00:30 / 30.11.2020
3 260

Hayot uchun eng zarur 6 elementning hammasi kometada mavjudligi tasdiqlandi

Hayot uchun eng zarur 6 elementning hammasi kometada mavjudligi tasdiqlandi
Foto: ESA
67P/Churyumov-Gerasimenko kometasi yadrosidan olingan chang namunalarini tekshirish shuni ko‘rsatdiki, unda qattiq holatdagi fosfor elementi mavjud ekan! Bu shuni anglatadiki, Yerda hayot paydo bo‘lishi uchun eng zarur kimyoviy elementlarning barchasi kometalar orqali tashib keltirilgan bo‘lishi mumkin. Fanda bunday nazariya panspermiya nazariyasi deyiladi va unga ko‘ra, hayot mujdalarini kometalar butun koinot bo‘ylab tashib yuradi, deb qaraladi. Shunday kometalarning biror qulay muhitli sayyoraga yaqinlashuvidan keyin o‘sha sayyorada hayot yuzaga kelishi mumkin.

Yaqinda Qirollik astronomik jamiyati saytida Finlyandiyaning Turku universiteti fizika va astronomiya fakulteti olimi Garri Leto boshchiligidagi ilmiy guruhning shu haqidagi maqolasi e’lon qilindi. Naked science nashri ushbu ilmiy ishning asosiy jihatlari haqida material bergan edi. «Daryo» ushbu materialni tarjima tariqasida taqdim etadi.

Rozetta missiyasi yakunlanganiga to‘rt yildan oshgan bo‘lsa-da, u orqali olingan ma’lumotlar hali oxirigacha o‘rganilgani yo‘q. Tadqiqotchilar Rozetta zondining foydali yuklamasidagi eng muhim qismlardan bo‘lgan COSIMA (Cometary Secondary Ion Mass Analyser) uskunasidan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib chiqdi. Bu apparat ikki yil mobaynida 67P-Gerasimenko-Churyumov kometasini bir necha kilometr masofadan turib batafsil o‘rgangan.

Boshqa narsalar qatori, zond kometadan uchib chiqqan va uning atrofida uchib yurgan chang zarralaridan ham tutib olgan. Ushbu changni yoki kometa yadrosidagi moddaning bug‘lanishi tufayli chiqqan gazlar oqimi ko‘tarib chiqqan bo‘ladi yoki u kometaning kosmik chang bilan to‘qnashuvidan ajralib chiqqan bo‘ladi.

Maks Plank nomidagi Germaniya Koinot fizikasi instituti tomonidan yasalgan COSIMA apparati ikkilamchi ionlarni massa-spektrometriya vositasida tahlil qilish orqali kometa yadrosi changining kimyoviy tarkibini o‘rgandi. Bunda chang zarralari indiy ionlari bilan nishonga olindi va buning natijasida hosil bo‘lgan ikkilamchi ionlarning spektri tekshirildi. Shunday eksperimentlarning birida olimlar fosfor (P+) ionlarini aniqladi. Olingan namunalarning qattiq ekani va atrofda gaz moddalar yo‘q holatda ochiq koinotda olinganidan xulosa qilindiki, yadro kometasi materialida qattiq holatdagi fosfor birikmalari mavjud ekan!

Fosforning apatit jinslari singari bug‘lanmaydigan birikmalar tarkibida mavjud ekani unga turli kosmik jismlar tarkibida ko‘chib yurishga imkoni beradi. Demak, ushbu mexanizmga nima uchun Yer sayyorasida hayot uchun zaruriy elementlarning bu qadar mo‘l ekani haqidagi savolga javoblardan biri sifatida qarash mumkin. Bundan tashqari, kometada qattiq holatdagi ftor ham aniqlandi. Lekin buni yangilik deyish qiyin, chunki kometa yadrosidan ftor avval ham topilgan edi.

Fanga ma’lum biologik molekulalarning juda ko‘p qismi olti asosiy kimyoviy elementdan tashkil topgan va ushbu kimyoviy elementlarning formulasidan CHNOPS shaklidagi abbreviatura hosil bo‘ladi. Bular – uglerod (C), vodorod (H), azot (N), kislorod (O), fosfor (P) va oltingugurt (S) elementlaridir. Bularsiz hayot mavjud bo‘la olmas edi, chunki deyarli barcha hujayralardagi eng muhim funksiyalarni aynan ushbu elementlar ta’minlab beradi.

CHON qismi Yerda ko‘pligining sababi olimlarga avvaldan ma’lum edi, ya’ni bu elementlarga Yerga tez-tez qulaydigan C sinfga mansub asteroidlar sababchi bo‘lgan edi. Oltingugurtning bu qadar ko‘p ekani ham avvaldan hech kimni hayron qoldirmagan. Yerdagi ko‘plab qattiq jinslar tarkibida oltingugurt serob.

Fosfor borasida yaqin-yaqingacha tushunarsiz holat saqlanib qolayotgan edi. Yosh yulduzlar va kometalar atmosferasi atrofida muayyan miqdorda gaz holatidagi fosfor mavjudligi aniqlandi. Lekin bu kimyoviy elementning katta miqdorda Yerga yoki boshqa sayyoraga yetib kelishi uchun u qattiq shaklda bo‘lishi lozim edi. Olimlarning ushbu kashfiyoti hayot shakllanishi uchun zaruriy kimyoviy elementlarning qanday tarqalishini tushunish yo‘lida o‘ta muhim kashfiyot bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hayot uchun eng zarur 6 elementning hammasi kometada mavjudligi tasdiqlandi