12:12 / 12.08.2021
6 328

Rossiya mudofaa vaziri Tolibonning O‘zbekistonga daxldor va’dasini ochiqladi

Rossiya mudofaa vaziri Tolibonning O‘zbekistonga daxldor va’dasini ochiqladi

Foto: AP
«Tolibon» harakati qo‘shni davlatlarga hujum qilmaslik, chegarani buzish kabi xatti-harakatlarni sodir etmaslikka va’da bermoqda. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu «Tafakkur hududi» deb atalgan ma’rifiy forumda ma’lum qildi. Shu bilan birga, u toliblar O‘zbekiston hamda Tojikiston chegarasida allaqachon nazorat o‘rnatganini ham qayd etgan.

Ayni kunlarda Afg‘oniston hukumati hamda «Tolibon» harakati o‘rtasida hayot-mamot kurashi ketmoqda. «Assoshieyted press» agentligi xabariga ko‘ra, chorshanba kuni toliblar yana uch viloyat poytaxtini egallab, mamlakat shimoli-sharqida to‘liq nazorat o‘rnatdi. Badaxshon, Bag‘lon va Farah viloyatlari ma’muriy markazlarining (Fayzobod, Puli-Xumri, Farah) qo‘ldan ketishi o‘zi shundoq ham zaiflashib borayotgan markaziy hukumatning shashtini pasaytirdi.

Prezident Ashraf G‘ani raqiblarning galdagi nishoni bo‘lishi kutilayotan Mozori sharif shahriga borgan. U tojik diasporasi rahbari Atto Muhammad Nur va o‘zbeklar yetakchisi Abdulrashid Do‘stum bilan kuchlarni birlashtirishni muhokama qilmoqchi. Mamlakat mudofaa vaziri Xolid Poyanda esa iste’fo berib mamlakatni tark etgan. Vazirning iste’fosi muhim bojxona postlari «Tolibon» nazoratiga o‘tgani va budjet tushumi keskin kamaygani bilan izohlangan.

So‘nggi paytlarda toliblar shiddatli hujumlar bilan birin-ketin yirik shaharlarni bosib olmoqda. Masalan, 6 avgust kuni Nimro‘z viloyati markazi Zaranj shahri egallandi. Buning ortidan yana 7 ma’muriy markaz,  jumladan, Qunduzda nazorat o‘rnatildi. Qunduz shahrining «Tolibon» ixtiyoriga o‘tishi ekspertlar tomonidan jangdagi burilish nuqtasi o‘laroq baholandi.

G‘alabalardan ruhlangan toliblar rasmiy hukumatning sulh hamda muvaqqat hukumat tuzish borasidagi takliflarini ham rad etmoqda. AQSH esa turli siyosiy kuchlar vakillaridan iborat o‘tish davri hukumati mamlakatda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishiga umid qilayotgan edi.

Hozircha Afg‘oniston hukumatining bosh qo‘rg‘oni – Kobul xavfdan xoli. Ammo «The Washington Post» nashri AQSH hukumatidagi manbalariga tayanib poytaxt ham 30 kundan 90 kungacha bo‘lgan muddatda toliblar qo‘liga o‘tishini bashorat qildi. Tahlilchilarga ko‘ra, voqealar bu taxlit rivoj topgudek bo‘lsa, mamlakat yana terrorizm o‘chog‘iga aylanishi hech gap emas. Qochqinlar muammosi ham yana-qayta kun tartibiga chiqadi.

Co‘nggi 20 yil ichida siyosiy jarayonlardan chetda bo‘lgan «Tolibon» harakati xorijiy kuchlar Afg‘onistonni tark etayotgan pallada qayta bosh ko‘tardi. 20 yillik urushdan keyin AQSH harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda. Tolibon harakati hamda AQSH prezidenti ma’muriyati o‘rtasida 2020 yil fevral oyida imzolangan bitim ana shuni taqozo etadi. Prezident Jo Bayden qo‘shinni olib chiqish jarayoni 11 sentabrga qadar to‘liq yakunlanishini ma’lum qilgan.

Vaziyat qaltislashib Afg‘oniston hukumati birin-ketin mag‘lubiyatga uchrayotganiga qaramay, Oq uy rahbari qo‘shinni olib chiqish qaroridan afsusda emasligini bildirdi.

«Biz 20 yil ichida trillion dollardan ko‘proq mablag‘ sarfladik. Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining 300 ming ziyod a’zolarini jangga hozirladik va zamonaviy aslahalar bilan ta’minladik. Biz minglab odamlarimizni yo‘qotdik. Endi ular kurashishlari kerak. Ular toliblardan son jihatdan ko‘proq», – dedi prezident Bayden.

Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» 1996-2001 yillarda Afg‘onistonni idora qilgan. 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQSH boshchiligidagi kuchlar Afg‘onistonda aksilterror operatsiyalarini amalga oshirib toliblar boshqaruviga barham bergan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Rossiya mudofaa vaziri Tolibonning O‘zbekistonga daxldor va’dasini ochiqladi
[/banner_pushhouse