Ko‘pchilik uchun uyqu — bu faqat dam olish, ruhan tetiklanish vositasi, xolos. Ammo Michigan universiteti olimlari o‘tkazgan ilmiy tadqiqotlar bosh miya uyqu paytida aslo bekorchi emasligini isbotladi. Aksincha, miya tunda kun davomida jamlangan axborotni saralab, muhim ma’lumotlarni ajratib oladi, keraksizini esa o‘chirib tashlaydi. Bu jarayon tahrirchi ishiga o‘xshaydi: to‘g‘ri, izchil, lo‘nda, deb ma’lum qildi Peopletalk.
Inson uyqusi ikki asosiy fazaga bo‘linadi: sekin (NREM) va tez (REM) uyqu. Tun davomida bu ikki faza bir necha bor navbatma-navbat almashadi. Olimlar aniqlashicha, aynan shu almashinuv xotira uchun juda muhim.
Sekin uyqu – bu miyaning ma’lumotni “sinima” qilib qabul qilish jarayoni. Bu vaqtda “engramma neyronlari” deb ataluvchi maxsus neyronlar faollasha boshlaydi. Ular — muhim xotiralarni saqlash uchun javobgar. Shu bilan birga, atsetilxolin moddasi darajasi pasayadi, bu esa axborotni chuqurroq qayta ishlashga yordam beradi.
Tez uyqu esa aksincha, miyada faollikni oshiradi, tush ko‘rishni kuchaytiradi va “operativ xotira”ni bo‘shatadi. Shu bosqichda keraksiz yoki takrorlangan ma’lumotlar o‘chiriladi, xotirada izchillik yuzaga keladi.
Nima uchun bu biz uchun muhim?
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, ushbu ilmiy xulosalar nafaqat har kunlik hayotimizda, balki tibbiy sohada ham katta ahamiyatga ega. Xususan:
-
Posttravmatik stress kasalliklarini yengillashtirish,
-
Alsgeymer va boshqa neyrodegenerativ xastaliklar bilan bog‘liq xotira muammolarini aniqlash hamda bartaraf etishda bu bilimlar asos bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, tadqiqot yana bir bor uyquning hayotiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Har kuni 7–9 soat uxlash nafaqat jismoniy sog‘liq, balki xotira, diqqat va aqliy faoliyat uchun ham zarur. Ayniqsa, ta’lim olish, imtihonlarga tayyorgarlik yoki intellektual ish yuritish davrida to‘yingan uyqu muvaffaqiyat garovidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!