23:18 / 30.03.2017
9 553

Zararli maslahatlar: nega muvaffaqiyatli insonlar va kompaniyalar siri sizga yordam bermaydi?

Har qanday odam vaqti-vaqti bilan hayotda muvaffaqiyatga erishgan insonlarning sirlari haqida o‘qib turadi. Bu — birov bilan bo‘lishish oson bo‘lgan zavqli mutolaa, bunday matnlarning juda ko‘pligi ham shu bilan tushuntirilsa kerak. Bu kabi maqolalarda beriladigan maslahatlar ko‘pincha jo‘yalidek tuyuladi ham.
Zararli maslahatlar: nega muvaffaqiyatli insonlar va kompaniyalar siri sizga yordam bermaydi?
Butunjahon iqtisodiy forumi Business Insider bilan birgalikda muvaffaqiyatga erishgan insonlar nonushtagacha amalga oshiradigan 14 ish haqida e’lon qildi. Bu ro‘yxatda suv ichish, o‘rinni tartibga keltirish kabi punktlar ham bor. Forbes’da e’lon qilingan ro‘yxat muallifi har qanday muvaffaqiyatli inson "qachon ketish va qachon qolish kerakligi"ni biladigan sifatga ega ekanligi haqida yozadi. Entrepreneur esa o‘z o‘quvchilariga muammolarni ko‘rishdan voz kechib, imkoniyatlarni qidira boshlash kerakligini uqtiradi. Bu esa Inc. nashridan maslahat: atrofingizdagilarning ma’qullashini izlash va o‘z zaif tomonlaringizga diqqat qilishni bas qiling.

Bir qaraganda kishini chog‘lanishga undovchi bu matnlar zamirida aslida xavf-xatar yotadi. Quyida bunday maslahatlar menejerlar va ishbilarmonlar uchun nafaqat befoyda, balkim zararli ham bo‘lishi haqida so‘z yuritamiz.

Ma’lumotlar tadqiqotlarga asoslanmagan, shunchaki turli insonlarning hayotidagi tasodifiy epizodlarga qarab tuzilgan. Bu maqolalardan o‘rin olgan ko‘plab maslahatlar tizimli ilmiy tahlilga emas, shaxsiy voqealarning sub’ektiv talqiniga asoslangan. Agar biror kishi bu maslahatlar va ro‘yxatlarni ilmiy uslublar bilan baholamagan ekan, ularning foydasi haqida gapirib bo‘lmaydi. Boz ustiga, hayotdagi hodisalarni yuzaki tushunish — sabab va oqibat o‘rtasidagi chegaralarni buzib yuboradi.

Insonning muvaffaqiyatga erishganiga sabab uning ish yuzasidan uchrashuvlariga bormaganimi yoki u aynan muvaffaqiyatga erishgani uchun uchrashuvlarga bormaydimi? Go‘yoki barcha muvaffaqiyatli insonlarga taalluqli bir talay odatlar (ularni esa o‘z navbatida boshqalar nima deb o‘ylashi qiziqtirmaydi, uchrashuvlarga borishmaydi, asosiy narsani ikkinchi darajalisidan ajrata olishadi va umuman, doimo "yo‘q" deya olishadi), ehtimol, favqulodda muvaffaqiyat qozongan insonlar uchun ziynat hisoblanar, lekin shu holda ham ular e’tirofga sazovor bo‘lib ulgurishgan bo‘ladi. Demak, bu odatlarning ayrimlari muvaffaqiyatning natijasi, aslo uning sababi emas.

Tadqiqotlar natijalarini har doim ham boshqa kontekstga mengzash yaramaydi. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, sifatlar ro‘yxati haqiqatdan ham chuqur tahlil natijasida yuzaga keladi, biroq akademik tadqiqotlar ko‘pincha kontekstga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, o‘jarlik muvaffaqiyat garovi, degan tushunchani olaylik. Garchi Enjela Dakuortning ilmiy ishlari va uning TED konferensiyasida qilgan chiqishlari ta’sirli bo‘lsa-da, bu sifat samarasi ustidan yaqinda o‘tkazilgan metatahlil uning ustunligini shubha ostiga oladi. Kompleks muammolar bilan tez-tez uchrab turgani kabi, echimlar va ularni amaliyotga tatbiq etish — muammolar tasavvur etiladigan shaklga nisbatan ko‘proq nyuanslarga ega, boz ustiga, inson tushib qolgan sharoit va kontekstlarga kuchli bog‘liq.

Muvaffaqiyatsizliklar haqida sukut saqlash. «Qora oqqush»da Nasim Tolib Siseronning Milos shahrilik yunon shoiri Diagor haqidagi voqeasini tilga oladi. Diagorga to‘fon vaqtida dengizchilarni ibodat omon saqlashini aytishganda, u ibodat qila turib suvga g‘arq bo‘lganlar haqida ham so‘raydi. Ibodat insonlarni qutqaradi, deb ishonishadi, chunki omon qolganlarning barchasi ibodat qilishgan. Lekin odamlar ibodat qilib ham suvga cho‘kib ketishganda bu strategiya mutlaqo befoyda bo‘lib chiqadi. Shunday qilib, hamma birvarakayiga ibodat qilsa-yu, faqat ba’zilar qutqarib qolinsa, gap ibodatda emas. U faqat omon qolganlarga yoki bu voqeaning guvohiga qutqaruvchi kuch bo‘lib tuyuladi.

Sosiologlar bu hodisani "omon qolganlarning sistematik xatosi", deb ataydi. Nasim Tolib to‘fondan omon chiqmaganlarni "gung guvohlar" deb ataydi. Bu aynan bizga ko‘rinmas natijaning o‘zginasi. Uning ko‘rinmasligi ma’lum bir harakatlarining samaradorligi haqida xato mulohazaga olib keladi. Bizning tadqiqotlarimiz, shuningdek, fe’l-atvor bilan bog‘liq ayrim psixologlarning ishlari ko‘rsatib turibdiki, biz o‘zimiz ko‘rib va sezib turgan narsalar (masalan, keng tarqatilgan muvaffaqiyat tarixlari)dan ustalik bilan xulosa yasab olamiz. Biroq, u biz ko‘ra olmaydigan (masalan, bizga bilinmaydigan ko‘plab muvaffaqiyatsizliklar)ni tushunishda omil bo‘la olmaydi. Bu hol bizni zaiflashtiradi va aslidagi farqli ravishda, muvaffaqiyatni xiyla oldindan aniqlab bo‘ladi, deb hisoblashga undaydi.

Maslahatlar tobora muayyan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘plab muvaffaqiyatsiz urinishlar yuzaga kelgan vaziyatda, muvaffaqiyatga erisha olmagan inson yo go‘l, yo ahmoq ko‘rina boshlaydi. Hammasiga sabab shuki, muvaffaqiyatni o‘rganishgagina asoslangan tahlil ko‘plab insonlar xuddi shu strategiya bilan mag‘lub bo‘lishganini hisobga olmaydi.

Muvaffaqiyat qozonish yo‘lida real imkoniyatlarini baholashda qaror qabul qiluvchi uchun ushbu ro‘yxatlarning barchasida etishmaydigan hal qiluvchi tarkibiy qism bor. U muvaffaqiyat va omadsizliklarning nisbatidir. Muvaffaqiyatga erishish uchun qancha insonlar, g‘oyalar va tashkilotlar o‘yinga qo‘shilishgan? Ularning qanchasi alal-oqibatda maqsadiga etishgan? Bu ikki raqam o‘rtasidagi farq qancha katta bo‘lsa, har qanday muayyan maslahat yoki "muvaffaqiyatli insonlar umumiy sifatlari" variantining qiymati shu qadar past.

Muvaffaqiyat — bu shaxsiy ish. Har qanday muvaffaqiyat ma’lum bir son va kontekstga taalluqli. Biroq mualliflar ko‘pincha uni zamon va makonga bo‘ysunmas va umumlashtirish mumkin bo‘lgan hammaga xos va qandaydir o‘zgarmas narsadek qabul qilishadi.

Muvaffaqiyat hammaga birdek qo‘llanilishi mumkin bo‘lishi uchun tahlil qilinayotgan qahramonlar, hodisalar yoki maqsadli auditoriyaning kelib chiqishi, muddaosi va sharoitlari birmuncha yaqin bo‘lishi ham kerak. Bir vaqtning o‘zida bizning oilamiz, ijtimoiy hayotimiz, hayotdagi ustuvor rejalarimiz va orzularimiz qandaydir tajribada muvaffaqiyatli inson, deb topilgan odamnikidan keskin farqlanishi mumkin. Tahlil qilinayotgan qahramonlar muvaffaqiyat uchun nimalarni bajargani va nimalarni qurbon qilgani e’tiborga olinsa, ehtimol, biz umuman uning o‘rnida bo‘lishni istamay qolarmiz.

Binobarin, bir bir qaraganda eng oddiy bo‘lib ko‘ringan maslahatga amal qilishga jazm qilar ekanmiz, muqobil chiqimlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Agar maslahatlar ko‘ngilga yaqin olib yuborilsa, bu bizni nimadandir voz kechishga undashi yoki o‘z irodamizga qarshi borishga olib kelishi mumkin. Agar sahar soat 5 da turishga qaror qilsangiz-u (chunki muvaffaqiyatli insonlarning bir guruhi aynan shunday qiladi), biroq faqat tunlari samarali ishlashga odatlangan bo‘lsangiz, muvaffaqiyat qozonish uchun imkoniyatlaringizni kamaytirganingiz qoladi.

So‘nggi ogohlantirish: bu muammo faqat ma’lum bir shaxsning muvaffaqiyatga yo‘naltirish haqidagi maslahatlardagina mavjud emas, bu shu taxlitdagi barcha g‘oyalarga tegishli, masalan, g‘alaba qozonishni maqsad qilgan kompaniyalar uchun yo‘riqnomalar uchun ham. Yodda tutish muhim: davr o‘zgarib bormoqda va maslahatlarning ko‘pchiligi, ayniqsa biznesga taalluqlilari muallif hisoblaganidan ham tezroq o‘z dolzarbligini yo‘qotadi. Masalan, Jim Kollinz va uning jamoasi "Yaxshidan buyukka" kitobi ustida ish boshlaganida ular bir necha "buyuk" kompaniyalarni olib, ularni o‘zlariga o‘xshash, biroq o‘sha darajaga chiqa olmagan tashkilotlar bilan taqqoslashgan (yuqorida aytib o‘tilgan "omon qolganlarning sistematik xatosi"ni hisobga olish uchun). Taassufki, kitob millionlab nusxada sotilib o‘lgach, "buyuk" kompaniyalarning aksariyati qandaydir mashmashalar girdobida qolib ketadi. "Mukammallik istab" kitobi (Tom Piters va Robert Uoterman muallifligida) da bayon etilgan muvaffaqiyat tarixi qahramonlarini ham shunga o‘xshash taqdir kutadi. Dunyo doim o‘zgarib turibdi. U bilan birga muvaffaqiyat sirlari ham.

Hodisa yuz berib bo‘lgach, uni muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik deya baholashdan osoni yo‘q. Mana, nega imkoniyatlarni chamalay bilish yoki qachon qolish-u, qachon ketish kerakligini anglash tasavvurimizni hayratga soladi. Bu epizodlarni kechagi sana bilan tahlil qilishni hamma eplay oladi, lekin real hayotda biz ularga oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan va doimo o‘zgarib turadigan kelajakda ro‘baro‘ kelamiz.

Mualliflar haqida:

Emre So‘yar — Istanbuldagi O‘zyeg‘in universiteti dosenti

Robin Hogart — Barselona Pompeu universiteti faxriy professori va tadqiqotchisi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Zararli maslahatlar: nega muvaffaqiyatli insonlar va kompaniyalar siri sizga yordam bermaydi?