22:44 / 23.06.2021
4 909

Virusologlar nima sababdan emlanganlar ham COVID-19’ga chalinishini izohladi


Foto: Global Look Press
Vaksinatsiyadan keyin ham koronavirus bilan kasallanish ehtimoli tanadagi immunitetga bog‘liq bo‘lib, u o‘zini alohida namoyon qiladi. Bu haqda Rossiyalik virusologlarga tayanib, «RBK» xabar berdi.

«Vaksinatsiyadan keyin ham kasallanish mumkin, ayniqsa, hozirgi sharoitda. Ya’ni aholi orasida koronavirusning yanada yuqumliroq shtammlari, masalan ‘britancha’, ‘hindcha’ variantlari tarqalayotgan bir paytda. Ammo emlangan odamda kasallik zaif shaklda kechadi va jiddiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi», — dedi Moskva davlat universiteti professori, biologiya fanlari doktori Aleksey Agranovskiy.

Boshqa bir mutaxassis, Federal tibbiyot ilmiy tadqiqot markazining o‘ta xavfli infeksiyalar laboratoriyasi rahbari, virusologiya professori Aleksandr Chepurnovning ta’kidlashicha, bu masalada vaksina yetkazib berish paytida uni saqlash sharoitlariga qanchalik qat’iy rioya qilinishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

«Vaksina ishlab chiqarish va shu bilan bog‘liq bo‘lgan barcha protseduralar hamda uni sovuq haroratda saqlagan holda yetkazib berish — bularning birortasidagi kamchilik ham rol o‘ynashi mumkin. Agar barchasi benuqson bo‘lsa, demak, bizda immunitet tizimining individual xususiyatlari omili bor», — dedi Chepurnov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorga qanday vaksina yuborilishi va uning asl xususiyatlari qanday ekani ham muhimdir.

Rossiyaning «EpiVakKorona» vaksinasini ishlab chiqqan «Vektor» markazi direktori Rinat Maksutovning so‘zlariga ko‘ra, ilgari muayyan kasallikka qarshi emlanganlarning bir qismi baribir o‘sha kasallikka chalinishi har qanday vaksinatsiya uchun odatiy holdir.

Maksutovning so‘zlariga ko‘ra, 60 yoshdan oshgan ko‘ngillilarda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar paytida birinchi dozani olgan 150 kishidan 20 nafari virus bilan kasallangan.«Vektor» direktori bunday holatlarning aksariyati vaksinaning birinchi in’eksiyasidan 42 kun o‘tmagani va bemorlarda vaksinaga javoban immunitet to‘liq shakllanishga ulgurmagani bilan izohlanadi. Shuningdek, u aholining 10 foizida har doim har qanday vaksinalarga, shu jumladan, koronavirusga qarshi vaksinaga javoban immunitet shakllanmasligini aytdi.

Moskva ijtimoiy rivojlanish majmuasi matbuot xizmati mart oyining oxirida vaksinatsiyadan so‘ng poytaxtning 1000 ga yaqin vakili koronavirus bilan kasallanganini xabar qildi. Ularning aksariyatida (76 foiz) COVID-19 yengil yoki simptomlarsiz kechgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Virusologlar nima sababdan emlanganlar ham COVID-19’ga chalinishini izohladi