
Viktor Osimxen 75 million yevro turadi. Ademola Lukman A Seriyasida o'ynaydi.
Vilfred Ndidi va Alex Ivobi o'z klublarini yelkasida olib yuradi. Ammo bu yulduzlar yana bir bor jahon chempionatini uyda tomosha qilishlariga to'g'ri keladi.
Ikkinchi marta ketma-ket. Sababi?
Nigeriya penaltilar seriyasida DR Kongo jamoasiga mag'lub bo'ldi. Qizig'i shundaki, raqib jamoaning zahira o'rindig'idagi bir kishi penaltilar paytida «sehr» bilan shug'ullanganini aytishmoqda.
Bu hazil emas. Nigeriya terma jamoasi bosh murabbiyi Erik Shell o'yindan so'ng ESPN nashriga bergan intervyusida raqib o'rindig'idan bir shaxs penaltilar paytida qo'llarini silkitib, suv sepib va qandaydir marosimlarni o'tkazganini aytdi.
Murabbiy bu holatdan shunchalik g'azablanganki, raqib shtabi bilan janjal chiqishiga oz qoldi. Natijada Nigeriya uch marta penalti o'tkazib yubordi, DR Kongo esa to'rt marta aniq zarba yo'lladi.
4:3 hisobidagi mag'lubiyat Nigeriya yulduzlarining jahon chempionati orzularini Rabotda chippakka chiqardi. Shellning ta'kidlashicha, bunga «sehr» sabab bo'lgan.
Ammo voqealar rivojini ko'rib chiqsak, aslida boshqa muammolar mavjud edi. O'yin oldidan Nigeriya futbol federatsiyasi o'yinchilarga maosh to'lay olmadi va buning oqibatida jamoa mashg'ulotlarni boykot qildi.
Ichki nizolar va norozilik kayfiyati bilan hal qiluvchi o'yinga chiqqan jamoa psixologik jihatdan zaiflashgan edi. DR Kongo esa aksincha, katta motivatsiya bilan o'yinga tayyorlandi.
Ularning futbol federatsiyasi jamoa a'zolariga jahon chempionatiga chiqish uchun har bir futbolchiga million dollar mukofot va'da qilgan. Bu mamlakat so'nggi marta 1974 yilda mundialda o'ynagan va yarim asrlik tanaffusdan keyin qaytish imkoniyati ularga qo'shimcha kuch bag'ishladi.
Bundan tashqari, ular yarim finalda Kamerunni qo'shimcha daqiqalarda urilgan gol bilan mag'lub etishdi. Motivatsiya va ishonchning natijasi sifatida ular Rabotda g'alaba qozonishdi.
Shell esa jurnalistlarga «sehr» haqida gapirib, raqib zahira o'rindig'idagi shaxsning harakatlarini ko'rsatdi. Biroq bu bahonalar uchta penaltiyi o'tkazib yuborish yoki Viktor Osimxendek yulduzning hal qiluvchi golni ura olmasligini tushuntirib bera olmaydi.
Afrikalik futbolchilar orasida vudu va sehrga bo'lgan ishonch juda kuchli. Bu turistik folklor emas, balki madaniyatning bir qismi hisoblanadi.
Ko'p jamoalar o'zlari bilan shamanlarni olib yurishadi, har xil rituallarni o'tkazishadi va amuletlarga ishonishadi. Bu esa futbolchilar psixologiyasiga ta'sir qiladi.
Penaltini amalga oshirish uchun maydonga chiqqan futbolchi raqib o'rindig'idagi harakatlarni ko'rib, o'z-o'zidan: «Chindan ham sehr ishlayotgan bo'lsa-chi?» deb o'ylaydi. Bu bir soniyalik shubha esa natijada to'pning nishondan o'tkazib yuborilishiga sabab bo'ladi.
DR Kongo jamoasi esa bu muvaffaqiyat bilan interkontinental pley-offga yo'l oldi. Ular tarixda birinchi marta yarim asrlik tanaffusdan keyin jahon chempionatiga chiqish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Mukofot pullari, omadga bo'lgan ishonch va rituallar bilan ular orzulariga yaqinlashmoqda. Nigeriya esa yana bir bor mundialsiz qolmoqda.
Shell esa mag'lubiyatni ichki muammolar yoki yulduzlar bosimga dosh berolmaganiga emas, balki sehrga yuklamoqda. Lekin haqiqat shuki, agar Nigeriya g'alaba qozonganida, hech kim vudu haqida gapirmagan bo'lardi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.