00:39 / 03.04.2018
6 458

Suratdagi ilonning makri

Suratdagi ilonning makri
Ramzjon salkam bir yildan buyon yakunlay olmayotgan, o‘zining nozik ta’biri bilan aytganda “ilohiy” sanalgan kartinasi qarshisida turibdi. Unda bir qarashda sovuqlik ufurib turgan, yigirma yoshidayoq beva qolgan ayolning bu hayot sinovlariga nafrat tuyg‘usi ko‘milgan o‘tkir nigohli qiyofasini tasvirlayapti. Ish hali bitmagani bois rassomning ham ruhi behalovat. Xuddi homilasini hali to‘la dunyoga keltirolmagan arosatdagi onadek to‘lg‘anadi. Curatga nimadir yetishmayotganini anglar, ammo shu nima ekanining tagiga sira yetolmasdi. Har tun bitmagan chala ishni ochib, soatlab termilar, tongga yaqin mato bilan ustini yopib qo‘yardi. Mato ochilganda suratdagi beva battar sovuq nigoh bilan boqayotgandek, borgan sari uning isyonlari yanada kuchayib ketayotgandek xayolni ezardi. Baribir, bo‘lmadi. Ramzjon ayolning nozik qo‘llari ostiga nimanidir chizishni istab, ming urindi, bo‘lmadi.

Soatlar tinmay aylanaveradi. Ramzjon bugun havo yaxshiligidan darrov tomorqaga tushib, odam bo‘yi bo‘lib qolayozgan yovvoyi g‘umaklarni o‘rdi. Temir o‘roq yashillikdan yayrab turgan o‘tlarni chirsillatib kesarkan, go‘yo ular tiriklikka vido aytishayotgandek Yer bag‘riga poya tashlab, yotib qolishardi. Shu payt oyoq ostida ola-chipor ilon “vishillab” tezda sudralib tomorqa pastidagi anhor tarafga o‘tib ketdi. Seskanib ketgan Ramzjonning yuragi qinidan chiqib ketgudek ura boshladi. Ko‘zi katta ochildi. Aqliga butun dunyoni lol qoldiradigan kashfiyot siri kelgandek shodlikdan osmonga sakrab yubordi…

Hozir u surat qarshisida turibdi. Qanchalik urinsa-da, ko‘z oldiga ilon surati kelmayapti. Qiziq, ayol suratini bemalol ko‘zlarini yumib, tasavvurida jonlantirib chizgandi. Biroq o‘tkir boqib turgan nigohlar kabi sovuq ko‘rinishli ilonning tasviri tug‘ilmayapti. Buning siri nimada ekan? Balki, keng dalaga borib, ilon tutib kelsamikin? Bu ancha murakkab ish. Yaramas maxluqlar zaharli bo‘lsa-chi, ustiga-ustak, odamni olisdan ko‘rdimi bas, darrov qochishga tushadi. Ramzjon mo‘yqalamda nimalarnidir chizgandek bo‘ldi-yu, o‘ylagan muddaosi amalga oshmagach, o‘ylay-o‘ylay bir fikrga keldi.

Qishloq etagida juda katta yong‘oq daraxti o‘sadi. Odamlar orasida “toza kampir” deya nom taratgan Halima buvi shu yong‘oq ostiga qo‘rg‘on qurib olgan. U tabiblik ham qiladi, rom ham ochadi, kinna ham soladi. Qaysidir yili mahalla posboni Azlar akaning to‘ng‘ichi Azizaning tobi bo‘lmay, shivir-shivirchi xotinlar o‘lib qoladiyov, deya mish-mish tarqatishganda toza kampir qizni ilonning zahri bilan davolagan ekan. Demak, undan yordam olsa bo‘ladi. Harholda ilonning zahrini ola bilgan onaxon uni qayerdan tutishni ham biladi. Shu ilonning suratini jonlidek chizadi-yu, Ramzjon necha yillik, balki, bir umrlik orzusini yakunlaydi. Ajabmas, bu kartina jahonning ko‘zga ko‘ringan ko‘rgazmalaridan joy olsa. Ha, nima, arzimabdimi, noodatiy surat-ku?!

Bir-birini quvlab oqib kelayotgan xayollar ummonida sho‘ng‘ib Ramzjon katta yong‘oq ostidagi qo‘rg‘onga yetib keldi. Ajabo, qo‘rg‘on kichikkina bo‘lardi, ancha kattalashibdi. Bu shum kampir boyigan ko‘rinadi, o‘zi qo‘nim topgan bu makonni kattakon hovliga aylantirmoqchi, shekilli. Haqiqatan, boylik — kaftdagi omad ekan-da! Agar Ramzjon ham yoshgina bevasining suratini dunyoga olib chiqsa, pullar ostida qolib ketishi hech gap emas. Eh, orzular doim shirin bo‘ladi. Xudo ham insonning ko‘ngliga orzu degan shirin mevaning xushbo‘y iforini solaverarkan.

— Nima qilib turibsan, Ramz, oybuving o‘sha yerga seni qoqib ketganmidi?

Ramzjon derazadan qarab, gap qotgan kampirning so‘zlaridan cho‘chib o‘ziga keldi. Salom berishni ham unutdi. Kampir eski ro‘mol ostiga uzun qora sochlarini yashirgan, qalin qo‘yilgan o‘sma izi peshonasiga qo‘shilib xuddi ertakdagi erkatoy Qimmatxon singari suvratlangandi. Yetmishga chiqibdiki, sochlariga oq tushmagan. Ajabo, Xudoning qudratini qarang, ba’zilarga qarilikni ham chiroyli qilib hadya etarkan. Ramzjon muddaosini yurak yutib gapirdi. Kampir qotib-qotib kulgach, o‘ziga keldi.

— Ilonning yoniga ilon so‘rab kelishsa, kulging kelarkan!

— Tushunmadim? — Ramzjon ochig‘i bu gapni tushunmadi.

— Anavi Temur bor-ku, eski ko‘chadagi traktorchi, o‘shaning paxtadek nimjon o‘g‘li bor ekan. O‘nga to‘lsa ham hali besh yashar boladek o‘smagan. Otasining savlati qaydayu bolaning pachoq gavdasi qayda? O‘sha uch kun menga qatnab, nimjon o‘g‘liga damlama ichirdi. Bugun tongda eshigimni taqillatib, “Falon pulga bergan damlamang kor qilmadi, bolam, haliyam quvvatlashmadi”, deydi. Men baraka topgurga bu sehrgarning afyunimidiki tezda ta’sir qilsa, biroz kutish kerakligini, Xudoning xohishi kelsa, albatta, bolasi pahlavondek bo‘lib ketishini uqtirdim. Sira meni tushunmay, “Ilon!” deb haqorat qilsa bo‘ladimi? Ilonligimni qayerda ko‘ribdi ekan? Shunga sen ilon so‘rab kelganing uchun kulyapman. Hozirgi zamonning yigitlari ilgarigidek baquvvat emas, noziklashib ketyapti.

Ramzjon ham kulib qo‘ydi. Toza kampir uning nima uchun ilon so‘rab kelganini surishtira ketdi. Xullas, ilon topildi…

Bizning rassomimiz hali bo‘ydoq, yolg‘iz onasi bilan yashaydi. Aytishlaricha, yoshligida otasi boshqa ayolni deb, uyni tashlab chiqib ketgan ekan. Onasi esa boshqa turmush qurmadi. O‘g‘lini tarbiyalab, katta qildi. So‘ng Toshkentga o‘qishga jo‘natdi. Biroq Ramzjon imtihonlardan o‘ta olmadi. Kayfiyati tushib, avtobusda qishloqqa qaytarkan, mashhur rassom bo‘lish uchun o‘qish shart emasligiga, omad kelsa, albatta, ishlari yurishib ketishiga o‘zini ishontirdi.

Ramzjon rasm chizmasa, turolmaydi. Mana, u o‘sha biz tilga olgan ishini yakunlash uchun kurashyapti. Ilonni ham olib keldi. Bugun havo negadir tund, tong otganiga qaramay, quyosh ko‘rinmaydi, kulcha-kulcha bulutlar ortida tentirab yuribdi, shekilli. Ramzjon ilonni bankaga solib, ish stoli oldiga qo‘ydi. Matoni ochib, undagi suluvga doimgidan ham ko‘proq mehr va sog‘inish bilan boqdi. Mo‘yqalamini olib, zaharli jonzotning suratini chiza boshladi. Osmondagi bulutlar qalinlashib, qayerdandir paydo bo‘layotgan shamol kuchaymoqda. Tabiat ham yangi yaralayotgan asarning noyobligiga dosh berolmay, isyon ko‘tarmoqda. Ramzjon ichida shivirlagancha ilon qiyofasini go‘zal bevaning yoniga tushirdi. Bir zumda kech kirib, chaqmoq chaqdi. Tog‘lar toshini teshgudek momaqaldiroq gumburladi.

Ramzjonning onasi qo‘shni qishloqqa mehmondorchilikka ketgan, bahonada singlisi bilan bir-ikkita xonadonlardan kelinlikka qiz ko‘rmoqchi edi. Ramzjon uchun yolg‘izlik juda ham zarur. Ijodkor o‘zi bilan o‘zi qolgan chog‘dagina noyob asarlar yaratiladi. Mana, u hozir ham qaltiroq qo‘llari uvishib qolsa-da, ming o‘chirib, qayta chizmoqda. Shu payt bankadagi ilon kuchli talvasada vishillab, o‘zini shisha devorlariga qattiq ura boshladi. Og‘zidan sarg‘ish tusda qandaydir suyuqlik sachradi. Qattiq shamol turib, derazani ochib yuborganida banka polga ag‘anadi. Ramzjonning ko‘zlariga chang oraladi. Bankadagi ilonning qorin qismiga shisha sinig‘i kirib qonatdi. Ilon talvasada vishillab, Ramzjonni chaqib oldi. Ramzjon tipirchilab, zahar tekkan badanining jonsizlanib borayotganiga amin bo‘ldi. Ilon esa polda sudralib, yerto‘laga tushib ketdi. Ertalab qo‘shnilar bazo‘r nafas olayotgan yigitni shifoxonaga eltishdi. Tugallanmagan surat esa qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi.

Bu paytda Ramzjonning onasi qo‘shni qishloqdan xursand bo‘lib qaytayotgandi…
Dostonbek
Rahmatullayev

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Suratdagi ilonning makri