12:15 / 02.03.2021
1 600

Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi emlangan ziyoratchilarga haj uchun ruxsat beradi

Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi emlangan ziyoratchilarga haj uchun ruxsat beradi
Foto: Reuters
Koronavirusga qarshi emlangan ziyoratchilargina katta va kichik hajda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Bunday qarorni Saudiya Arabistoni hukumati qabul qildi, deb yozadi «TASS».

«Haj ziyoratida qatnashish uchun asosiy shart koronavirusga qarshi emlanish hisoblanadi», — deyiladi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Tavfiq ar-Rabia tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Bu yil muqaddas ziyoratgohlarga uyushtiriladigan katta haj iyul oyining ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili pandemiya tufayli haj bor-yo‘g‘i 10 ming kishi ishtirokida bo‘lib o‘tgan, shularning 30 foizini saudiyaliklar, 70 foizini mamlakatda istiqomat qiladigan chet elliklar tashkil qilgan edi. Xorijdan keluvchi ziyoratchilar hajga qo‘yilmagan.

Maxsus ruxsatnomalar birinchi navbatda surunkali kasalliklari bo‘lmagan, koronavirusga chalinmagan, avval haj ziyoratiga chiqmagan va karantin muddatidan o‘tishga tayyor bo‘lgan 20—50 yosh oralig‘idagi odamlarga berildi. Ular orasida koronavirus bilan kasallanib o‘tgan shifokorlar ham bo‘lgan. Voqealarni yoritmoqchi bo‘lgan chet ellik jurnalistlarga ham ruxsat berilmagan.

O‘tgan yil noyabridan Saudiya Arabistoni asta-sekinlik bilan 50 yoshdan katta bo‘lmagan ziyoratchilarni manfiy natijali PZR-test bilan Umra ziyorati uchun kiritishni boshladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistoni podshohligida jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilgan va faqat ikkita — Makka hamda Madinadagi masjidda jamoat bo‘lib namoz o‘qishga ruxsat berilgandi. Biroq keyinchalik koronavirus tarqalishi xavfi sabab Al-Harom va Nabaviy Masjidda ham namoz o‘qish to‘xtatilgan. 23 mart kuni Saudiya Arabistonida komendantlik soati joriy etilgan, 24 mart kuni mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatda aholi hamda xorijlik ziyoratchilar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish tadbirlari ham noma’lum muddatga qoldirilgandi.

7 aprelda Saudiya Arabistoni Ramazon oyida masjidlarni ochishni rejalashtirmayotgani aytilgan, 13 aprel kuni Ramazon oyida Saudiya Arabistonida taroveh namozlari uyda o‘qilishi haqida fatvo berilgani xabar qilingan, keyinchalik shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida taroveh namozlarini uyda o‘qish tavsiya qilindi.

18 aprel kuni Tojikistonda masjidlar yana yopilgani, juma va taroveh namozlari masjidlarda o‘qilmasligi, ushbu choralar koronavirusning tarqalishini oldini olish maqsadida amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Saudiya Arabistonida komendantlik soati 21 iyundan bekor qilingan, biroq shunga qaramay, ko‘plab cheklovlar o‘z kuchida qolgan.

Saudiya Arabistoni oktabr oyidan boshlab mamlakatda yashovchi aholisi uchun Umra ziyoratini amalga oshirishga ruxsat bergan edi. Va o‘sha oy o‘rtalarida mamlakat hukumati yetti oy ichida birinchi marta Makkadagi Al-Harom masjidida namoz o‘qilishiga ruxsat berdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi emlangan ziyoratchilarga haj uchun ruxsat beradi