
Yaqin Sharqdagi eskalatsiya tobora jiddiylashib borar ekan, Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi qurolli to‘qnashuv iqtisodiy nuqtayi nazardan ham keskin oqibatlarga olib keldi. Isroil Moliya vazirligi va Soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, faqat moddiy zararning o‘zi 10 milliard shekel (taxminan 3 milliard AQSH dollari)ga yetgan. Bu haqda nufuzli "Bloomberg" agentligi xabar berdi.
Keltirilgan hisob-kitoblar asosan raketalar bilan vayron qilingan binolarni tiklash, mahalliy tadbirkorlarga tovon to‘lash va infratuzilmani qayta qurish xarajatlarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, jang vaqtida ishlatilgan harbiy texnika va havo mudofaa tizimlarini yangilash xarajatlari hozircha inobatga olinmagan.
Isroil Soliq boshqarmasi rahbari Shay Aaronovich ushbu zararni mamlakat tarixidagi eng yirik iqtisodiy talafot sifatida ta’rifladi. Moliya vaziri esa umumiy urush xarajatlari 12 milliard dollargacha yetishi mumkinligini ma’lum qilgan. Ammo Isroil Markaziy banki rahbari Amir Yaron bu raqamni nisbatan pastroq — taxminan 6 milliard dollar deb baholagan.
So‘nggi voqealar Isroil iqtisodiyotidagi o‘sish sur’atlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ilgari 2025 yil uchun yalpi ichki mahsulot (YAIM) 3,5 foizga o‘sadi, deb prognoz qilingan edi. Ammo bu ko‘rsatkich qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoldan xoli emas. Urush sharoitida savdo, xizmatlar, investitsiyalar va turistik faoliyat so‘ngi paytda keskin pasaydi.
Analitiklar ta’kidlashicha, bu safargi urush avvalgilarga qaraganda ancha qimmatga tushdi. Buning asosiy sababi — Eron tomonidan yo‘llangan raketa zarbalari markaziy Isroildagi aholi zich joylashgan shaharlarga, xususan, Tel-Aviv aglomeratsiyasiga qaratilgani bilan bog‘liq. Bu hududda mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi istiqomat qiladi va iqtisodiy faoliyatning katta qismi shu yerda joylashgan.
Bundan tashqari, Eron ishlatgan raketalar yuqori razryaddagi jangovar kallaklarga ega bo‘lib, ularning har biri kamida 500 kilogramm og‘irlikdagi parchalanuvchi o‘q-dorilarni o‘z ichiga olgan. Isroil razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin Eronda shunday 2000–2500 ta raketa bor bo‘lgan, ularning taxminan yarmi hali ham saqlanib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar