
. Fransiya oziq-ovqat xavfsizligi agentligi tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, metall qopqoqli shisha idishlarda saqlanadigan ichimliklar kutilmagan tarzda inson salomatligi uchun xavfli mikroplastik manbasi ekani ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotda pivo, suv, vino va gazli ichimliklar tarkibidagi mikroplastik miqdori o‘rganilgan va har bir namunada ushbu moddalar aniqlangan. Aynan shisha idishlardagi ichimliklarda bu ko‘rsatkich eng yuqori bo‘lgan.
. Fransiya oziq-ovqat, ekologiya va mehnat xavfsizligi agentligi olimlarining ta’kidlashicha, shisha idishlar uchun ishlatiladigan metal qopqoqlarning tashqi qismlariga surtiladigan poliester asosidagi bo‘yoq mikroplastikning asosiy manbasi hisoblanadi. Bu bo‘yoq metal qopqoqlarga ishlab chiqarish jarayonida surtiladi va qopqoqlar ommaviy ravishda qadoqlanganidan so‘ng, bir-biriga ishqalanib, bo‘yoqdan mikroplastik zarrachalar ajralib chiqadi. Ichimlikka qopqoq o‘rnatilganda, shu kichik bo‘yoq zarrachalari ichimlik tarkibiga o‘tadi.
. Tadqiqot muallifi Aleksandr Deo‘ning ta’kidlashicha, aniqlangan mikroplastik zarrachalar qopqoq rangi va bo‘yoq tarkibi bilan bir xil bo‘lgan. Odatda mikroplastiklar — bu mayda plastik bo‘laklari bo‘lib, ular ishlab chiqarish jarayonida yoki katta plastik mahsulotlarning parchalanishi natijasida hosil bo‘ladi. Ular tarkibida 16 000 dan ortiq turli kimyoviy modda, jumladan, BPA, ftalat va PFAS kabi inson sog‘lig‘iga xavfli birikmalar mavjud bo‘lishi mumkin.
. Mikroplastiklar inson organizmida ham topilgan, ular asab tizimiga zarar yetkazishi va tana to‘siqlaridan o‘tib keta olishi aniqlangan. Ba’zilarining yurak xurujlari, saraton va boshqa kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Olimlar ta’kidlashicha, ovqatlanish mikroplastik bilan zaharlanishning asosiy yo‘li hisoblanadi. Chunki so‘nggi yillarda ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar tarkibida mikroplastiklar muntazam aniqlanmoqda.
. Fransuz mutaxassislari suv, shisha, metal idishlarda saqlangan ichimliklarni o‘rganib chiqdilar. Ularning barchasida mikroplastiklar topilgan bo‘lsa-da, aynan shisha idishlarda bu ko‘rsatkich boshqalarga nisbatan 50 baravar yuqori bo‘lgan. Bunga shisha idishlarning metal qopqoqlari va ularga surtiladigan maxsus bo‘yoq sabab bo‘lgani aniqlandi. Plastik qopqoqlarda esa bunday bo‘yoq ishlatilmagan.
. Mikroplastik zarrachalarida qopqoq bo‘yoqi tarkibi va rangi aniqlangani olimlarni masalaga jiddiy e’tibor qaratishga undadi. Mikroskop orqali qopqoqlar tekshirilganda, ularda mayda tirnalishlar va chiziqlar borligi ma’lum bo‘ldi. Shu tirnalishlar natijasida bo‘yoq zarrachalari ichimlikka tushadi.
. Mutaxassislar bu muammoni hal etish yo‘lini ham topishgan: ishlab chiqarishda metal qopqoqlarni yuvib, keyin quritish orqali mikroplastikni kamaytirish mumkin. Biroq bu laboratoriyada yaxshi natija bergan bo‘lsa-da, sanoat miqyosida amalga oshirishda muammolar bo‘lishi mumkin.
. Shuningdek, ayrim mikroplastiklar bo‘yoqdan emas, balki ishlab chiqarish jarayonidagi boshqa bosqich yoki mahsulotdagi suv orqali ham paydo bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Mikroplastiklarning aniq salomatlikka ta’siri to‘liq o‘rganilmagani sababli, iste’molchilarga asosiy tavsiya — metal qopqoqli ichimliklardan voz kechishdir.
. Aleksandr Deo iste’molchilar bu muammoni uyda bartaraf etishi qiyinligini ta’kidladi, chunki mikroplastiklar allaqachon ichimlikka tushib bo‘lgan bo‘ladi. Olimlar nazorat va tekshiruvlarni ishlab chiqarish jarayonining o‘zida kuchaytirish kerakligini ta’kidlashmoqda. Shunga qaramay, mutaxassislar aholini asossiz xavotirga tushmaslikka, ilmiy asoslangan yechimlarni kutishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing