10:11 / 19.08.2021
2 805

“Men sotqin emasman” - Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etgandan keyin ilk murojaat bilan chiqdi

“Men sotqin emasman” - Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etgandan keyin ilk murojaat bilan chiqdi
Foto: Getty Images
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga «Tolibon» kelganidan keyin mamlakatdan qochib ketgan prezident Ashraf G‘ani va uning oila a’zolariga xavfsiz boshpana bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 18 avgust kuni BAA Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi bayonot berdi, deb yozmoqda «TASS».

«BAA Ashraf G‘ani va uning oilasiga insoniylik nuqtai nazaridan xavfsiz boshpana taqdim etdi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Ashraf G‘ani 15 avgustda «Tolibon» harakati vakillari Kobulga kira boshlaganidan keyin mamlakatni tark etgan. Avvalroq KabulNews nashri uning Ummonda ekanligi va u yerga Tojikiston orqali samolyotda parvoz qilgani haqida xabar bergan. Eronning Mehr agentligi esa G‘anining O‘zbekiston orqali Ummonga uchib ketganini qayd etgan. Ashraf G‘ani bilan birga Kobuldan rafiqasi Rula G‘ani, yana ikki kishi, jumladan, maslahatchisi bilan birga chiqib ketgan. Bir necha kundan beri G‘anining qayerda ekanligi haqida rasmiy ma’lumot berilmayotgan edi.

BAA Tashqi ishlar vazirligi binosi
Foto: Shutterstock

Voqealardan keyin sobiq prezidentning o‘zi Facebook’dagi sahifasida davlat rahbarligidan mamlakatdagi qonli to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida iste’foga chiqqani haqida yozgan. Keyinchalik Ashraf G‘anining Kobuldan qochayotgan vaqtida vertolyotga sig‘maydigan darajada ko‘p pullarni olib chiqib ketishga uringani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqalgan.

Kobulda hukumatni tinchlik yo‘li bilan topshirish muvofiqlashtiruvchi kengashining a’zolari G‘aniga kengash manfaati uchun iste’fo berishni so‘ragan, biroq u ushbu taklifga rad javobini bergan. Bloomberg agentligining xabariga ko‘ra, hukumatni topshirish bo‘yicha muzokaralar Qatar poytaxti Dohada Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga «Tolibon» vakillarining kelishidan bir necha hafta ilgari boshlangan. Avvalgi hukumat a’zolarining «Tolibon»ning yangi rahbarlik tuzilmalariga kirishi mumkinligi taxmin qilinayotgandi, ammo G‘anining mamlakatdan qochib ketishi ushbu umidlarni puchga chiqardi.

Ashraf G‘anining BAAda ekanligi ma’lum bo‘lganidan keyin Afg‘oniston TIV sobiq maslahatchisi Faxriddin Garizoda prezidentning Abu-Dabidagi shifoxonalardan biriga joylashtirilganini bildirgan. Bu haqda Eronning Young Journalists Club agentligi xabar qildi.

«Abu-Dabiga qochib kelgan Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘anining sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabarlar tarqaldi. Bir qancha diplomatik manbalarning aytishicha, G‘ani sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli bir necha soat ilgari shahardagi shifoxonalardan biriga yotqizilgan», — degan Garizoda.

Ushbu xabarlardan so‘ng CNN o‘z manbasi axborotiga asoslanib, Ashraf G‘anining videomurojaat bilan chiqish qilmoqchi ekanligini ma’lum qilgan.

Hech qancha vaqt o‘tmay, Ashraf G‘ani Facebook’dagi sahifasi orqali videomurojaat yo‘lladi. U o‘z murojaatida BAAda bo‘lib turganini rasman tasdiqlagan.

«Meni Kobuldan chiqib ketishga majbur qilishdi, sababi poytaxtda zo‘ravonliklar va qon to‘kilishini istamadim. Ular meni qidirishdi. Qo‘riqlash xizmati xodimi yonimga kelib, toliblarning poytaxtga kirganini aytgan vaqtida men saroyda edim», — deya qayd etgan Ashraf G‘ani.

Afg‘oniston sobiq prezidenti o‘z murojaatida mamlakatga yaqin vaqt ichida qaytmoqchi ekanligini bildirgan.
«Men Birlashgan Arab Amirliklaridaman, lekin yaqin kelajakda vatanimga qaytaman», — degan sobiq prezident.

Shuningdek, u Afg‘onistonga qaytish borasida xorijdagi hamkorlar bilan maslahatlashuvlar olib borayotgani va afg‘onistonliklar manfaatlari uchun adolatli qaror chiqarilishiga bor kuchi bilan harakat qilishini ta’kidlagan.

G‘ani, shuningdek, mamlakatni katta miqdorda pul bilan tark etgani haqidagi ayblovlarni yolg‘on va “mutlaq asossiz” deb aytgan. “Meni o‘zim bilan pul olib ketganlikda ayblashmoqda. Buning barchasi yolg‘on, men mamlakatdan bir ko‘ylak, salla va tuflida ketdim va o‘zim bilan birga faqat bir sumkada bir nechtagina kitobni oldim”, deb aytgan siyosatchi.

U o‘zini sotqin deb hisoblamasligini aytdi hamda “mamlakatdan o‘z hayotini saqlab qolish va o‘z manfaatlari uchun qochib ketgani” haqidagi gaplarga ishonmaslikka chaqirdi.
Men o‘z vatanimni sotmadim va barchadan turli mish-mishlarga quloq solmaslikni iltimos qilib qolaman. Biz Kobul uchun tinchlikni va u vayron bo‘lmasligini xohlagandik. Men Afg‘onistondagi urush yakunlanishiga umid qilib qolaman. Qurolli kuchlarimiz ushbu muvaffaqiyatsizlik uchun javobgar emas, barcha javobgarlik siyosatchilar zimmasida”, deb ta’kidlab o‘tgan G‘ani.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Men sotqin emasman” - Ashraf G‘ani Afg‘onistonni tark etgandan keyin ilk murojaat bilan chiqdi