19:15 / 02.09.2018
7 543

Nomahram... (2-qism)

Nomahram... (2-qism)
— Xudoyim, men senga nima yomonlik qilgandimki, bu kunlarni boshimga solyapsan? — Hamidaning tugʻuruqxonadan ikki oyogʻi qiyshiq holda tugʻilgan qizchasi bilan uyga olib kelgan Matnazar tomorqaga — hech kim koʻrmaydigan pana joyga oʻtib olganicha, osmonga qarab zorlanardi. — Nega farzandimniyam nogiron qilib yaratding? Axir, avlod-ajdodimda bunaqasi boʻlmagan! Endi nima qilaman? Odamlarning koʻziga qanday qarayman? Bu qizim qanday kun koʻradi katta boʻlganida?

Hamidaning oʻzi ham tuqqandan beri boʻlaricha boʻlganmi, erining koʻzlariga qaray olmas, nuqul chaqaloqqa boqib koʻz yoshi qilardi.

Goʻdaklar kiyadigan kiyimlarni suyunchi qilib olib kelgan qaynotasi Botir doʻkondor Matnazarni yoniga oʻtqazib gina qilgani oʻlganning ustiga tepgan boʻldi:

— Endi, oʻgʻlim, yosh emassiz. Mayli, koʻrgilik ekan. Men Hamidam shu ahvolda tugʻilganida sizga oʻxshab nolimaganman. Xudoga shukur qilib qoʻya qolganman. Bardam boʻling-u, sekin-sekin qarzlarni uzishniyam oʻylang!

— Nima? — Matnazar keskin boshini koʻtarib qaynotasiga qaradi. — Qarz? Qanaqa qarz?

— Ie, esingizdan chiqdimi, ota oʻgʻil? Toʻyni kim qilib berdi sizga? Hamma xarajatini oʻzim koʻtardim-ku! Oʻylaysizki, qizim erli boʻp qolsin, deb shunday qilibmanmi? Bekorlarni aytibsiz. Botir doʻkonchining qizlari hech qachon koʻchada qolmagan. Oqsoqolingiz, “shu kambagʻal yigitni qoʻllab turing, savob boʻlar, bir kun qaytarar qarzini”, deb zorlanavergani uchun rozi boʻlgandim.

— Shunaqa deng? — Matnazar tizzasidagi Mardonni sekin pastga tushirib Botir doʻkondorga yer ostidan razm soldi. Yoshi ellikdan oʻtsa-da, sochiga birorta oq oralamagan, ikki yuzi qip—qizil bu erkak dasturxondagi oʻzi olib kelgan pista-bodomlarni chaqib, chamasi, kuyovidan tayinli javob kutardi.

— Xoʻsh, qarzim qancha ekan? — soʻradi Matnazar.

— Ikki yuz ming soʻm, xolos, ota oʻgʻil. Dunyoning pulimas. Avtobusingizni sal tezroq yugurtirsangiz, bemalol topasiz.

— Bularni boqish-chi, dada? — Hamida oʻtirgan xonaga ishora qildi Matnazar. — Uyda faqat men ishlayotgan boʻlsam.

— Nima?! Ie, siz ishlamay, nogiron qizim ishlasinmi? Ishlaysiz! Xotinni erkak kishi boqadi-da!

— Yaxshi, — gapni kalta qildi Matnazar. — Qarzim bor ekan, toʻlayman! Xotirjam boʻling!

— Mana bu boshqa gap, kuyov! — kulimsirab oʻrnidan qoʻzgʻaldi Botir doʻkondor. — Aytishadi-ku, hisobli doʻst ayrilmas deb! Hali nima boʻpti? Nevaramning beshik toʻyi ham mening boʻynimda turibdi.

— Beshik toʻyidan xavotir olmang! Avtobusimning tagidan shamol oʻtib tursa, oʻzim amallayman.

— Shunaqami? Mayli, koʻramiz, qanday beshik toʻyi qilib berarkansiz? Vey, oʻsha shalogʻi chiqqan avtobusning ketidan chopaversangiz, aytib qoʻyay, hech qachon biringiz ikki boʻlmaydi. Kallani ishlatish kerak, kallani!

Matnazar Hamidaning kamchiliklarini shartta-shartta aytib tashlagisi keldi-yu, oʻzini bosdi. Janjal kuchayib ketishini oʻylab, bosiqlik bilan qaynotasini kuzatib qoʻydi.

* * *

Botir doʻkondor ketishga shoshilmadi. Kuyov orqaga qaytib uyiga kirdimi-yoʻqmi, orqasiga qarab olarkan, darvozadan chiqiboq Hamidaning qulogʻiga shivirladi:

— Qizim, sening xabaring yoʻq. Lekin men eringga bir gapni aytib qoʻydim.

— Nimani? — hayron boʻlib soʻradi Hamida.

— Qarzlarni uzishni oʻyla, deb aytdim.

— Nima? Dada, qanaqa qarz?

— Toʻyni kim qilib berdi, qizim? Dadangning jaraq-jaraq pullari ketmadimi? Toʻgʻri, sen qizimsan. Sening tinchingni oʻylaymiz, onang ikkovimiz ham. Lekin oʻsha pullar doʻkonnikiydi.

— Qoʻying-e, dada, odam oʻz qizigayam qarzga pul beradimi?

Botir doʻkondor kulib qoʻydi:

— Ochigʻini aytsam, oʻsha pullarni ering topib qoʻlimga topshirishiga koʻzim yetmaydi. Koʻrib turibman, chorigʻini zoʻrgʻa sudrayapti. Shu ahvolda senlarni qanday boqyapti, hayronman. Lekin bu gapimdan keyin sal hushyor tortadi. Ha, endi ishlasin, kuyib-pishib pul topishni oʻrgansin-da! Qolaversa, seni boʻlar-boʻlmasga tergab janjal koʻtarmaydigan boʻladi.

Hamida norozilangan koʻyi teskari qaradi.

— Boʻlmasa, mening pensiyamni ola qoling har oyda. Nima qilasiz, bizni qiynab?

— Ie, oʻzgarib qolibsanmi, qizim? Ilgari mening tarafimni olarding. Ha-ya, endi uying boshqa-da! Pensiyangni nima qilaman? Boshimga uramanmi?.

Hamida keskin orqasiga oʻgirildi-da, xayr-maʼzurni ham unutib ichkariga kirib ketdi.

* * *

— Hoy, onasi, choy opkel! — Botir doʻkondor hovliga kirar-kirmas, xotini Marjon xolaga baqirdi. — Qayerdasan oʻzi?

— Buyoqdaman! Hozir olib chiqyapman, — Marjon xola oshxonadan qoʻlida choynak bilan chiqdi-da, shosha-pisha soʻriga dasturxon yozdi. — Qayerda yuribsiz, dadasi? Birortasinikida osh bormidi?

— Yoʻq, qizingnikiga borgandim.

— Hamidanikigami?

— Ha, bir-ikkita koʻylakcha tashlab keldim.

— Ishqilib boshi omon boʻlsin nevaramning, — uf tortdi Marjon xola. — Hamidamning shuncha siqilganlari kammidi? Qiziyam oʻziga oʻxshab…

— Ovozingni oʻchir! — jerkib berdi Botir doʻkondor. — Hammasi Xudodan. Peshanaga yozilganini koʻradi odam bolasi. Nolishing nimasi?

— Nima qilay? Bolamga achinaman-da! Achchiq toʻlgʻoq yeb tuqqanman, axir!

— Boʻpti, endi eshit. Men kuyovingning koʻzini sal ochib qoʻydim.

— Voy, kuyovga nima qipti?

— Ishonasanmi, dasturxonining ustida qotgan-qutgan nondan boʻlak hech vaqo yoʻq. Qizimga achinib ketdim.

— Nima dedingiz kuyovga?

— Qarzlarni uzib qoʻy, dedim.

— Voy, qanaqa qarz, dadasi?

— Qanaqa qarz boʻlardi? Toʻyga sarf qilgan jaraq-jaraq pullarni aytyapman.

— Axir,u shoʻrlik qanday uzadi? Qizimizni qisdi-qafasga olsa, taʼna qilsa nima boʻladi?

— Oʻsha-ya?! — oʻrnidan turib ketdi Botir doʻkondor. — Oʻzini eplasin. Qachon qarasa, ukasini qoʻltigʻiga qisib avtobusiga chopgani-chopgan. Qani endi oʻsha almisoqdan qolgan avtobus kosasini oqartirsa!

— Ana, shuni bilarkansiz, nega gapirasiz qarz haqida? Endi Hamidam siqilaverib adoyi tamom boʻladi.

— Jin urmaydi qizingga. Hali qarab turasan. Men oʻsha soʻtakning avtobusiniyam oldirib qoʻyaman. Ana undan keyin oyogʻi kuygan tovuqday oldimga yugurgilab kelib ish soʻraydi. Ishlagandan keyin yurakdan ishlasin-da!

— Ha-a, gap buyoqda, deng? Hoy, dadasi, Matnazarning qaysarligini bilasiz-ku! Kelmaydi u bosh egib!

— Kelmay boʻpti. Mulla mingan eshakday qilib qoʻyaman hali.

— Ishqilib uyi notinch boʻlmasin! Ana shunisidan qoʻrqaman.

— Qoʻrqma, men tirik ekanman, Hamidaning uyi notinch boʻlmaydi. Men bir ish qilsam, obdon oʻylab qilaman. Qani, choydan quy!

* * *

— Ha, oʻrtoq, namuncha suvga tushgan mushukday shumshayib qopsan? —Mardonni yetaklagancha uyi tomon kelayotgan Matnazarni koʻcha boshida sinfdosh doʻsti Qoʻchqor toʻxtatdi. — Nima boʻldi?

— E, oʻrtoq, — dedi Matnazar Qoʻchqorning yelkasiga qoʻl tashlab. — Ishdan haydaldim.

— Haydaldim? Nimaga?

— Bilmadim. Bugun toʻsatdan boshliq yoniga chaqirib, avtobusni olib qoʻydi.

Qoʻchqor u yoq-bu yoqqa oʻgʻrincha qarab oldi-da, sekin Matnazarning qulogʻiga pichirladi:

— Buni qaynotang uyushtirgan. Xotinim gap topib keldi. Qaynotang hovlida oʻtirib qaynonangga, “shu kuyovni mulla mingan eshakday qildirib qoʻyaman. Avtobusini oldirib qoʻysam, oldimga bosh egib. keladi, mening doʻkonimda hammol boʻlib ishlaydi”, deb aytganmish…

— Yoʻgʻ-e, — ishonqiramay Qoʻchqorga qattiqroq tikildi Matnazar.

— Ie, men osmondan olarmidim? Shu yoʻl bilan qarzidan ham qutulib ketadi debdi.

— Shunaqa degin? — qoʻllarini musht qildi Matnazar. — Demak, meni egib olmoqchi ekan-da, oʻsha qari tulki! Yaxshi. Vey, Qoʻchqor, hozir qayerga ketyapsan?

— Doʻkonga, nimaydi?

— Bir ichmaymizmi?

— Sen-a? Ichmasding-ku!

— Bugun bir ichgim keldi-da, yur!

— Mayli, sening gapingni qaytarib boʻlarmidi? Ketdik!

* * *

Vaqt shomga yaqinlab qolgandi. Matnazar darvozani oyogʻi bilan tepib ichkariga kirdi-da, ovozining boricha baqirdi:

— Hoy, pastkashning qizi, qayerdasan?!

Hamida shu tobda chaqalogʻini yoʻrgaklab endigina hovliga chiqmoqchi boʻlib turgan ekan. Mardonning qoʻlidan tutgancha chayqalib turgan erini koʻrib hayron boʻldi:

— Ha, sizga nima boʻldi? Ichibsizmi?

— Sen hoziroq yoʻqol uyimdan! — deya qoʻli bilan koʻchani koʻrsatdi Matnazar. — Bugundan boshlab menga xotin emassan! Qizingniyam olgin-u, uyni boʻshat!

— Sizga nima boʻldi? Men nima yomonlik qildim sizga?

— Buni otangdan soʻraysan, tushundingmi? Bor, dedim! Hozir sen choʻloqni bir balo qip qoʻymasimdan uyni boʻshat!

— Choʻloq?

Hamida bu gapni eshitib beixtiyor yigʻlab yubordi:

— Endi… Choʻloqqa chiqdimmi? Yuzimga solyapsizmi?

U ortiq hech nima deyolmadi. Har galgidek gavdasini ikki tomonga tashlay-tashlay, darvoza tomon yoʻl oldi.

Lekin tashqariga chiqishdan avval yana toʻxtab, hovlida qotib turgan Matnazarga yuzlandi.

— Hali pushaymon boʻlasiz! Dadam kuningizni koʻrsatib qoʻyadi!.. Hezalak!

Oradan besh-oʻn daqiqa oʻtib, Matnazar ukasini mahkam bagʻriga bosgancha qabristonga yoʻl oldi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (2-qism)