Yanvar oyida prezident Toqayev iltimosiga ko‘ra Rossiya, Qirg‘iziston va Armaniston qo‘shinlari unga hokimiyatni saqlab qolishda yordam berganidan so‘ng, Qozog‘iston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotida (ODKB) Rossiyaning kuchli tayanchiga aylangandek tuyulgan edi. O‘sha paytda ko‘pchilik endi rus qo‘shinlari mamlakatda uzoq vaqt qolishini taxmin qilishgan edi. Biroq ular tez orada qozoq zaminini tark etishdi: Qozog‘iston rahbari ham anoyilardan emas ekan.
Mart oyida Vladimir Putin KXSHT qo‘shinlarini Ukrainadagi «maxsus operatsiya»ga jalb qilmoqchi ekanligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Ammo tashkilotdagi hamkorlar bu ishga unchalik qiziqish bildirishmadi. Faqat Belarus bundan mustasno, mamlakat Rossiya armiyasining uchun o‘z hududini berdi, ammo o‘z harbiylarini Ukraina chegarasidan o‘tkazmadi.
Endi, Kiyevga harbiy bosim amalda olib tashlangan va hujum bo‘linmalari qisman mag‘lubiyatga uchragan, qisman chekinganida, Aleksandr Lukashenko yengil nafas olishi mumkin: Belarus armiyasining urushda bevosita ishtirok etishining ma’nosi qolmadi. Yakka o‘zi Ukraina uchun muammo yarata olmaydi va Ukraina poytaxtiga hujumda yordamchi roli yo‘qoldi.
Hozir, bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, rus armiyasi oldiga qo‘yilgan birorta jiddiy vazifani bajara olmadi. Hatto uzoq vaqtdan beri qamalda qolgan Mariupolni ham nazoratiga ololmadi. Sanksiyalar shiddati Rossiya iqtisodiyotini shafqatsizlarcha vayron qilmoqda. Qozog‘iston bu holatlarning barchasini o‘lchab, muhim qaror qabul qildi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Timur Suleymenov ma’lum qildi.
Asosiy iqtiboslar: «Qozog‘iston AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tish vositasi bo‘lmaydi. Biz sanksiyalarga rioya qilamiz. Garchi biz Rossiya, Belarus va boshqa davlatlar bilan iqtisodiy ittifoqning bir qismi bo‘lsakda, xalqaro hamjamiyatning ham bir qismimiz. Shuning uchun biz AQSH va Yevropa Ittifoqi Qozog‘istonga nisbatan ikkinchi darajali sanksiyalarini qo‘llashini istamaymiz».
“Rossiya «urush» so‘zini taqiqlovchi qonunni kiritishga qaror qildi. Ular buni maxsus harbiy operatsiya deb atashadi. Lekin Qozog‘istonda afsuski, biz buni boricha aytamiz”.
«Albatta, Rossiya bizdan ko‘proq ular tomonida bo‘lishimizni xohlardi. Ammo Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Biz Qrim bilan bog‘liq vaziyatni ham, Donbass bilan bog‘liq vaziyatni ham tan olmadik va tan olmaymiz, chunki BMT ularni tan olmaydi».
Bu Kreml uchun juda yomon xabar. Birinchidan, ular Qozog‘iston Rossiyaning hozirgi vaziyatda kuchsizligi, shimoliy qo‘shnisiga yoqmaydigan pozitsiyani omma oldida egallashi uchun yetarli degan xulosaga kelganidan guvohlik beradi. Ikkinchidan, sodiq ittifoqchi dushman pozitsiyasidan farq qilmaydigan pozitsiyani egalladi. Uchinchidan, bu bayonot Qozog‘iston rahbariyati mamlakatdagi ko‘plab iqtisodiy loyihalarga kiritilgan G‘arb va Qozog‘iston iqtisodiyotida ham jiddiy o‘rin olgan Xitoy o‘rtasida muvozanatni saqlashni o‘zi uchun eng ma’qul deb hisoblaganidan dalolat berishi mumkin.
Shu maqola mavzusiga Azon.uz saytining siyosiy eksperti Kamoliddin Rabbimov o‘z fikrlarini bildirib, jumladan, shunday dedi:
“Qozog‘iston Prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Timur Suleymenovning bayonotlari, aslida Qozog‘iston milliy manfaatlarini ifodalaydi. Qozog‘iston davlatchiligi, yillar davomida Moskva bosimi ostida ekanligini anglash qiyin emas. Ekspertlar orasida shunday tafakkur shakllanganki, Rossiyaning Qozog‘istonga ta’sir qilish vositalari nihoyatda ko‘p.
Harbiy-strategik jihatdan, bu ikki davlat o‘rtasidagi kuchlar nisbati o‘rtasida o‘nlab baravar farq mavjud. Bu ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzunligi – yetti yarim ming kilometr atrofida, ya’ni, dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasi. Rossiya OAVlarining ta’siri, o‘zaro iqtisodiy aloqalar va boshqa ko‘plab omillarga ko‘ra, Qozog‘iston davlatchiligi to‘laqonli RFning bosimi ostidagi davlat sifatida ko‘riladi. Shuning uchun ham Qozog‘iston siyosiy elitasi, imkon qadar Moskva bilan to‘qnashmaslik, balki unga moslashish yo‘lini ma’qulroq ko‘rib kelishgan.
Lekin, keyingi yillarda, ayniqsa, Qrim anneksiya qilingan 2014 yildan boshlab, Qozog‘iston RFning tajovuzkor siyosatidan xavotirlanib keladi. Chunki Rossiyadagi ko‘plab siyosatchilar orasida keyingi o‘lja va loyiha sifatida «Pavlodar xalq respublikasi» kabi Qozog‘istonni parchalashga qaratilgan g‘oyalarni olg‘a surish hollari ko‘p kuzatilgan. Hatto V.Putin ham 2021 yil may oyidagi intervyusida «Sobiq SSSRga kichik bo‘lib kirib, katta rus yerlarini olib chiqib ketgan davlatlar bor» deya, Qozog‘istonga sha’ma qilgandi.
Bugun Qozog‘iston o‘ta qattiq bosim ostida. Bir tomondan RFning tajovuzkorligidan qo‘rqadi. Ikkinchi tomondan, o‘zining hududiy yaxlitligini ta’minlash uchun tushunarli tashqi siyosat yuritishi lozim. Ya’ni, Ukraina urushi borasida Qozog‘iston bu davlatning hududiy yaxlitligini qo‘llashi aniq. Ukraina hududiy yaxlitligi, sanksiyalar borasida Rossiyaga yashirincha yordam bermasligi – albatta Kremlni g‘azablantiradi. Lekin Qozog‘iston qanchalik Kremldan qo‘rqmasin, o‘zining manfaatlarini o‘ylagan holda, aniq va tushunarli bayonotlar berishga majbur”. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi