
San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti hamda Avstraliyaning Adelaida universiteti tadqiqotchilari olib borgan ilmiy izlanishlar qahva iste’moli yurak faoliyati uchun nafaqat xavfsiz, balki foydali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi, deb yozdi JAMA jurnali.
Mutaxassislar qahva yurakning eng keng tarqalgan ritm buzilishi — bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi xavfini pasaytira olishini aniqlagan. Bu kasallik yurak urishining tezlashishi va notekis bo‘lishiga olib keladi, natijada insult yoki yurak yetishmovchiligi xavfi ortadi.
Avvallari kardiologlar bunday bemorlarga kofeindan tiyilishni tavsiya qilishardi. Biroq yangi ilmiy dalillar bir stakan qahva ichishning o‘zi fibrillyatsiya rivojlanish ehtimolini 39 foizga kamaytirishini ko‘rsatdi.
Tadqiqotda 200 nafar fibrillyatsiya tashxisi qo‘yilgan bemor qatnashgan. Ular ikki guruhga ajratilgan: birinchisi har kuni qahva ichgan, ikkinchisi esa olti oy davomida kofeindan voz kechgan. Barcha ishtirokchilarga yurak ritmini tiklash uchun elektr kardioverziya usuli qo‘llangan.
Natijalarga ko‘ra, muntazam qahva ichuvchilarda aritmiya qaytalanish xavfi ancha past bo‘lgan. Olimlar bu holatni qahvaning yallig‘lanishga qarshi ta’siri va yurakka ortiqcha yuk tushiruvchi shirin hamda energiya ichimliklarini kamaytishi bilan izohladi.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, qahvani me’yorda iste’mol qilish — yurak sog‘lig‘ini asrashda tabiiy va samarali yo‘llardan biri bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!