21:18 / 13.08.2021
4 359

AQSH, Kanada va Britaniya Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi

AQSH, Kanada va Britaniya Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi
Foto: EPA
AQSH hukumati Kobuldagi elchixonasini himoya qilish uchun Afg‘onistonga qo‘shimcha kuchlar yubormoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi 12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi Amerika elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish doirasida AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin ushbu jarayonning «xavfsiz kechishini ta’minlash uchun vaqtinchalik qo‘shimcha kuchlar yuborishni» buyurgan. Buning uchun yaqin 48 soat ichida Afg‘onistonga uchta batalon — 3 mingga yaqin harbiy xizmatchi yuboriladi.

Kirbining ta’kidlashicha, Afg‘onistonga AQSHning qo‘shimcha kuchlarini joylashtirish vaqtinchalik bo‘ladi.

AQSH ortidan Kanada ham Kobulga maxsus kuchlar bo‘linmasini yubormoqda. Ular Kanada elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish jarayonida va bu jarayon tugaguncha xavfsizlikni ta’minlashi kerak. Kanada qancha harbiy yuborayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya xuddi shu maqsadda Afg‘onistonga 600 ga yaqin qo‘shin joylashtiradi. Yaqin kunlarda britaniyalik askarlar Afg‘onistonga kelib, himoya va zarur moddiy-texnik yordam ko‘rsatadi. Britaniya qo‘shinlari, shuningdek, Buyuk Britaniya armiyasi bilan ishlagan va endi «Tolibon» tahdidiga duch kelayotgan afg‘on tarjimonlarini boshqa joyga ko‘chirish dasturini tezlashtirishga yordam beradi.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qilib, AQSH «Tolibon» hujumlari sharoitida Afg‘oniston xavfsizligi va barqarorligiga sarmoya kiritishda davom etishiga va’da berdi.

Shuningdek, AQSH rasmiylari G‘aniga «xavfsizlik holati o‘zgargani sababli AQSH Kobuldagi fuqarolik ishtirokini qisqartirayotgani»ni ma’lum qilgan. Tomonlar Afg‘onistondagi xavfsizlik holati, «zo‘ravonlikni cheklash choralari va amalga oshirilayotgan diplomatik harakatlar» haqida fikr almashdi.

Blinkenning ta’kidlashicha, AQSH ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab -quvvatlashga sodiq qoladi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasining rahbari Jozep Borrel ham Afg‘onistondagi qarama-qarshi tomonlarni ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga chaqirgandi.

Ammo Pokiston bosh vaziri Imron Xonning so‘zlariga ko‘ra, hozir Afg‘onistondagi ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish nihoyatda qiyin. Chunki «Tolibon» yetakchilari G‘ani prezidentlik lavozimidan ketsagina, ular Afg‘oniston hukumati bilan muzokara olib borishini aytgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH, Kanada va Britaniya Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi