari
Dunyo sanoatlashib borayotgani sari insoniyat uchun yangidan yangi xavf-xatarlar soni va ko‘lami ham ortib bormoqda. O‘tgan asrlardan boshlab yadroviy urushlar, global moliyaviy inqiroz, epidemiya, suv toshqinlari yoki cho‘llanish kabi muammolarga qarshi kurashib kelinayotgan bo‘lsa, yangi asr arafasida ekologiyaning halokatga uchrab borayotgani ular safiga qo‘shilib, u keltirib chiqarayotgan salbiy oqibatlar jiddiy ahamiyat kasb etmoqda.

Ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgan omillar sirasiga sanoatlashuv oqibati, suvdan oqilona foydalanmaslik, avtomobillarning ko‘payishi va ulardan chiqayotgan zaharli gazlar, daraxtlarning ommaviy va yashirin kesib yuborilishi, ayniqsa aholining ekologik savodsizligi kiradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, ekologiyaning buzilib borayotgani ortidan insonlar salomatligida ham oldin kuzatilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Masalan, birgina oxirgi chorak asr davomida odamlarda teri saratoni, ko‘z kasalliklari, immun tizimining susayishi kabi kasalliklar ko‘paygan. Qolaversa, o‘simliklar dunyosi va hayvonot olamida ham sezilarli salbiy o‘zgarishlar qayd etilmoqda. Ayniqsa, dehqonchilik taromog‘ida hosildorlik pasaya boshlagan. Kislorod manbayi bo‘lgan daraxtlarning barglari kichrayib, fotosintez jarayoni qiyinlashmoqda.

Ekologiya buzilishining yana bir salbiy oqibatini Ona sayyoramizning o‘ziga xos himoya qalqoni – ozon qatlami yemirilishida ham ko‘rish mumkin. Ozon tuynugi dastavval, 1985 yil Antarktida ustida, keyinroq Avstraliya tomon silijiyotgani, 1992 yil esa Arktika ustida kuzatilgan. Eng dahshatlisi, bundan 20 yillar muqaddam Shimoliy qutb tepasida ozon qatlamidagi tuynuk hajmi rekord darajaga – 26 mln. kv. km.ga yetganligi aniqlandi. Buni bemalol Afrika qit’asi hududiga tenglashtirsa bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, ekologiya muhofazasiga har qachongidan ko‘proq va jiddiyroq e’tibor qaratish hozirgi davrda g‘oyat muhim ekanligini ko‘rsatmoqda.

To‘g‘ri, har yili xalqaro minbarlarda ekologiya muammolari bot-bot yangraydi. Xalqaro tashkilot va birlashmalar tashabbusi bilan tabiat muhofazasiga doir huquqiy hujjatlar qabul qilinadi. Biroq, mazkur xalqaro hujjatlar ijrosiga ko‘plab davlatlar yetarlicha e’tibor qaratishmaydi.

O‘ylashimcha, har bir mamlakat ekologiya muhofazasiga oid ijrosi to‘liq bajariladigan alohida milliy dastur qabul qilishi lozim. Bu fuqarolarning ekologik savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston misolida quyidagi ishlar amalga oshirilishi taklifini bildiraman:
  • Maktabgacha ta’lim muassasalaridan tortib Oliy ta’limning yuqori bosqichigacha ekologiyani muhofaza qilishga doir maxsus dars va mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish;
  • OAV va media makonni ekologik muammolar hamda ularni bartaraf etishga oid sifatli kontentlar bilan boyitish;
  • «Yashil O‘zbekiston-2050» konsepsiyasini ishlab chiqish;
  • Daraxtlar ekilishini faol rag‘batlantirish;
  • Respublika bo‘ylab har oy kamida bir marta «Avtomobilsiz kun» aksiyalarini o‘tkazish;
  • Ekologik muammolar keltirib chiqarayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga javobgarlikni kuchaytirish;
  • Ekologik toza va energiya tejamkor korxona va zavodlar faoliyatini rag‘batlantirish;
  • Hududlarda jahon, xususan Finlyandiya davlati tajribasidan kelib chiqib velosiped yo‘laklarini bunyod etish va boshqalar.

Xulosa sifatida, global muammo – ekologiyani himoya qilish barchamiz uchun oldimizdagi nihoyatda muhim bo‘lgan vazifa. Ushbu vazifani ortga surish, befarqlik yoki uni shu bugun amalga oshirmaslik ona sayyoramizni halokatga mahkum etish bilan barobardir.

Hamidillo To‘xtasinov,
Andijon qishloq xo‘jaligi
va agrotexnologiyalar instituti talabasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozon tuynugi rekord darajada kattalashmoqda: ekologiya muammosining sabab va yechimlari