19:39 / 30.05.2021
1 445

Alvido, Britaniya...mi?! (tahliliy maqola, ikkinchi qism)

Alvido, Britaniya...mi?! (tahliliy maqola, ikkinchi qism)

Buyuk Britaniya so‘nggi besh asrdagi eng qudratli imperiyalardan biri edi. O‘z vaqtida (1913 yil) dunyoning chorak qismiga hukmini o‘tkazgan imperiya hududlarida 412 million kishi yashagan.

Qadimda barcha raqiblaridan bir bosh ustun bo‘lgan «boqiy shahar» — Rimga qiyosan Britaniya «boqiy imperiya» nomiga mutlaqo munosib hisoblanardi. Rimni varvarlar qulatdi, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng parchalanib, Birlashgan Qirollikka aylanib qolgan Britaniya yaxlitligi hanuz xavf ostida. Bu safar vaziyat jiddiy.

Uels-Angliya: Ittifoqdan ma’no qoldimi?
Siyosiy ittifoqlar tashabbuskorlari anchayin ayyor bo‘lishadi. Kim bosh bo‘lsa, o‘shaning manfaatlari ko‘proq degani. Masalan, 56 yil avval Vestminster Uels misolida ko‘rsatib qo‘ygandi. O‘shanda ko‘plab e’tirozlarga qaramay, rasmiy London buyrug‘iga binoan, Afon Tryuverin vodiysidagi Guinet (Uels)da, Baladan shimoli-g‘arbda Liverpul va Virralni sanoat uchun suv bilan ta’minlash maqsadida Llin Selin suv ombori qurilgandi. 1965 yilda suv ombor yorilib, vodiyni suv bosgan, hammasi bo‘lib 800 gektar yer suv ostida qolgandi. Ehtimol, shu voqea uelsliklarda «mustaqil davlat» degan «homila»ni yaratgandir.

Mavzuga doir: Alvido, Britaniya...mi?! (tahliliy maqola)

2021 yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada Uels mustaqilligini rekord darajada – 39 foiz qo‘llab-quvvatlashdi. Olti yil oldin ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlash 3 foizga teng edi. «The Guardian»ning tahlilariga qaraganda, so‘rovnomalarda ishtirok etgan 18-24 yoshdagi uelsliklarning 60 foizi mamlakat Birlashgan Qirollikni tark etishini istashgan. Mashhurlarning hammillatchilik g‘oyasini ma’qullashi odatiy holga aylanib bormoqda. Bir tomondan koronavirus, bir tomondan «Breksit» kutilmaganda uelsliklarning «og‘alari»ga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi.

Mustaqillik Uelsning iqtisodiy salohiyatini ochib bera oladimi, u iqtisodiy yakkakurashlarga bardosh bera oladimi, degan savol sahnaga chiqadi. Uelslik bir siyosatdonga ko‘ra, 4 davlatni ixtiyoriy birlashtiradigan yangi institutsional birlashma arxitekturasi kerak. Britan siyosatdonlari pandemiyagacha bunga e’tibor ham bermagan edi, biroq…

Uels Shotlandiyadan ilhomlangan ko‘rinadi
Shotlandiyaning ikkinchi mustaqillik referendumi haqidagi munozaralarning boshlanishi Uels uchun yanada dolzarb bo‘lib qoldi. Shotlandiya hukumatining 2017 yildagi harakatlari Uels siyosatchilari davlatning konstitutsiyaviy kelajagi to‘g‘risida «milliy bahs» o‘tkazishiga sabab bo‘ldi. Shotlandiyaning Buyuk Britaniyani tark etish imkoniyatini inobatga olgan holda, mustaqillik masalasini ko‘rib chiqish kerakligi ta’kidlandi.

Uels mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar hukumatning koronavirus inqiroziga qarshi choralarini Vestminsterga qaraganda ko‘proq ma’qullashadi. Bu o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ishonchning kuchayishi bilan bog‘liq, deyilmoqda tahlillarda.

Mustaqillik masalasi Shotlandiyaga qaraganda inglizlashib ketgan Uels saylovchilarni kamroq o‘ylantiradi. Uelsliklarning taxminan to‘rtdan biri kelajakdagi mustaqillik referendumida qatnashish istagini bildirgan.

Uels partiyalarining mustaqillikka bo‘lgan pozitsiyasi
Uels partiyalarining aksariyati, shu jumladan leyboristlar, konservatorlar, liberal-demokratlar «Breksit» va chuqur pandemiyadan so‘ng mustaqillikni qo‘llovchi tarozi «pallasi»ga o‘tishdi. Britan siyosiy partiyalari bunga qarshi chiqishmoqda. Uelsdagi Leyboristlar detsentralizimni, Britaniya konstitutsiyasini «yanada puxta federal islohot» o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlashdi. Uels konservatorlari esa keyingi konstitutsiyaviy islohotlarga qarshi. «O‘z taqdirini o‘zi belgilash to‘g‘risidagi akt»ga asosangan holda 2026 yilda referendum o‘tkazilishi mumkin. Buni uelslik liderlar allaqachon o‘ylab qo‘yishgani haqida ma’lumotlar bor.

Uels to‘g‘risidagi 2017 yilgi qonunga binoan, Uels parlamenti Vestminsterga tegishli bo‘lgan «Uels va Angliya millatlari ittifoqi» bilan bog‘liq qonunlarni qabul qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu Uels mustaqilligi bilan bog‘liq har qanday referendum Vestminster tomonidan ma’qullanishi kerakligini anglatadi. Eng muhim va asosiy to‘siq ham mustaqillikni legallashtirishdir.

So‘nggi bir necha yil ichida Buyuk Britaniyani Shotlandiyasiz istiqbol kutmoqdami yoki yo‘qmi degan munozaralar avj oldi. Ammo Uelssiz ham Britaniyaning kelajagini tasavvur qilib ko‘ring-chi?

Uelsda mustaqillik hali ham ozchilikning nuqtai nazari, ammo uni amalga oshirishga qaratilgan kampaniya yo‘q, degani emas. Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Tereza Mey tomonidan 2019 yil iyul oyida ittifoqni mustahkamlash bo‘yicha hukumat sharhini tayyorlash uchun topshirilgani ma’lum, demak, Angliya Uelsdagi vaziyatdan xavotirda.

BBCga ko‘ra, Boris Jonson Tereza Meyning o‘rnini egallagach, Vestminster-Kardiff munosabatlari yomonlashgan. Buyuk Britaniya hukumati koronavirus va Breksit kabi masalalarda muntazam aloqalar mavjudligini aytgan bo‘lsa-da, bu yetarlicha barqarorlikni ta’minlamayapti. Xullas, Uels «jigarbandi»ni tark etadimi yoki yo‘q buni kelajak ko‘rsatadi.

Buyuk Britaniya suvereniteti qay darajada mustahkam?
1991-1995 yillarda ko‘p millatli davlatlar parchalanib ketdi. Yugoslaviya 150 ming kishining umriga zomin bo‘lgan fuqarolar urushi yo‘li bilan, Chexoslovakiya esa tinch yo‘l bilan tarqaldi. Oradan 20 yil o‘tib yana katta davlatlarning hududiy yaxlitligi xavf ostida qolmoqda. Shubhasiz, XXI asrda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng katta bo‘linish Buyuk Britaniyaning parchalanishi bo‘lishi mumkin.

Buyuk Britaniya siyosatdonlari Shimoliy Irlandiya protokoli va ichki bozor to‘g‘risidagi qonun loyihasini yaratish orqali o‘z suverenitetini saqlab qolmoqchi. Biroq ushbu hujjatlar kutilgan natijani bermasa, Buyuk Britaniya Shimoliy Irlandiyani kurashsiz boy berishi mumkin.

Birlashgan Qirollik loyihasini saqlab qolishga intilish Britaniya imperiyasining nostalgiyasi emas, balki Vestminster tizimini tiklashdir. Umuman olganda, britanlar Vestminsterni saqlab qolish uchun ko‘p narsani qurbon qila olishadi. Hindistonga mustaqillikning berilishi, Afrika koloniyalardan voz kechilishi ham ushbu tizim uchun «chiqarilgan qon» edi.

Shotlandiyaning taqdiri esa Shimoliy Irlandiyadan farq qiladi. Shotlandiya ittifoqda o‘zini qolganlardan ko‘ra «o‘gayroq» his qilishi ham bor gap. Shotlandlarning BQdan chiqishi britan madaniyatining katta qismi yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Ichki bozor qonun loyihasi ittifoqning taqdiriga jiddiy ta’sir qilishi kutilmoqda.

Boris Jonson shu kungacha Shotlandiyaning mustaqilligi bo‘yicha referendumlar o‘tkazilishini rad etib keldi. Edinburg esa mustaqillikni bir tomonlama e’lon qilishni istamaydi. Rasmiy London Edinburgning mustaqilligini qo‘llamasa ham, qattiqqo‘llik bilan yondashishi kutilmayapti. Gap shundaki: xorvatlar va serblar, ruslar va ukrainlar, ruslar va gruzinlar, armanlar va ozarbayjonlar, ispanlar va katalonlardan farqli ravishda britanlar o‘zaro bir-birlariga zarar yetkazishni istashmaydi.

Uels ittifoqni tark etmasligi kerakligiga sabablar ko‘p. Eng birinchi sabab Qirollik tojiga merosxo‘rlikdir. Britaniya taxtiga vorislik nasl-nasabi, jinsi, qonun va din bilan belgilanadi. Qonunga binoan, toj suverenning farzandlari yoki suverenning eng yaqin kafil liniyasi tomonidan meros qilib olinadi. Qirolicha Yelizaveta II merosxo‘ri uning to‘ng‘ich o‘g‘li, Uels shahzodasi Charlzdir. Undan keyingi o‘rinda Uels shahzodasining to‘ng‘ich o‘g‘li, Kembrij gersogi shahzoda Uilyam turadi.

Uchinchi o‘rinda Kembrij gersogining to‘ng‘ich farzandi shahzoda Jorj, so‘ng uning singlisi malika Sharlotta va uning ukasi shahzoda Lui, oltinchi qatorda Uels shahzodasining kenja o‘g‘li Susseks gersogi shahzoda Garri merosxo‘rdir. Ko‘rinib turganidek, oltita merosxo‘rdan 5 tasi Uels shaxzodalari. Bu Uelsning ittifoqni har qanday holatda tark etishini qiyinlashtiradi.

Konstitutsiyani federalizatsiyalash ssenariysi
Pandemiya Buyuk Britaniyaning konstitutsiyaviy me’morchiligidagi ziddiyatlarni yanada kuchaytirdi. Bu davrda har bir ittifoq a’zosi farqli sog‘liqni saqlash siyosatini olib bordi. Pandemiya davrida bosh vazir Boris Jonson «yolg‘iz Angliya uchun qayg‘urdi» degan fikrlar paydo bo‘ldi. Bu shovinistik qarashlarni «qitiqlab» qo‘ydi.

Buyuk Britaniya uchun yumshoqroq variant ham bor. Bu – ittifoq ko‘rinishini o‘zgartirish. Eng maqbul yo‘l sifatida federalizm tanlanmoqda. Konstitutsiyaning federalizatsiyalashgan talqini ittifoqning yaxlitligini saqlab qolishi ayrim kelishmovchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin, ammo bu eng xavfsiz yo‘l sifatida ko‘rilmoqda.

Ittifoqni markazlashtirish
Boris Jonson 2019 yilda bosh vazir bo‘lganidan so‘ng o‘ziga «ittifoq vaziri» unvonini berdi. «Breksit» bilan ishlashda yangi bosh vazirning ko‘proq markazlashtirishga moyilligi ko‘rinib qoldi. Yangi dekadada Angliya ittifoqning haqiqiy markaziga aylanishi lozim. «Breksit»ning asosiy sabablaridan bir ham aynan Londonning xalqaro moliya markazi maqomini yo‘qotayotgani bilan bog‘liq edi. Bunday shuhratparastlik nafaqat YEI bilan aloqani uzishga majbur qildi, balki bugunga kelib Birlashgan Qirollik taqdirini ham so‘roq ostiga qo‘ymoqda.

Alvido, Britaniya (mi?)
Buyuk Britaniya insoniyat sivilizatsiyalarining muhim nuqtasi ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. U bugungi kunda dunyodagi beshinchi, Yevropada Germaniyadan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi yirik iqtisodiyot hisoblanadi.

Dunyodagi eng yirik moliya markazlaridan biri — London 2020 yilda «Global Financial Centers Index»da Nyu-Yorkdan keyin jahonda 2-o‘rinni egallagandi. London, shuningdek, Yevropadagi eng yirik YAIMga ega shahar. Edinburg 2020 yilda esa Global moliyaviy markazlar indeksida G‘arbiy Yevropada 6-o‘rinni, dunyoda 17-o‘rinni egalladi.

Umuman olganda, Buyuk Britaniyaning hozirgi dunyoda tutgan o‘rnini sanasak, juda uzoq vaqt sarf qilishimiz mumkin. Shimoliy Irlandiya ham, Shotlandiya ham, Uels ham Britaniyadan chiqishga u darajada muhtoj emas. Ahamiyatlisi shundaki, bu bo‘linish sodir bo‘lgan taqdirda ham hech qaysisi uchun «Mustaqillik urushi» bo‘lmaydi. Buyuk Britaniya nafaqat o‘zining davlatchilik tuzilmasi, balki o‘z ta’lim, iqtisodiyot, qonunchilik sohasida ham bir butunlikni kasb etadigan bo‘linmas birlik sifatida jahonga tanilib bo‘ldi. Endi uni ayro tasavvur qilish qiyin. Baribir Britaniya deganda bo‘linmas to‘rt davlat ko‘z oldimizga kelaveradi.

Sanjar Mashriqiy


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Alvido, Britaniya...mi?! (tahliliy maqola, ikkinchi qism)