17:20 / 20.09.2021
2 420

Eng taniqli siyosatchi ayollar Afg‘onistondan chiqib ketishga qanday muvaffaq bo‘ldi?

Eng taniqli siyosatchi ayollar Afg‘onistondan chiqib ketishga qanday muvaffaq bo‘ldi?
Fauziya Kufiy (chapda) Kobuldan evakuatsiya qilinganidan keyin, 2021 yil sentabr
Foto: Twitter

So‘nggi yillarda afg‘on jamiyatining erkinligi ramzlariga aylangan ayollar Afg‘onistonni tark etdi. Maydonshahr shahar meri Zarifa G‘afforiy, O‘zbekiston bilan chegaradosh Balx viloyatidagi Chorkent uyezdi rahbari Salima Mozoriy va Afg‘oniston parlamenti raisining sobiq o‘rinbosari Fauziya Kufiy — afg‘onistonlik eng mashhur siyosatchi ayollar. Ular haqida Fergana.Media hikoya qiladi.

Endi ularning barchasi chet elda. Afg‘onistonda hokimiyat xalqaro hamjamiyatga qaratilgan va’dalariga qaramay, ayollarning jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etish huquqini cheklovchi «Tolibon» tomonidan egallab olingach, ularga o‘lim xavfi tahdid qilayotgan edi.

Fauziya Kufiy
Kufiy 1975 yilda Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Badaxshon viloyatida tug‘ilgan. Uning otasining yetti nafar xotini bo‘lgan. Oilada qariyb 20 nafar bola tarbiyalangan.

Kufiy o‘z siyosiy karerasini 2001 yilda boshlab, Afg‘onistonda ayollarning ta’lim olish huquqini himoya qilishga qaratilgan «Maktabga qaytish» kampaniyasini ilgari surgan.

2002 yilda u bolalar himoyasi bo‘yicha xodim sifatida YUNISЕFga ishga kirgan, 2005 yilda esa birinchi marta Afg‘oniston parlamentining Badaxshon viloyatidan deputati sifatida saylangan. Deputatlik maqomi uning ayollar huquqlarini himoya qilish va ilgari surish sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirdi, u Ayollar masalalari bo‘yicha qo‘mitaga rahbar bo‘ldi.

2000 yillar boshida Kufiy ketma-ket ikki nafar qiz farzandni dunyoga keltirdi. Uning turmush o‘rtog‘i esa ikkinchi farzandi tug‘ilganidan keyin ko‘p o‘tmay, sil kasalligidan vafot etdi, u bu kasallikni «Tolibon»ga asir tushgan vaqtida orttirgan edi.

Kufiy Afg‘oniston parlamenti raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan ilk ayol kishiga aylandi. 2014 yilda u yana afg‘on ayollari orasida birinchi bo‘lib mamlakat prezidenti sayloviga o‘z nomzodini qo‘ydi.

2020 yilda Kufiy «Tolibon» bilan yarashuv sulhini tuzish haqida muzokaralar olib borish uchun 21 kishilik delegatsiyaga boshqa taniqli afg‘on siyosatchilari qatorida kiritldi. «Tolibon» bilan maslahatlashuvlar Qatarda olib borildi, ammo natija bermadi.

Muzokarachi bo‘lgan vaqtidayoq Parvon viloyatidan Kobulga qaytish chog‘ida Kufiyga suiqasd uyushtirildi. U singlisi bilan poytaxtga kiraverishdagi bozorda to‘xtaganida noma’lum shaxslar o‘qotar quroldan o‘qqa tutdi. Kufiy yengil jarohatlar bilan qutulib qoldi.

«Tolibon» vakili Zabiulla Mujohid harakatning hujumga aloqador emasligini ta’kidladi.

Fauziya Kufiy Kobuldan Qatarga yetib keldi, 2021 yil 31 avgust
Foto: Twitter

Toliblar Kobulni qamal qilishidan bir necha kun avval, poytaxtda bo‘lgan Kufiy kanadalik jurnalistlarga jangarilar afg‘on armiyasini ularga qarshi janglarda qo‘llab-quvvatlagan Amerika aviatsiyasidan qo‘rqmasligini, ammo ayollardan qo‘rqishini aytgandi. «Tolibon» Kobulni egallab olganidan keyin uni uy qamog‘iga yuborishdi. Qurollangan toliblar uning uyi darvozasi yonida soqchilik qildi.

31 avgust kuni Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilasi Lolva al-Xotir Kufiy Kobuldan Qatarga evakuatsiya qilinganini e’lon qildi. «Mamnuniyat bilan xabar qilamanki, Fauziya opa Qatarga avvalroq evakuatsiya qilingan qizlari bilan qayta birlashish uchun Qatar Harbiy-havo kuchlari samolyotida kelib qo‘ndi. Afg‘onistonda bunga hissa qo‘shganlarning barchasiga rahmat», — degan edi al-Xotir.

Ayni paytda Kufiy turli xalqaro tadbirlarda qatnashmoqda va muzokaralar olib bormoqda. Nafaqat Qatarda, balki boshqa mamlakatlarda ham. Anjumanlardan birida u joriy yil yozida afg‘on xavfsizlik kuchlarining shiddat bilan yengilishiga hukumatning poraxo‘rligi sabab bo‘lganini aytdi.

Biroq Kufiy hokimiyat «Tolibon» qo‘lida bo‘lgan, ayollarning o‘z ozodligi uchun uyushtirilgan tinch namoyishlari qurol bilan tarqatib yuborilayotgan Afg‘onistonga qaytib, u yerda siyosiy va jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lish-bo‘lmasligi butunlay qorong‘i.

Zarifa G‘afforiy
15 avgust kuni, «Tolibon» Kobulga kirgan vaqtda, afg‘onistonlik 29 yoshli huquq himoyachisi va siyosatchi Zarifa G‘afforiy Britaniyaning iNews nashriga Afg‘oniston poytaxtida qolib ketgani va toliblarning qasos olishidan qo‘rqayotgani haqida so‘zlab berardi. «Bu yerda o‘tirib, ularning qachon kelishini kutyapman. Menga yoki oilamga yordam bera oladigan biror kimsa yo‘q. Erim va oilamning boshqa a’zolari bilan birga ularni shunchaki kutib o‘tiribman. Toliblar menga o‘xshaganlarni topib o‘ldiradi. Men oilamni tashlab keta olmayman. Tashlab ketganimda ham qayoqqa borardim?», — degandi u.

Zarifa G‘afforiy
Foto: Twitter

Zarifa G‘afforiy Kobulda tug‘ilgan va Afg‘onistondagi fuqarolar urushi avjiga chiqqan vaqtda o‘sib, ulg‘aygan. Uning bolaligi mamlakatni toliblar boshqargan 1990 yillarning oxirlariga to‘g‘ri keladi. O‘sha davrning qonun-qoidalariga ko‘ra, ayollar ko‘chaga burqa kiyib va faqat erkak qarindoshi hamrohligida chiqishi mumkin edi. Ayollar tashqaridan ko‘rinmasligi uchun binolarning birinchi va ikkinchi qavatdagi derazalari bo‘yab tashlanar yoki yopib qo‘yilar, bu esa biqiqlikni yanada kuchaytirib, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni — tushkunlik (depressiya) va o‘z joniga qasd qilish hollarini ko‘paytirardi. Afg‘on ayollariga o‘qish, ishlash va siyosat bilan shug‘ullanish taqiqlangan edi. Ular munosib tibbiy yordamdan ham foydalana olmasdi — aksar shifoxonalarda erkak shifokorlar ayollarni to‘liq kiyim-boshda bo‘lgan holida ko‘rikdan o‘tkazardi. Ayollarning bo‘ysunmasligi qattiq jazolanardi: ular yo o‘lgunicha savalanishi, yo toshbo‘ron qilinishi mumkin edi.

2001 yili «Tolibon» qulab, AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonga kirib kelib, ayollar yana o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan vaqtda G‘afforiy 7 yoshda edi. U 16 yoshida Hindistondagi Panjob universiteti stipendiyasini qo‘lga kiritib, u yerda iqtisodiyotni o‘rgandi. U 2014—2015 yillarda inson huquqlari tashkilotiga va Peghla FM radiostansiyasiga asos soldi — ularning har ikkisi ham ayollar huquqi bilan shug‘ullanardi.

G‘afforiy 27 yoshida Afg‘onistondagi eng yosh merga aylandi. U 2018 yili Vardak viloyati ma’muriy markazi hisoblangan Maydonshahr shahriga bosh bo‘ldi — u yerda ko‘pchilik toliblarni qo‘llardi. Hokimning yoshi va jinsi, tabiiyki, mahalliy aholining tanqidi va noroziliklariga sabab bo‘lgan. Hokimlik binosiga tayoq va tosh ko‘targan erkaklar bostirib kirgani bois u birinchi ish kuniyoq o‘z xonasidan evakuatsiya qilingan edi. G‘afforiy oradan to‘qqiz oy o‘tibgina mer vakolatlarini bajarishga qayta oldi, korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator amaldorlarni ishdan haydadi, shaharsozlik va ekologiya bo‘yicha loyihalarni boshladi hamda ayollar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlarni sotishi mumkin bo‘lgan savdo maydonlari rejasini ishlab chiqdi.

Merga muntazam tahdid qilingan, uni hatto bir necha bor o‘ldirmoqchi ham bo‘lishgan. 2021 yilning may oyida Time jurnali G‘afforiyning uchta suiqasddan omon qolgani haqida yozgandi — ayolning o‘zi ushbu hujumlar ortida «Tolibon» turibdi, deb hisoblaydi. Boshqa manbalarga ko‘ra, suiqasdlar soni kamida ikki barobar ko‘p. 2020 yil oktabrida AQSH Davlat departamenti siyosatchi va huquq himoyachisiga qarshi uyushtirilgan oltinchi suiqasdni qoralovchi bayonot bilan chiqqan edi.

2020 yil noyabrida yuqori martabali afg‘on harbiylaridan biri hisoblangan uning otasini Kobuldagi uyi oldida otib ketishgan. G‘afforiyning fikricha, otasi aynan uning faoliyati sababli toliblar o‘ljasiga aylangan. «Bu ‘Tolibon’ning ishi. Men Maydonshahrda ularga kerak emasman. Shu bois ular otamni o‘ldirdi», — deydi u.

17 avgust kuni Sydney Morning Herald muxbirlari bilan suhbatda G‘afforiy butun oilasi qo‘rquv ichida qolganini tan oldi. «‘Tolibon’ shaharni qurshab oldi. Ular odamlarni o‘ldirib, hammayoqni vayron qilyapti. Hammamiz qo‘rquvdamiz. Onam qo‘rqyapti. Agar o‘lib qolsam, oilam va erimning ahvoli nima kechadi? Ukam yig‘lab: ‘Opajon, keta olsang, iltimos, ket!’, deb yolvordi», — deya hikoya qiladi u. Zarifaning aytishicha, odamlar Kobulning birdan bosib olinishiga tayyor emas edi, chunki ular «xalqaro hamjamiyat afg‘onlarni shunday tashlab ketishini kutmagandi».

G‘afforiy «Tolibon» yetakchilarining ayollarning ishlash va ta’lim olish huquqlarini saqlab qolish, xorijiy harbiylar va Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlik qilgan shaxslarni ta’qib qilmaslik haqidagi bayonotlariga ishonchsizlik bilan qaraydi. Uning aytishicha, toliblar «inson huquqlari, ayollar huquqlari, qonunlar va siyosat haqida hech narsa bilmaydi».

Oxir-oqibat G‘afforiy Kobuldan Pokistonga qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi, u yerdan esa 23 avgust kuni Germaniyaga keldi.

Hozir undan yevropalik jurnalistlar tez-tez intervyu oladi, toliblar tomonidan ayollar huquqlarining cheklanishi borasidagi fikrlari bilan qiziqadi. Ammo bunday intervyular yevropalik siyosatchilarning pozitsiyasiga hech qanday ta’sir o‘tkazmayapti, ular «Tolibon»ning Afg‘oniston ichkarisidagi repressiyalariga butunlay kuchsiz munosabat bildirmoqda.

Salima Mozoriy
U 14 avgust kuni kechqurun Afg‘onistonni marshal, etnik o‘zbek Abdulrashid Do‘stum bilan birgalikda Do‘stlik ko‘prigi orqali tark etib, O‘zbekistonga o‘tishga urindi. Biroq o‘zbekistonlik chegarachilar Do‘stumni va yana bir qator yuqori mansabli afg‘on siyosatchilarini kirgizib, 2018 yildan buyon Balx viloyatidagi Chorkent uyezdiga hamda ushbu hududni toliblardan himoya qilgan mahalliy xalq lashkariga rahbarlik qilib kelgan Salima Mozoriyni kiritmadi.

Salima Mozoriy o‘z xalq lashkari orasida
Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat / Fergana.Media

Mozoriy Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga toliblar kelguniga qadar mahalliy ayollar orasida «Tolibon»ning eng ashaddiy dushmani bo‘lgan. Hatto jangarilarga qarshi operatsiyalarga shaxsan qo‘mondonlik qilgan. Uning rahbarligi ostida 32 ming aholiga ega uyezd nisbatan xavfsiz bo‘lib kelgan.

U 1980 yilda Eronda qochqin hazoralar oilasida tug‘ilgan, ular ota yurti —Balx viloyatini Afg‘onistonga sobiq ittifoq qo‘shinlari kiritilishi tufayli tark etgan. 1979 yilda Islom inqilobi bo‘lib o‘tgan shialar Eroni tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanuvchi shia hazoralar Afg‘oniston hududiga sobiq ittifoq qo‘shinlari kiritilishiga kuchli qarshilik qilganlardan biri edi. Shuning uchun ularning ko‘pchiligi oxir-oqibat Eronga ketishga majbur bo‘ldi.

Tehronda Mozoriy oliy ma’lumotga ega bo‘ldi. 2001 yilda toliblar hokimiyati qulaganidan keyin Afg‘onistonga qaytib keldi. Turli ma’muriy lavozimlarda ishladi. 2018 yilda Chorkent rahbari lavozimi bo‘shaganidan so‘ng Mozoriy ushbu lavozimni egallash uchun ariza berdi.

Uezd rahbariga aylangach, birinchi qilgan ishlaridan biri mahalliy aholini terrorchilik guruhlari jangarilaridan himoya qilish uchun mahalliy xalq lashkarini tuzish bo‘ldi. U jangovar operatsiyalarda shaxsan ishtirok etardi. 2020 yilda «Tolibon»ning 100 nafar jangarisini asirga olish haqida kelishib oldi.

Afg‘onistondan chet el qo‘shinlarining olib chiqilishi fonida joriy yil may oyida «Tolibon» ommaviy hujumlarni boshlaganidan keyin to avgust o‘rtalarigacha Chorkent mudofaa kuchlari toliblarning qariyb 30 ta hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

14 avgust kuni gubernator soqchilari yugurib kirib, shahar mudofaasi qulaganini va jangarilar dahalarni egallab olayotganini e’lon qilgan paytda Mozoriy Balx gubernatori Muhammad Farhod Azimiyning ishxonasida o‘tirgandi.

Azimiy Mozoriyga u bilan birga Amudaryoning Afg‘onistondagi qirg‘og‘ini O‘zbekistondagi qirg‘oq bilan birlashtiruvchi Do‘stlik ko‘prigiga borib, so‘ng O‘zbekiston hukumatidan boshpana so‘rashni taklif qildi. U Chorkentga qayta olmasdi, xalq lashkari unga qo‘ng‘iroq qilib, hamma tomondan qamal qilinganlarini ma’lum qildi.

«Kurashni davom ettirish xalqimizning manfaatlariga zid kelardi», — deya keyinroq Time jurnalistlariga izoh berdi Mozoriy. U o‘z odamlariga chekinishni buyurdi va Azimiy bilan birga Mozori Sharifdan 75 km uzoqlikda joylashgan Do‘stlik ko‘prigiga borishga rozi bo‘ldi.

«Biz karvon bo‘lib turmush o‘rtog‘im va soqchilarim bilan yo‘lga tushdik. Yo‘lda bizga bir nechta yuqori mansabli rahbarlar, shu jumladan, sobiq vitse-prezident va harbiy boshliq Abdulrashid Do‘stum hamda Balx sobiq gubernatori va tojik ko‘ngillilar qo‘shini qo‘mondoni Ato Muhammad Nur kelib qo‘shildi. Afg‘on harbiy bo‘linmalarining ko‘pchiligi ham O‘zbekiston chegarasi tomonga qarab yo‘l oldi», — dedi Mozoriy.

Ular «Hayraton» chegara postiga yetib kelganida Do‘stlik ko‘prigining Afg‘oniston tomoni yuqori mansabli amaldorlar va harbiy xizmatchilar bilan to‘lib-toshgan edi. Hamma sarosimada edi. Mozoriyga o‘zbek chegarachilari chegaradan o‘tishga ruxsat bermadi. Faqat Azimiy, Do‘stum, Nur va yana ba’zi yuqori mansabli afg‘onlarning O‘zbekistonga kirishiga ruxsat etilgan. Mozoriy va boshqa ko‘plar Afg‘oniston hududiga qaytishga majbur bo‘lgan.

Chorkent uyezdining endilikda sobiq rahbari burqa kiyib olib, toliblar patrullik qilayotgan Mozori Sharifda qarindoshlarining uyida ikki kun yashirinib yurdi. Bu vaqtda xorijliklar va afg‘onistonliklarni Kobul aeroportidan chet el harbiy-transport samolyotlarida evakuatsiya qilish boshlangandi. Mozoriy turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari bilan eski mashinada Afg‘oniston poytaxtiga qarab yo‘l oldi.

Ularga omad kulib boqib, asosiy avtomobil yo‘llariga jangarilar tomonidan o‘rnatilgan barcha blokpostlardan muammosiz o‘tib oldi.

40 yoshli Mozoriy toliblarga juda yaxshi tanish bo‘lgani sababli Kobul aeroportiga ochiqdan ochiq bora olmasdi — aeroport atrofini toliblar o‘rab olgandi. U tanishlari uni aeroportga yetkazish haqida kelishib olgunicha bir necha kun turli xonadonlarda yashirinishga majbur bo‘ldi.

24 avgust kuni Amerika harbiylari Mozoriy va uning qarindoshlarini olib ketish uchun vertolyotda belgilangan joyga yetib keldi va ularni aeroport hududiga yetkazdi. U bir kundan keyin o‘z oilasi bilan Qatarga, u yerdan esa AQSHga uchib ketdi. Bularning barchasi haqida 14 sentabrdagina, u jurnalistlarga qanday qutqarilgani haqida intervyu berganidan keyin ma’lum bo‘ldi. Ungacha esa toliblar botir ayolni qo‘lga olib, ehtimol qatl qilgani haqida mish-mishlar yurgandi.

«Ayni paytda ‘Tolibon’ga qarshi qurolli kurash endi yechim emas — biz mamlakatimizga yordam berishning boshqa yo‘lini o‘ѣlab topishimiz kerak», — dedi Mozoriy so‘nggi intervyularidan birida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eng taniqli siyosatchi ayollar Afg‘onistondan chiqib ketishga qanday muvaffaq bo‘ldi?