21:16 / 30.07.2018
7 906

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (17-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (17-qism)
Vaqt xuftondan oshib, tashqarida jimlik hukm sura boshladi. Kameradagilar ham ertangi mehnatdan oldin to‘yib uxlashni ma’qul ko‘rib joy-joylariga cho‘zilishgandi. Faqat men uyg‘oqman. Aybdorni olib kelishlarini kutardim.

Toqatim toq bo‘lay deganda kamera eshigi ochildi va Jenya xuddi o‘sha aristonni yetaklab ichkariga kirdi.

— Mana, qahramon o‘z oyog‘i bilan keldi! — dedi u kulib. — Buyog‘ini o‘zing tashkil qilaver!

Men qarshimdagi pakana, dumaloq yuz, sochlari qirib tashlangan aristonning ko‘zlariga boqdim. Qo‘rqinch alomatlarini sezmadim. Aksincha, nigohlarida g‘azab zohir edi.

— Nega xato qilding? — so‘radim undan.

— Katta ketaverma! — javob berish o‘rniga ariston dag‘dag‘a qilishga o‘tdi. — Mana keldim, nima gaping boridi?

— O‘, zo‘rsan-ku! — uni ikki yelkasidan g‘ijimlab stol tomon itardim. — Qaysi yerto‘lada ta’lim olgansan?

— Vey, qora mo‘ndi? — aristonning dag‘dag‘asi yanada kuchaydi. — Qayerda yashayotganingni unutib qo‘ydingmi? Oliftagarchiligingni vataningda qilasan!

— Voy ablah-yey! — kutilmaganda aristonning yoqasidan oldim. — Kim bilan gaplashyapsan o‘zing-a?

— Yo‘q, to‘xtanglar! — oraga qo‘shildi Jenya. — Bunaqada mushtlashib ketasizlar. Bekorga karserga tushishning nima keragi bor? Undan ko‘ra, sen, Jorj, aybingga iqror bo‘l. Rostdan ham «musor»ga qulluq qilib qo‘yding. O‘zing bilasan, tartibli aristonlar bunday qilishmaydi. Shuning uchun Kallakesarning jahli chiqqan.

— Nima qipti? — bo‘sh kelmasdi Jorj. — Bu o‘zimning shaxsiy ishim.

— Noto‘g‘ri gapiryapsan. — tanbeh berdi unga Jenya. — Bratvalarning qulog‘iga yetsa, yaxshi ish bo‘lmaydi. Yo yetkazaylikmi?

Jorj shu gapdan so‘ng labini tishlagancha ters qarab oldi.

— Shunday ekan, sen hozir tartibli ariston ekaniningni isbotlashing lozim. — davom etdi Jenya. — Xo‘sh, qanday isbotlamoqchisan?

— Demak, isbot kerak-a senlarga? — deya bir menga, bir Jenyaga boqib so‘radi Jorj.

— Albatta. Seni bekorga bu yerga olib kelibmanmi? Bilasan-ku, nazoratchilar tekinga ishlashmaydi. Naq o‘n so‘mim ketdi seni deb!

— Bolta keltir! — dedi Jorj qat’iy ohangda. — Men kimligimni ko‘rsataman!

— Boltani nima qilasan? — so‘radi Jenya xavotir aralash. — Kallakesarlikka yo‘l qo‘ymayman.

— Ahmoq bo‘lganim yo‘q kalla kesib. Shunday qilamanki, manavining ko‘ngli joyiga tushadi. Shundog‘am sanchastga borishga bahona topolmay yurgandim. Nega qarab turibsanlar? Qani bolta?..

Jenya karavoti tomon ketib ko‘rpa ostidan dast kallak chiqardi.

— Manavi bo‘ladimi?

— Bo‘ladi. — dedi Jorj. — Endi boshqalarniyam turg‘az!

Aristonlar Jenyaning ishorasi bilan bir-bir turib bizni o‘rab olishdi.

— Oting nimaligini bilmadim-u, ammo meni bir umr eslab qolasan! — menga yuzlanib so‘z qotdi Jorj.

Shunday dedi-yu, o‘ng qo‘li jimjilog‘ini stolga qo‘yib dast kallak bilan chopib tashladi.

Bu manzarani ko‘rib barchamiz dong qotib qolgandik. Na ihlagancha daricha tomon yugurgan Jorjga yordam ko‘rsatishni, na polda sakrab-sakrab o‘ynayotgan barmoqni ko‘tarib olishni bilardik.

Hayron qolganim, Jorj baqir-chaqir qilmadi. Kimningdir choyshabini olib qonni to‘xtatish maqsadida bilagini qisib boylab, uyoqdan-buyoqqa asabiy borib kela boshladi.

— Tez do‘xtir chaqirlaring! — baqirdi birinchi bo‘lib o‘ziga kelgan Jenya. — Qon to‘xtamayapti! Tez bo‘l!

Kimdir kamera eshigini mushtlab do‘xtir chaqirishlarini talab qildi. Yana kimdir Jorjga ko‘mak berishga shoshildi…

Asosiysi, hech kim hech kimni sotmadi. Hamma aybni Jorjning o‘ziga ag‘darib, «Jonidan to‘yibdi chog‘i» deb qo‘ya qoldik.

* * *
Men turmaning yana bir yozilmagan, hech kimga gapirilmaydigan, oshkor etilmaydigan va bo‘yin tovlab bo‘lmaydigan qonunidan xabar topdim.

Ishdan qaytib endigina kameraga kirgandim. Burchakka o‘tib yuz-qo‘limni chayish ilinjida kranga qo‘l cho‘zdim. Shu payt kamera eshigi ochilib, nazoratchi paydo bo‘ldi.

— Sharipov, men bilan yur! — buyurdi u negadir muloyim ohangda. — Seni tezkor guruh boshlig‘i mayor Samoylov yo‘qlayapti!

Bu familiyani birinchi marta eshitib turishim edi.

o‘iq etmay nazoratchiga ergashdim.

U meni turma yo‘lagi bo‘ylab ancha nariga olib ketdi.

Yashil eshikka yetganimizda nazoratchi to‘xtadi va meni devorga orqa o‘girtirib o‘zi eshikni ochdi.

— O‘rtoq mayor, olib keldim! — dedi u ichkariga mo‘ralab. — Kiraversinmi?

Ruxsat tekkach, boshi bilan «Kir» ishorasini qildi.

Kirdim.

Xona keng edi. To‘rga uzun stol qo‘yilgan. Stol ustidan uch xil rangdagi telefonlar joy olgan. Yumshoq charm kursida o‘rta bo‘yli, ozg‘indan kelgan, ingichka mo‘ylovi o‘ziga yarashib tushgan, qirq yoshlardagi erkak oyoqlarini chalishtirgancha sigaret tutatardi.

Meni ko‘rib bir muddat tikilib qoldi. Erinmasdan boshimdan oyog‘imgacha kuzatdi.

So‘ng sekin o‘rnidan qo‘zg‘alib, bo‘sh kursiga ishora qildi.

— Qani, Sharipov, o‘tir!

O‘tirdim va savol nazari bilan mayorga boqdim.

— Xo‘sh, yangi joyga ko‘nikib qoldingmi? — muloyimlik bilan so‘radi mayor.

Uning ko‘z qarashlari, ayyorona jilmayib turishidan jahldor emasligini bilib olsa bo‘lardi.

— Xayriyat, turmada ham sal odambashara boshliqlar bo‘larkan. — o‘yladim javob berishga shoshilmay. — Shu paytgacha ko‘rganlarimning hammasi yerga ursa ko‘kka sapchiydigan edi. Ularga hatto so‘z qaytarib bo‘lmasdi. Yeb qo‘yishga tayyor turishardi.

— Shunaqa desayam bo‘ladi. — dedim xotirjamlik bilan va shu o‘rinda sir boy bermay savol tashladim. — Tinchlikmi, nachalnik? Chaqirtirgan ekansiz…

— Ha, chaqirtirdim. Chunki sen menga ma’qulday ko‘rinding. Harqalay, tartibli aristonga o‘xshaysan.

Qiziq, bular ham jinoyatchilar tilida gaplashishadi-ya!.. Nega? Bizning ko‘nglimizga yo‘l topish maqsadida shunday usul qo‘llashadimi? Do‘q-po‘pisa bilan ham muomala qilaverishsa bo‘ladi-ku!.. Masalan, anavi nazoratchiga o‘xshab!.. Bilmadim… Bilmadim…

— Balki shundaydir. — javob qildim. — Menga gapning indallosini aytsangiz devdim…

— Yo‘q, shoshilma, — dedi mayor. — sen qachon ruxsat bersam, o‘shanda ketasan. Shuni bilasanmi?

— Ahmoq emasman.

— Unda eshit. Turmaning o‘z qoidalari bo‘ladi. Seni shularning biriminan tanishtiraman.

— Tanishtiravering.

— Har bir tartibli ariston turmadagi qaysidir rahbarga sirdosh bo‘ladi. Shuni bilarmiding?

Hayratim oshib yelka qisish bilan kifoyalandim.

— Ko‘rdingmi, bilmaysan. Sababi ravshan. Sen turmamizga endigina kelding… Mayli, davom etaman. Sirdoshligi shundaki, unga maxfiy topshiriq beriladi. Ariston shu topshiriqni bajarishi shart. Evaziga… Evaziga uning ham iltimoslari qondiriladi.

— Masalan, qanday iltimos? — so‘radim hushyor tortib.

— Har qanaqangi bo‘lishi mumkin.

— Bir-ikki kunga ozodlikka chiqishni iltimos qilsa-chi?

— O‘, ishtaha zo‘r-ku, Sharipov! — kulib yubordi mayor. — Hali turmaga joylashib ulgurmay, ozodlikdan gap ochganing nimasi? Undan ko‘ra, aristonlarga xos narsalarni iltimos qilsang-chi!.. Nasha, ichkilik, ayollardan topib berishni so‘ra! Bularning ilojini topsa bo‘ladi.

— Tushunarli, — men stolning bir chetiga tashlab qo‘yilgan yaltiroq qutiga ko‘zim tushib bir-ikki qimirlab qo‘ydim. Bu holatimni mayor darrov payqadi va jilmaygancha qutini menga uzatdi.

— Ol, Sharipov, chek sigaretdan!

Bunday uzun, filtri qop-qora sigaretni umrimda birinchi ko‘rib turishim edi. Shosha-pisha bir donasini olib tutatdim.

— Ana endi quloq sol. — davom etdi mayor. — Bugundan e’tiboran sen mening topshiriqlarimni bajarasan.

— Qanaqa topshiriq?

— Bilasanmi… Yaqinda turma navbatchilik qismi boshlig‘i mayor Maratov o‘zini osib qo‘ygan. Lekin men bunday deb o‘ylamayman. Unga kimlardir yordam bergan. Shu voqeadan so‘ng bir kallakesar aristonni boshqa turmaga o‘tkazish haqida buyruq berishdi. U mashinada turmadan olib chiqib ketildi. Afsuski, ariston manziliga yetib bormagan… Ajablanarlisi, xuddi o‘sha ariston mayorning o‘limidan boxabar edi. Xullas, bo‘layotgan ishlar qandaydir mistikaga o‘xshaydi… Sen menga albatta yordam berishing kerak. Kamerangga kirgandan keyin gap orasida shundan so‘z ochib ko‘rasan. Eskitdan o‘tirganlar nimalarnidir bilishi kerak. Nimani aniqlasang, menga kirib aytasan. Ishon, hamma bo‘lib o‘tgan gaplar oramizda qoladi.

— Tushunarli, — dedim labimni tishlab. — Do‘mbirachilik qilarkanman-da!.. Yo‘q, siz adashyapsiz. Men unaqalardan emasman. Boshqa bezovta qilmasangiz ham bo‘ladi.

— Ahmoq, o‘zingga yaxshi bo‘ladi! — mayor kutilmagan javobimdan tutoqib ketdi. — Ana, agar menga ishonmasang, so‘ra! O‘sha Jenyang ham qaysidir ofitserga xizmat qiladi. Aks holda biz aristonlar ustidan hukm o‘tkazishiga yo‘l berib qo‘ymasdik.

— Bu uning ishi. Men butkul boshqa odamman.

— O‘zing bilasan. Aqling bo‘lsa, o‘ylab ko‘rarsan. Basharti, bir qarorga kelsang, albatta xabar ber! Bor endi!..

* * *
Kameraga kirib hali nafas rostlashga ulgurmasimdan Jenya yangi gap aytib qoldi.

— Arsen degan aristonni bilarmiding? — so‘radi u.

— Armanimi? Ha, uni juda yaxshi taniyman.

— O‘shani bugun bizning turmaga olib kelshibdi.

— Nahotki?.. Bu yangilik-ku!.. — dedim kulib. — Bizning kameraga joylashtirishsa, yaxshi bo‘lardi.

— Nima, oralaring buzilganmidi?

— Shunga yaqinroq.

— U holda tashkil qilsa bo‘ladi. — Jenya kameradoshlarga bir-bir qarab olib kaftlarini bir-biriga ishqalagancha eshik yoniga bordi. — Hozir nazoratchiga shipshitamiz, vassalom!..

— Shipshit! Bir basharasini ko‘raylik armanining!..

Jenya eshik darichasini taqillatdi. Zum o‘tmay nazoratchining xumdek boshi ko‘rindi.

— Nima deysan? — o‘dag‘ayladi u. — Tezroq gapir, tovuq go‘shti sovib qolyapti!

— Hozirgina yangi ariston kelibdi deb eshitdik. — muloyim ohangda gap boshladi Jenya.

— Nima bo‘pti?

— O‘shani bizning kameraga to‘g‘rilasang! Quruq qo‘ymaymiz. Butun tovuq hadya qilamiz.

— Obbo kallakesar, o‘g‘rilar-yey! — kulib yubordi nazoratchi. — Bo‘pti, men kattalarga aytib ko‘raman. Faqat tovuqni tayyor qilib qo‘ylaring!..

Daricha yopilgach, Jenya menga yuzlandi.

— Ana, ishing bitdi, birodar! — dedi u lablarini yalab. — Endi tezroq tovuqni tayyorlab qo‘y! Menga esa bir shisha aroq qo‘yasan.

— Hozir-a?.. Yonimda… pul yo‘q-ku!..

— Mendayam yo‘q. Qarz berib turardim-u, ammo jamg‘armaniyam tugatib bo‘lganmiz. Menga qara, shunday yigit, arzimagan tovuq bilan aroqni yest qila olmaysanmi? Surishtirib topasan-da!..

— Kel, endi, Murod, — gapga aralashdi karavotida yonboshlagancha qotgan non kavshayotgan qariya. — Bir maza qilsak qilibmiz-da sening bahonangda!.. Qara, pul qolmaganidan qotgan non yeb o‘tiribman!..

Bu gaplardan so‘ng o‘ylanib qoldim. Negaki, turmadagilarning fe’l-atvorini yaxshi bilaman. Ular behuda gapirishmaydi. Ayniqsa, ziyofat masalasida hazil aralashtirilmaydi. Qolaversa, armanining kameraga joylashishi men uchun ayni muddao bo‘lardi. Qolgan-qutgan alamlarni olardim va uning muddatim tugaguncha ta’zim qilib yashashini ko‘rish birdan-bir orzuim edi.

Nima qilsam ekan? Nahotki, kameradoshlarni xursand qila olmasam? Bir shisha aroq topishga qurbim yetmaydimi? Butun boshli turmadan iloj topa olmaymanmi? Ha-ya, nimalar deyapman o‘zim? Kimniyam tanirdim bu yerda? Kuni kecha kelgan bo‘lsam. Ammo… Aristonlarning, ayniqsa, Jenyaning shashtini qaytarishga vijdon ham yo‘l bermaydi. Nimadir qilish kerak. Qanday bo‘lmasin, imkon qidirishim zarur. Ey Xudo, shuncha paytdan beri har qanday muammoga yechim topa olgan odam arzimagan yumushni eplay olmasam!.. Yo‘q, past ketishni istamayman. Ortimdan kalaka qilishlarini, hurmatimni yo‘qotishni xohlamayman. Ha, mayorning shartiga ko‘naman. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Faqat va’dasida tursa, mening ham shartimni ado etsa, manavi mishiqilar qarshisida mulzam bo‘lishimga yo‘l qo‘ymasa, rozi bo‘laman.

— Rostdan kayf qilgilaring kelyaptimi? — atayin qayta so‘radim kameradagilardan.

Ular baravariga qichqirishdi.

— Bo‘lmasa-chi!?. Tezlat, yigit, tezlat!..

Men garchi o‘zga yurtlarda kezib ulg‘aygan bo‘lsam-da, baribir vujudimda o‘zbek qoni ufurib turganini yana bir bor his etdim. Ha, biz o‘zbeklar mehmon kutishni, garchi u dushmanimiz sanalsa ham baribir siylashni xush ko‘ramiz. Mehmonning mamnun qiyofasini ko‘rsak, terimizga sig‘may ketamiz. Yaratganga shukr qilib, uyimizdan mehmon arimasligini so‘raymiz.

Men ham shu lahzalarda to‘lqinlanib, yonimdagilarni nima bilandir siylay ola bilishimdan quvonib ketdim va eshikka yaqin borib darichani taqillata boshladim.

— Senga nima kerak? — og‘zini to‘ldirib nimanidir kavshay-kavshay so‘radi nazoratchi.

— Meni mayorning huzuriga olib bor! — shivirladim unga.

— Nima?.. Nega?.. — nazoratchi uyoq-buyoqqa qarab oldi.

— Gapim bor. U meni kutyapti.

— Kutmayotgan bo‘lsa-chi?

— Vey, tovuqdan umiding bormi o‘zi? — o‘zimni xuddi jahli chiqqan kabi ko‘rsatib aftimni bujmaytirdim.

— H-ha, — dedi lablarini yalab nazoratchi. — Qani tovuq? Oldin ko‘rsat!

— Qaytgandan keyin olasan tovuqni. Tezroq olib bor!

— Bo‘pti, — nazoratchi biroz norozilangan ko‘yi kamera eshigini ochdi. — Chiq! Devorga orqa o‘gir!
(davomi bor)

Manba: "Hordiq"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (17-qism)