00:02 / 12.02.2022
1 436

Bloomberg: Xitoy milliarderlarga shafqatsiz chora ko‘rmoqda

Bloomberg: Xitoy milliarderlarga shafqatsiz chora ko‘rmoqda
Rasm: Bloomberg Markets / Joan Vong
Tadbirkorlardan biri daraksiz g‘oyib bo‘lgan, sog‘lom erkak esa o‘zining hashamatli mehmonxonasidan aravachada chiqib ketgancha qaytib ommaga ko‘rinmagan. Ba’zilari esa nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lib, sud oldida javob berish uchun bir necha oy yoki yillardan so‘ng paydo bo‘ladi. Bu kimsalar Xitoy Kommunistik partiyasining huquqiy tizimi tomonidan nishonga olingan biznes magnatlaridir, deb yozadi Bloomberg.

2017 yilda Xitoy rahbari Si Szinpin hibsga olish vakolatlarining kengaytirilishini qo‘llab-quvvatlab, buni «partiyaning o‘zini o‘zi oqlash imkoniyatini yuksaltirish» istagi orqali izohladi. Xuddi o‘sha vaqtlarda Xitoyning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi «qonun tuzog‘i» va «demokratiya tuzog‘iga» tushmaslik uchun adliya tizimini partiya tomonidan nazoratga olinishi kerakligini ijtimoiy tarmoqlarda aytib o‘tgan edi. Yanvar oyida agentlik pullar va hokimiyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni uzishda «rahm qilmaslik» siyosatini yana bir bor tasdiqladi.

Madridda joylashgan Fuqarolik erkinliklari assotsiatsiyasining ta’kidlashicha, har yili Xitoyda 30 mingga yaqin odam hech qanday ayblovlarsiz yashirincha hibsga olinib, advokatlardan foydalanish huquqidan mahrum qilinadi. Tashkilotning avgust oyida xabar berishicha, BMT «zo‘rlik bilan yo‘q qilish» deb atagan bunday holatlar 2012 yili hokimiyatga kelgan Si davrida oldingi o‘n yillikdan ko‘ra 10 baravarga ko‘paygan.

Hibsga olinganlarning aksariyati dissidentlar va jamiyat faollari bo‘lsa-da, mamlakat boylik va yopiq hokimiyat ustidan nazoratni kuchaytirdi. Sining «umumiy farovonlik harakati» mamlakatda moliyaviy jihatdan notenglikni kamaytirish bo‘yicha izlanishlarni kuchaytirdi. Kommunistik partiya korrupsiya, raqobatga qarshi xatti-harakatlar, moliyaviy va xavfsizlik sohasidagi xavf-xatarlarga qarshi kurash olib borishini ta’kidlaydi.

Hibsga olingan ba’zi mashhur tadbirkorlar Xitoyda katta obro‘ga ega edilar. Ular orasida Gonkongdagi Four Seasons Hotel mehmonxonasidan tunda chiqarib yuborilgan magnat Syao Jianxua ham bor edi. Uning Tomorrow Group kompaniyasi bank, sug‘urta, ko‘chmas mulk va konchilik bilan shug‘ullangan. Kompaniyadagilarning aytishicha, Xiao o‘zini Berkshire Hathaway Inc’dagi Uorren Baffetdan keyingi o‘ringa qo‘ygan.

Sug‘urta sohasining magnati Xiaohui Vuning yuksalishi va qulashi boshqacha tus oldi. Uning Anbang Insurance Group sug‘urta kompaniyasi 2014 yili Nyu-Yorkdagi Waldorf Astoria mehmonxonasini bir qator transchegaraviy kelishuvlar asosida sotib oldi. 2017 yili Vu hech bir aniq izohlarsiz jamoatchilik e’tiboridan g‘oyib bo‘ldi.

Xitoy hukumati kompaniyadan xorij investitsiyalarini sotishni boshlashni so‘radi. Oxir-oqibat Vu firibgarlik va korrupsiyada ayblanib, 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Biroq uning qamoqqa olinishi tadbirkorning sirli g‘oyib bo‘lishidan deyarli bir yil o‘tib, hech qanday ayblov e’lon qilinmagan paytda amalga oshirildi.

Yoki yaqinda bo‘lib o‘tgan yana bir g‘alati ish: Morgan Stanley’ning sobiq sarmoyaviy bankiri, China Equity Group xususiy sarmoya kompaniyasining rahbari Van Chaoyong. Dekabr oyida Caixin yangiliklar sayti tadbirkorning ikki hafta davomida omma e’tiboriga ko‘rinmagani va moliyaviy qonunbuzarliklar bo‘yicha unga qarshi tergov ishlari ochilganini e’lon qilgan edi. Yanvar oyi boshida esa u garov evaziga qo‘yib yuborildi.

Xitoyning avvaliga «shuangi» deb nomlangan maxfiy hibsga olish tizimi partiyaning korrupsiyaga qarshi kurash organiga, mamlakatdagi 90 million aholidan istalganini «ma’lum bir joyda ma’lum bir vaqtda» poraxo‘rlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish vakolatini beradi. Davlat xavfsizligini buzganlikda gumon qilingan har qanday shaxs qat’iy «uy nazorati»ga yoki RSVR jazosiga tortilishi mumkin. 2012 yilda joriy etilgan qamoqqa olishning bunday ko‘rinishi faollar va dissidentlarni maxfiy joylarda saqlashga imkon beradi.

Barcha xavf-xatarlarga qaramay, imkoniyatlar hali-hamon o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Ba’zi yirik tadbirkorlar yo‘qolsa, ularning o‘rniga boshqalari keladi. Bloomberg Billionaires Index dunyodagi eng boy 500 kishi reytingiga Xitoydan 79 kishini kiritdi, ushbu ko‘rsatkich AQSHdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. Xitoy dunyodagi har 6 milliarderdan 1 nafarini tashkil qiladi, 2016 yilda ushbu ko‘rsatkich 20 milliarderdan yana 1 nafarga ko‘paydi.

G‘ayrioddiy rivojlanish
Boylar uchun yuzaga keladigan xavf-xatarlarga qaramay, Xitoyda milliarderlar soni ortib bormoqda.

Ularning qatoriga qo‘shilishga urinayotgan tadbirkorlar hech bir izohsiz davlat mulkini o‘g‘irlashda ayblanish va hibsga olinish xavfiga tik boqib ketmoqda, deydi Vashingtonda joylashgan Atlas konsalting firmasi asoschisi Jonatan Uord, Xitoy va Hindistonga ishora qilib. «Siz har qanday odam bo‘sh qo‘l bilan g‘oyib bo‘lishi mumkin bo‘lgan qamoqxona tizimi haqida gapiryapsiz», — deydi u.

Xitoy politsiyasi hibsga olinganlar haqida jamoatchilikka ma’lum qilishga majbur emas, lekin ular 24 soat ichida mahbusning oilasiga xabar berishi kerak. Ko‘p hollarda, ayniqsa, shov-shuvli vaziyatlarda mahbusning yaqinlari sukut saqlashni afzal ko‘radilar, kompaniyalar esa rasmiylar bilan qarama-qarshilikka duch kelmaslik uchun aniq bayonot berishmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bloomberg: Xitoy milliarderlarga shafqatsiz chora ko‘rmoqda