Eron yer osti qurol omborlarini ilk bor ko‘rsatdi (video)

Eron harbiylari mamlakat hududida joylashgan yer osti harbiy inshootlaridan biriga oid tasvirlarni ommaga taqdim etdi. Unda turli xil zamonaviy qurollar, jumladan yuqori tezlikda harakatlanuvchi dronlar, kemalarga qarshi raketalar va dengiz minalari saqlanayotgani namoyish qilingan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yer osti tunnellari Eronning harbiy salohiyatini mustahkamlash va ehtimoliy tahdidlarga qarshi tezkor javob berish imkonini ta’minlash maqsadida barpo etilgan.
Taqdim etilgan kadrlarda uzun tunnellar bo‘ylab joylashtirilgan qurol tizimlari, maxsus platformada turgan dronlar hamda kemalarga qarshi raketalar ko‘rinib turibdi. Shuningdek, ayrim manbalarga ko‘ra, bu kabi yer osti inshootlari strategik jihatdan muhim hududlarga yaqin joylarda qurilgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday inshootlar qurollarni tashqi zarbalardan himoya qilish hamda harbiy texnikani yashirin holda saqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, Eron bu orqali o‘zining mudofaa salohiyati va harbiy imkoniyatlarini namoyish etishga harakat qilmoqda.