06:58 / 27.06.2021
6 247

Abdulaziz Komilov «Tolibon» nima xohlayotganini ma’lum qildi

Abdulaziz Komilov «Tolibon» nima xohlayotganini ma’lum qildi

Foto: YouTube / ThisIsAmericaTV
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov amerikalik teleboshlovchi Dennis Uoli bilan This Is America TV teleloyihasi doirasida bo‘lib o‘tgan intervyusida Afg‘oniston inqirozi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashib, ushbu mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqaruv shakli, «Tolibon» harakatining maqsadlari haqida gapirdi, shuningdek, O‘zbekistonning optimistik kayfiyatini va nima uchun shaxsan o‘zi «Tolibon»ni terroristik tashkilot deb hisoblamasligini tushuntirib berdi.

Tashqi ishlar vaziri Afg‘oniston inqirozining asosiy masalalari bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyalari to‘g‘risida to‘xtaldi.
«Birinchidan, biz afg‘on inqirozining harbiy yechimi yo‘qligini anglab yetishimiz kerak. Ikkinchidan, Afg‘oniston Markaziy Osiyo mintaqasining integratsiyalashgan qismiga aylanishi juda muhim. Yagona umumiy mintaqa. Uchinchidan, Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga o‘tishning yagona mintaqaviy va xalqaro yechimi bo‘lishi zarur. Mana, nima uchun biz Doha, Turkiya yoki boshqa joylardagi muzokaralarning barcha formatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi u.

Abdulaziz Komilov O‘zbekiston «Tolibon» yetakchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani o‘rnatgan birinchi mamlakat bo‘lganini eslatib o‘tdi.
«Ochiq aytganda, o‘sha vaqtda ‘Tolibon’ni tan olganimiz uchun bizni tanqid qilishdi. Bu — real muxolifat. Masala Afg‘onistonda siyosiy tizimning qanday bo‘lishida. Albatta, biz Afg‘onistonda 1990 yillardagi Afg‘oniston Islom Amirligi bo‘lishini qabul qila olmaymiz. Biroq, ayni vaqtda, ushbu muammo amaldagi hukumat va harbiy muxolifat — ‘Tolibon’ va boshqalar o‘rtasida o‘zaro kompromis asosida hal qilinishi kerak, deb hisoblaymiz», — deya ta’kidladi u.

«Bu nimani anglatadi? Bu, albatta, u yerda jiddiy islom qoidalari alomatlari bo‘lishi kerakligini anglatadi. Albatta, islom davlati bo‘ladi, chunki aksariyat aholi — musulmonlar. Biroq, ayni vaqtda, biz so‘nggi 9 yil davomida erishilgan demokratik yutuqlarni ham inkor qila olmaymiz. Masalan, amaldagi hukumat saylovlari, harbiy kuchlar, xavfsizlik kuchlari, ayollar va qizlar huquqlari, fuqarolik jamiyati va boshqalar. Shu bilan birga, biz islom qadriyatlarini ham hurmat qilishimiz kerak».

«Tolibon» nima xohlamoqda?

Foto: YouTube / ThisIsAmericaTV
«Birinchi navbatda, ‘Tolibon’ (AQSH) qo‘shinlarning chiqib ketishini xohlaydi», — dedi vazir.

Boshlovchi Dennis Uoli «Tolibon» bunga erishganini ta’kidlab, raqiblar endilikda qolmagan ekan, harakat kelgusida kim bilan kurashmoqchi ekanini so‘radi.
«Raqiblar yo‘q, biroq ayni paytda Afg‘onistondagi mojaro — u yerda fuqarolar urushi bo‘lgan. Fuqarolar urushi. Ular nafaqat AQSH harbiylari yoki NATOga qarshi kurashgan, balki fuqarolar urushi bo‘lgan va jamiyat ikkiga bo‘lingan. Ha, (ular o‘zaro jang qilishadi)», — deb tan oldi u.

Abdulaziz Komilov afg‘on jamiyatining boshqa vakillarini «raqiblar» deb atashni istamasligini ta’kidladi.
«U yerda afg‘on jamiyatining juda ko‘p turli qismlari mavjud bo‘lib, ular ushbu jarayonda faol ishtirok etmadilar. Masalan, ayrim siyosiy partiyalar rahbarlari, an’anaviy yetakchilar, diniy rahbarlar, ba’zi hududlarning rahbarlari va boshqalar. Va shuning uchun bu jarayonda ‘Tolibon’dan tashqari, ular ham ishtirok etishlari kerak», — deb hisoblaydi TIV rahbari.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston harbiy muxolifat va hukumat o‘rtasida kelishuvga erishish juda oson bo‘ladi, degan xayollarga borayotgani yo‘q.
«Ammo, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat ularga yordam berishi, har ikki tomonning kelishuvga erishishiga yordam berishi kerak. Biz Afg‘onistondagi vaziyatning jiddiyligini e’tiborsiz qoldirolmaymiz. Albatta, biz Afg‘onistonda milliy yarashuvga erishishni talab qilamiz», — dedi u.

Abdulaziz Komilov «Tolibon» himoyachisi bo‘lishini xohlamasligini ta’kidladi, biroq Afg‘oniston Islom Amirligi saytida «Tolibon» xohlayotgan mamlakat turi haqidagi maqola haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Juda qiziqarli maqola. Ular tashqi aralashuvisiz mustaqil va suveren mamlakatni istashlarini aytmoqdalar. ‘Biz o‘z hududimizni xorijiy harbiy kuchlar tomonidan bosib olinishini istamaymiz. Biz ayollar, qizlar va boshqalarning huquqlarini kafolatlamoqchimiz. Ayollar ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlashlari mumkin. Biz qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatmoqchimiz’ va hokazo», — deya sanab o‘tdi u.

Vazir shuning uchun «hukumat va muxolifatning umumiy manfaatlariga xizmat qiladigan keng doirali ishlar» mavjud deb hisoblaydi.
«Ular ushbu maydonni kengaytirib, afg‘on jamiyati manfaatlari yo‘lida kelishuvga erishishlari kerak. Bundan tashqari, ayrim (muxolifat) vakillari, agar afg‘onlar prezidentlik respublikasini tanlasa, biz ham rozi bo‘lamiz, deb aytganini eshitdim», — dedi u.

Optimistik kayfiyat

Foto: YouTube / ThisIsAmericaTV
Abdulaziz Komilov, shuningdek, nima uchun O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatga optimistik munosabatda ekanligi va unda salohiyati nimada ko‘rayotganini tushuntirdi.
«Bizda bir oz nekbinlik bor. Nima uchun? Chunki vaziyat o‘zgargan. Ikki yil oldin vaziyat qanday bo‘lganiga nazar tashlansa. Qanchalik ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Birinchidan, ikki tomon 40 yil ichida birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni boshladilar. Ularda o‘zlarining kun tartibi bor. Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda tinchlik jarayoni va barqarorlikka erishishda yanada faol. ‘Tolibon’ ham kelishuvga erishish uchun shunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni xohlamoqda», — dedi vazir.

Shuningdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri «Tolibon» harakati terroristik tashkilot deb qaralishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
«Albatta, ular Afg‘oniston ichkarisida turli xil ekstremistik tashkilotlar bilan qandaydir aloqada bo‘lishgan va hokazo. Ammo, shu bilan birga, siz ‘Tolibon’ a’zolari 40 yil ichida Afg‘onistonning milliy chegaralaridan tashqarida — Markaziy Osiyoda ham, Yevropada ham, boshqa joylarda ham terakt uyushtirgani haqida bitta misol keltira olmaysiz», — dedi u.

Tashqi ishlar vaziri Dohadagi «Tolibon» harakati siyosiy idorasi rahbari Mulla Abdul G‘ani Baradarning Afg‘onistondan O‘zbekistonga tahdid va xavf paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan so‘zlarini esladi.
«Biz, albatta, kelishuv shartlarini bajaramiz. Shu nuqtayi nazardan, biz kelajakda Afg‘onistondan O‘zbekistonga yoki boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga tahdid va xavf paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz deb aytishimiz mumkin… Kelgusida biz afg‘on tuprog‘ida radikal kayfiyatdagi guruhlar va tashkilotlar, terroristik guruhlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya ta’kidlagan «Tolibon»ning Doxadagi idorasi rahbari.

Abdulaziz Komilov shaxsan o‘zi «Tolibon»ni terroristik tashkilot deb hisoblamasligini aytdi.
«Chunki o‘shanda AQSH ‘Tolibon’ bilan ish yuritib, shartnoma imzolagan. Chunki AQSHning aniq prinsiplari bor — siz hech qachon terrorchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazmagansiz, o‘tkazmayapsiz va o‘tkazmaysiz. Shu javob», — dedi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Abdulaziz Komilov «Tolibon» nima xohlayotganini ma’lum qildi