23:39 / 15.02.2022
1 338

Germaniya kansleri nega Ukraina muhokamasiga kech qo‘shildi?

Germaniya kansleri nega Ukraina muhokamasiga kech qo‘shildi?
Foto: AFP
Germaniya kansleri Olaf Shols dushanba kuni Kiyevga bordi va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Bugun kansler Moskvada Putin bilan ham uchrashuv o‘tkazmoqda.

Sholsning Moskvaga tashrifi NATO davlatlarining unga nisbatan tanqidi fonida amalga oshmoqda. Ko‘pchilik mintaqaning kuchli davlati bo‘lmish Germaniya Ukraina inqiroziga juda kech qo‘shilganidan norozi bo‘ldi. Shols bu masalada harakatsizligi sabab Germaniyaning o‘zida ham tanqidga uchradi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda «Shimoliy oqim-2» to‘xtatib qo‘yilishi haqida ham ochiqchasiga gapira olmagan Shols Germaniya rus gaziga bog‘lanib qolgani haqidagi gap-so‘zlar bolalashiga sababchi bo‘ldi. BBC rus xizmati bu vaziyatni «strategik noaniqlik» deb baholadi.

Rossiya va NATO davlatlari o‘tgan yil noyabridan buyon alyans kengayish-kengaymasligi borasida fikrlar xilma-xilligini bir-biriga bildirib kelmoqda. Dekabr oyida Merkelning o‘rnini egallagan bo‘lsa-da, Shols bu mojaroga aralashishga shoshilmadi. Fevralga kelib mamlakat ichida ham keskin tanqidlarga uchragach, Shols vaziyatga aralashishga majbur bo‘ldi: Vashingtonda Bayden bilan ko‘rishdi, Fransiya, Polsha va Boltiqbo‘yi davlat rahbarlarini Berlinda qabul qildi, Kiyevga bordi, bugun esa Putin bilan uchrashdi.

Germaniya kansleri Rossiyani Ukrainaga bosqin qimmatga tushishidan ogohlantirish uchun borishini aytgan, ammo aynan qanday sanksiyalar nazarda tutilganiga aniqlik kiritmagan. Uning fikricha, bu borada «strategik noaniqlik»ni saqlab turgan ma’qul, hamma kartalarni stolga yoyib tashlash yaramaydi.

Shols bosqin o‘rniga diplomatiyani taklif etib, bu borada yordamga tayyorligini bildirmoqchi. Normand to‘rtligi, YEXHT, NATO – Rossiya va hatto AQSH – Rossiya formatidagi muloqotlarda ham.

«Olaf qani?»
Germaniyadagi tanqidchilar Shols Rossiya va G‘arbning Ukraina borasidagi bahslarida yo‘qolib qolganini qoralashdi. Taqqoslash uchun, oldingi kansler Angela Merkel 2014-15 yilgi muzokaralarda norasman Yevropa yetakchisi sifatida ishtirok etib, Ukraina sharqida tinchlik kelishuviga erishilishiga katta hissa qo‘shgandi. Hozir esa Germaniya soyada qolib ketdi, Yevropa nomidan Makron faollashgan, barcha asosiy masalalar esa AQSH va Rossiya o‘rtasida hal qilinmoqda.

Makron Merkel ketgach, Yevropaning yangi yetakchisi bo‘lishi taxmin qilingandi va u o‘z imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanyapti. Bu borada Germaniyaning o‘zida ham gapirishyapti. «Hozirgi inqiroz holatida Makron rulda, Shols esa oddiy yo‘lovchidek ko‘rinmoqda», deb yozdi bu borada Handelsblatt gazetasi.

Ijtimoiy tarmoqlarning nemis segmentida #OlafQayerda? heshtegi ommalashdi, ijtimoiy so‘rovlarda kanslerning reytingi tushib ketayotgani ko‘rindi.

Germaniyalik siyosatshunos Marsel Dirsus Olaf Sholsga undan oldingi kansler bilan taqqoslab baho berib bo‘lmasligini ta’kidladi. «Angela Merkel aksar demokratik rahbarlardan ko‘ra ko‘proq vaqt hukumatda bo‘ldi. Merkelning yildan yilga hurmati oshib, obro‘si egallab turgan lavozimidan ham oshib ketdi. Bu Olaf Sholsning aybi emas, u endigina lavozimiga kirishdi», deydi siyosatshunos.

Bundan tashqari, Shols va Merkelning siyosiy qarashlarida ham farq bor. Yangi kansler sotsial-demokratlar vakili. Bu partiya avvaldan Rossiya bilan moslashuvchan munosabatlarda bo‘lgan. Merkel esa bu borada keskinroq pozitsiyadagi xristian-demokratlar vakili edi.

«Har safar gap Rossiya haqida ketganda sotsial-demokratlar nemis-rus munosabatlari asosi bo‘lgan sovuq urush davridagi o‘ziga xos sharqiy siyosatni qo‘llashga moyil bo‘lib qolaveradi. Chunki bu siyosat sotsial-demokratlarning miyasiga qattiq o‘rnashib qolgan», deydi siyosatchi.

Sholsga doim sotsial-demokratlar vakili bo‘lgan sobiq kansler Gerxard Shrederni eslatishadi. U ayni damda «Rosneft» va «Shimoliy oqim» gaz quvuri direktorlar kengashi raisi lavozimini egallab turibdi. Rossiyadan maosh oladigan Shreder Ukraina borasida Kremlning pozitsiyasini «to‘tiday takrorlaydi», Kiyevni Donbassga nisbatan agressiyada ayblaydi.

Shreder bilan taqqoslashlari joniga tekkan Shols CNN muxbiri bilan suhbatda asabiylashib shunday dedi: «U (Shreder) hukumatda ishlamaydi, uning gaplari ham hukumatning pozitsiyasini bildirmaydi. Hozir Germaniya kansleri menman va mamlakat siyosiy pozitsiyasini mendan eshitasiz».

Marsel Dirsusning fikricha, ittifoqchilari tomonidan bosim sabab Shols Ukraina inqirozida faolroq harakat qila boshladi. Masalan, Berlin Litvaga 350 nafar harbiy yubordi. «Germaniya shunchalik yomon holatga tushdiki, nimadir qilmasa bo‘lmasdi», deydi siyosatchi.

Rus gazi
AQSH prezidenti Jo Bayden Vashingtondagi Shols bilan uchrashuvda agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, «Shimoliy oqim-2» haqida unutish mumkinligini aytdi. Ammo Shols amerikalik jurnalistlarning gaz o‘tkazgich borasidagi savollariga javob berishdan o‘zini olib qochdi. Aynan nemis tomonining «Shimoliy oqim-2» borasidagi qat’iyatsizligi sabab Ukraina prezidenti Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok bilan uchrashuvni bekor qildi. Vaholanki Berbok xonim bir necha marta «Shimoliy oqim-2»ga qarshi sanksiyalar haqida gapirgan. U «Yashillar» partiyasi vakili va saylovdan avval g‘alaba qozonsa, ushbu loyiha foydalanishga topshirilishiga qarshilik qilishini aytgandi.

Sholsning partiyadoshlari bo‘lgan sotsial-demokratlar orasida ham «Shimoliy oqim-2» borasida fikrlar turlicha. Masalan, Germaniya mudofaa vaziri Kristin Lambert ochiqchasiga bu muammoga aloqasi yo‘qligini aytadi. «Shimoliy oqim-2»ning oxirgi manzili bo‘lmish Germaniyadagi Meklanburg shahri rahbari Manuel Shvezig gaz quvurini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu siyosatchi ham sotsial-demokratlar vakili hisoblanadi.

Siyosatchi Marsel Dirsusning aytishicha, «Shimoliy oqim-2»ning Germaniya uchun ahamiyati bo‘rttirib yuborilgan: «Menimcha, «Shimoliy oqim-2»ning ahamiyati oshirib yuborilmoqda. Ukraina bu borada Berlinning aniq pozitsiyasini bilishga haqli. Shaxsan men nega shunday pozitsiya bildirilmayotganini tushunmayapman».

Ekspertning fikricha, Rossiya Ukrainaga kirsa, «Shimoliy oqim-2» loyihasi barbod bo‘ladi, chunki AQSH bu borada qo‘lidan kelganini qiladi. Germaniyada rus gazi Rossiyaga bog‘liqlik belgisi sifatida emas, munosabatlar yaxshiligining isboti sifatida sotib olinishi, ammo bunday emasligiga ishonadigan germaniyaliklar ham ko‘pligi qayd etilgan.

Besh mingta kaska
Berlin Ukrainaga qurol yuborishni taqiqlamoqda. Masalan, merganlar uchun miltiqlarni. Shuningdek, uchinchi davlatlarga Germaniyada ishlab chiqarilgan qurollarni Kiyevga yuborishni taqiqlamoqda. Estoniya Germaniyada ishlab chiqarilgan zambaraklarni Ukrainaga aynan Germaniyaning talabi bilan yubora olmadi. Hozircha Berlin Ukrainadagi harbiy dala hospitallarini jihozlashga rozi bo‘lgan. Shuningdek, Ukraina armiyasi uchun 5 mingta kaska yuborgan.

«Nemis siyosatchilari Ukrainaga nima yubormoqchi? Shlem? Bu butun dunyoga sharmanda bo‘lish-ku!» dedi bu borada germaniyalik Nobel mukofoti laureati Gerta Myuller.

Olaf Shols esa Germaniya Ukraina uchun hammadan ko‘p ish qilganini aytadi. Kanslerga ko‘ra Germaniya oxirgi 8 yilda Ukrainaga 1,8 milliard yevroga yaqin mablag‘ ajratgan. Shlem yuborish haqida esa, Sholsning aytishicha, Ukraina tomonining o‘zi so‘ragan.

«Germaniya hukumati bir necha yildan buyon bir xil pozitsiyada sobit turibdi: biz mojaroli hududlarga qurol yubormaymiz. Shu jumladan, Ukrainaga qirg‘in qurollarini yubormaymiz», dedi Shols nemis telekanalida chiqish qilar ekan. Ammo ekspertlarning fikricha, kansler haqiqatni gapirmagan. Chunki Germaniya oxirgi yillarda Misr, BAA hamda Saudiyaga qurol yetkazib bergan. Bu davlatlar esa Yamanga qarshi urushda ishtirok etishi ma’lum.

Shols koalitsiya bo‘yicha hamkorlarining pozitsiyasini ham hisobga olishga majbur / GETTY IMAGES
Ekspert Marsel Dirsusning fikricha, Germaniya Rossiyaga nisbatan boshqa munosabatda bo‘lishiga Ikkinchi jahon urushi sabab. «Natsistlar Germaniyasi millionlab ruslarning o‘limiga sabab bo‘lgan va buni shunchaki unutib yuborish imkonsiz. Nemislar har safar Rossiya bilan munosabatlar haqida gapirganda, o‘sha yetkazilgan zararlarni o‘ylayveradi. Bu esa oxir-oqibat munosabatlarda Rossiya foydasiga xizmat qiladi», deydi ekspert.

Chindan Germaniyada nemis quroli yana rossiyalik askarga qaratilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi degan tushuncha mavjud. «Ammo o‘sha vaqtda nemislar nafaqat ruslarga, balki ukrainlarga ham zarar yetkazganini unutmaslik kerak», deydi ekspert.

Ekspertning tusmolicha, 1990 yilda Berlin devori qulashi va Germaniya birlashishi voqeasi uchun ham Germaniyada Rossiya oldida qarzdorlik hissi bordek: «Amerikaliklardan farqli o‘laroq, nemislarda sovuq urushda g‘alaba qozondik, degan tushuncha yo‘q. Berlin devori diplomatiya va Moskvaning birlashishga roziligi sabab buzildi. Shu sabab Germaniya Rossiya oldida qarzdorlik his qiladi, menimcha».

Janob Dirsusning fikricha, Germaniya mamlakat ichidagi jamoatchilik fikri sabab ham Ukrainaga qurol yubormayapti. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, nemislarning 70 foizi Ukrainaga qurol yuborishni qo‘llamaydi. «Qayta saylanmoqchi bo‘lsang, jamoatchilik fikrini inobatga olishga majbursan. Siyosatchilar esa qayta saylanishni istaydi, har holda demokratik davlatlarda shunaqa», deydi ekspert.

«Germaniya Ukraina uchun hammadan ko‘p ish qildi»

Shols va Zelenskiy uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida. Foto: IRINA YAKOVLEVA/TASS
Olaf Shols 14 fevral kuni Ukrainaga tashrifi chog‘ida mamlakat Ukraina uchun misli ko‘rilmagan katta yordam berayotganini, hech kim bu borada Germaniyaning oldiga tusha olmasligini aytdi. Shols Germaniya oxirgi yillarda 1,8 milliard yevro miqdorida yordam ajratganini eslatdi. Shuningdek, 150 million yevro miqdoridagi kelishilgan kredit tezlashtirib berilishi, qo‘shimchasiga esa yana 150 million yevro kredit ajratilishini ta’kidladi.

«Oxirgi yetti yil davomida hech bir davlat Ukrainani Germaniya kabi moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani yo‘q. Sizni ishontirib aytamanki, biz bu ko‘makni hozirgi qat’iy ruhda davom ettiramiz», dedi Shols.

Kansler Ukraina hududiy yaxlitligi muhokama mavzusiga aylanmasligi kerakligini ham alohida ta’kidladi: «Urainaning hududiy yaxlitligi Germaniya uchun muhokama mavzusi emas».

Shols Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin to‘plashidan mantiq yo‘qligi va vaziyatni tezda yumshatish shartligini ta’kidladi.

Germaniya yetakchisi Zelenskiyning kinoyalariga qaramay, Ukrananing NATOga kirishi kun tartibida turgan mavzu emasligini ta’kidladi. «Rossiya tomoni hatto kun tartibida turmagan mavzuni katta siyosiy muhokamalar mavzusiga aylantirgani juda g‘alati», dedi Shols.

Putinni ogohlantiradimi?

Kecha Kiyevda bo‘lib qaytgan Shols bugun Kremlda Putin bilan muzokaraga kirishdi. Hozircha uchrashuv haqida faqat Shols koronavirusga testni rus shifokori olishga qarshilik qilgani (testni Germaniya elchixonasidan kelgan maxsus shifokor oldi) va Makron kabi uzun stolda o‘tirib gaplashgani aniq. Xo‘sh, Germaniya kansleri o‘zi aytgani kabi Putinni Ukrainaga bostirib kirish oqibatidan ogohlantira oladimi?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya kansleri nega Ukraina muhokamasiga kech qo‘shildi?