
Suriyadagi yangi siyosiy boshqaruv xalqaro maydonda muhim va jiddiy qadam tashlashga kirishdi. Prezident Ahmad ash-Sharaning bayonotiga ko‘ra, Isroilning janubi-g‘arbiy hududlarga qaratilgan tajovuzkor harakatlarini to‘xtatish maqsadida davlat bilvosita muzokaralar o‘tkazmoqda, deb xabar qildi syriatv.com.
Aniqrog‘i, suhbatlar xalqaro vositachilar orqali olib borilayotgani aytilmoqda. Ash-Shara ayni paytda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun qo‘ldan kelgan barcha yo‘llar qo‘llanilayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, hukumatning birinchi navbatdagi vazifasi — tinch aholi xavfsizligini ta’minlash va mintaqadagi mojarolarni siyosiy yo‘l bilan hal qilishdan iborat.
Suriya prezidenti o‘z bayonotida mahalliy aholi bilan muloqotga ham alohida e’tibor qaratganini ma’lum qildi. Al-Kunaytra va Golan tepaliklarida istiqomat qiluvchi druzlar jamoasi yetakchilari bilan uchrashuvda, so‘nggi oylarda Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan chegarabuzarlik va havo zarbalari mukammal tahlil qilindi. Ular mahalliy aholi turmush darajasiga hamda xavfsizlik muhitiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Ayni vaqtda, Birlashgan Arab Amirliklari ushbu muzokaralar uchun maxfiy aloqa kanalini tashkil etgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. Shuningdek, Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Saxi Xanegbi ham ushbu suhbatlarda shaxsan ishtirok etayotganini tasdiqladi.
Ma’lumki, Suriya va Isroil munosabatlari 2025 yil fevral oyida keskin tus olgandi. Damashq atrofidagi Jaramanada yuz bergan to‘qnashuvlar ortidan Isroil hukumati yangi ma’muriyatni etnik va diniy ozchiliklarga bosim o‘tkazayotganlikda ayblagan. Qurolli kuchlarga esa druz jamoasini himoya qilish vazifasi yuklatilgandi.
30 aprelda esa Isroil armiyasi Suriyadagi “ekstremistik yacheyka”ga qarshi havo zarbasi berdi. Isroil radikallar mahalliy druzlarga hujum tayyorlayotganini asos qilib ko‘rsatdi. Shu tariqa, harbiy va siyosiy keskinlik yanada ortib bordi.
Ahmad ash-Sharaning so‘zlariga qaraganda, hozirdagi strategik maqsad — mintaqadagi zo‘ravonliklar silsilasiga chek qo‘yish va Suriya aholisiga xavfsiz hayot sharoitini tiklashdir. Bunday muzokaralar so‘nggi yillarda birinchi marta jamoatchilikka oshkor qilinayotgani ham tarixiy voqea sifatida baholanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar